Soliha – salohiyat sohibasi

Mamlakatimiz poytaxti – Toshkentning havosi musaffo, orombaxsh, rohatijon. Ta’bir joiz bo‘lsa, yurtimizning yuragi Toshkentda O‘zbekistonimizning hayratomuz mo‘jizalari mujassamlashgan. Bepoyon moviy osmon tiniqligida bulutlar bilan quchoqlashgan purviqor tog‘lar yaqqol ko‘zga tashlanib, dillarni yayratadi. To‘lin oy bilan chiroy talashgan huzurbaxsh gullar so‘lim oromgohlarga, xiyobonlarga, ko‘chalarga go‘zallik baxsh etib turadi. Baland-baland binolar, kishilarning uzog‘ini yaqin qilayotgan aylanma ko‘priklar, turli ishlab chiqarish korxonalarining barpo etilayotgani xalqimizning mehnatsevarligi, jonajon Vatanimizdagi tinchlik va osoyishtalik samarasi, baxt va farovonlik timsolidir.

Soliha Nigmatova ana shu so‘limliklar qo‘ynida o‘sib ulg‘aygan Toshkentning qizi. Mehnatlari, sa’y-harakatlariga qarab uni mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy faoliyatiga munosib hissa qo‘shayotgan yurtimizning barkamol va aziz farzandi, degim keladi. Bu ayolning ismi jismiga monand. Nihoyatda izlanuvchan, tashabbuskor va salohiyatli ayol.

Mamlakatimizda farzandlarimizni sog‘lom va barkamol qilib voyaga yetkazish davlat ahamiyatiga molik masalalardan biri sifatida belgilangan. Bu borada ko‘plab tashkilotlar qatori yakka tartibdagi tadbirkorlar ham samarali faoliyat olib borishmoqda. Ular orasida Soliha Nigmatovaning izlanishlari, sa’y-harakatlarini ham alohida e’tirof etish joiz.

– Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng yurtimizda misli ko‘rilmagan islohotlar amalga oshirildi, – deydi tadbirkor. – Eng muhimi, bu ezgu g‘oyalar zamirida inson, uning manfaatlari ustuvor qo‘yilganidir. Istiqlolning ilk yillaridanoq kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka e’tibor berilib, aholining shaxsiy daromadlarini oshirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Biz tanlagan yo‘l naqadar to‘g‘ri ekanini bugun xalqimiz turmush-tarzining yuksalgani, kishilar to‘q va farovon yashayotganidan ham anglash mumkin. “Iffatli kelin” o‘quv markazini ochishimizdan maqsad ham qizlarimizni oilaga tayyorlash, ularni hunarli qilish, shuning ortidan turmush-tarzini yuksaltirishga hissamizni qo‘shish edi. Uch kishi bilan ish boshlagan korxonamiz o‘tgan o‘n ikki yilda yetmish besh kishiga ko‘paydi.

“Iffatli kelin” o‘quv markazi joylashgan binoni kezar ekansiz, devorlarga ilingan amaliy san’at namunalarini ko‘zdan kechirib, go‘yo ko‘rgazmaga kirib qolgandek bo‘lasiz.

Solihaxon boshliq o‘quv markazida amaliy san’atning qadimiy an’anasi kashtachilik, to‘quvchilik, biserli munchoq, tikish-bichish kurslari yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kun talabidan kelib chiqib zamonaviy pardalar tikish, erkaklar va ayollar shimi, astarli kostyumlar, to‘y liboslari, hatto sarpo qutilari tayyorlash kurslari mavjud. Bu yerdagi ustozu shogirdlar tikkan yostiq va divan ustiga yopgich, bezaklar berib tikilgan choyshablar juda xaridorgir. Keyingi yillarda ular milliy va zamonaviy adras-atlas matodan turli xil kiyim-kechaklar tikishni ham o‘zlashtirib olishdi. Bu yerda ustozu shogirdlar hamkorligida tayyorlanayotgan mahsulotlar bozorga olib chiqib o‘tirilmaydi. Mahsulotlarning go‘zalligi, sifatliligi tufayli xaridorning o‘zi izlab keladi.

Yana o‘qing:  TIBBIYOT VA ISLOHOT: huquqiy asoslar mustahkamlanmoqda

Ikkinchi yo‘nalishi – milliy hamda boshqa millatlarning pazandalik sirlarini o‘rgatishdir. Bu bora-da ham yettita kurs yoshlarga ta’lim-tarbiya beryapti.

Uchinchi yo‘nalishda ”Yosh onalar maktabi”, kosmetologiya, oyoq va qo‘l tirnoqlarini asrash-avaylash, sochlarni parvarishlash va jilo berish kabi kurslar ishlab turibdi. Shuningdek, kompyuterni boshqarish borasida va uning turli yo‘nalishlarida ta’lim yo‘lga qo‘yilgan.

Yoshlarni oilaga psixologik ya’ni kelinlikka tayyorlash ta’limi hamda qaynonalik mahorati psixologiyasi kursi ham samarali ishlab turibdi. Bu oilalarni mustahkamlashga, xonadonlardagi muhitni yaxshilashga munosib hissa qo‘shayotir.

Xullas, 2000 yilda uch yo‘nalishda ish boshlagan “Iffatli kelin” o‘quv markazida bugungi kunda 38 xil hunarga yo‘naltirilgan kurslar faoliyat yuritmoqda. Markazning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Jizzax viloyatlarida, jumladan, Surxondaryoning Denov, Samarqandning Kattaqo‘rg‘on tumanlaridagi filiallarida ham ko‘pgina qizlar milliy hunarmandchilik, pazandalik sirlarini mustahkam egallamoqda.

– Biz uchun xalqimiz, Vatanimiz manfaatidan ulug‘ maqsad yo‘q, – deydi Soliha. – Bizning markazimizda kam ta’minlangan oilalar a’zolari, nogironlar o‘quv markazimiz hisobidan o‘qitiladi. Korxonamiz joylashgan Chilonzor tumanidagi “Dombirobod” mahallasiga bayramlar va tadbirlar o‘tkazishda ko‘maklashib turamiz.

Salohiyatli rahbarning bu mehnatlarini hukumatimiz ham munosib baholamoqda. Bu yil O‘zbekiston Respublikasi xotin-qizlar qo‘mitasi uni Faxriy yorliq bilan taqdirlagani fikrimiz tasdig‘idir. Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, “Kamolot“ yoshlar ijtimoiy harakati hamda xalqaro tashkilotlar bilan birga o‘tkazilayotgan “Ta’lim va mutaxassislik” nomli xalqaro ko‘rgazmada o‘quv markazi to‘rt yildan buyon birinchi o‘rinni egallab keladi. Bunda, albatta, muassasa xodimlarining hissasi katta. Ular qizlarni nafaqat hunarli qilishyapti, balki tadbirkorlikka ham yo‘naltirib kelishayotir. Darhaqiqat, Solihaxon yetakchilik qilayotgan markazda hunar egallagan ayollarning ko‘pchiligi xususiy korxona ochib, oilaviy biznesini yo‘lga qo‘yishdi.

U 2005 yili Toshkentda Italiya mutaxassislari bilan birga o‘tkazilgan ”Samarali tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish” nomli haftalik seminarda malakasini oshirdi. Shuningdek, Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi va “Tadbirkor ayol” uyushmasi tashkil qilgan ko‘plab seminarlarda o‘z malakasini oshirdi va jahon tajribalarini ham o‘rgandi. Samara esa kutilgan natijani berdi.

Ra’no ZARIPOVA,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: