O‘smirlik davrida miya chayqalishi asab tizimiga ta’sir qiladi
Sietl bolalar shifoxonasi pediatori Sara Krismanning ta’kidlashicha miya chayqalishini boshdan kechirgan o‘smirlarni depressiya belgilariga qarab tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish zarur. Zero, miya chayqalishi yengil bosh miya jarohati hisoblansa-da, u keyinchalik og‘ir ruhiy holatni keltirib chiqarishi mumkin. Shu vaqtgacha ushbu yo‘nalishda olib borilgan tadqiqotlar asosan katta yoshdagilar o‘rtasida o‘tkazilgan edi.
Bu safargi tajribalar 12 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 36 000 nafar o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazildi. Olib borilgan tekshiruvlar natijasida ularning 2,7 foizida miyaning chayqalib lat yeyishi, 3,4 foizida ruhiy zo‘riqish (depressiya) kuzatildi.
Krismanning aytishicha, doimiy oilaviy janjallar va ijtimoiy muammolar girdobida bo‘lgan o‘smirlarda depressiyaga moyillik yuqori bo‘lgan.
Shunday bo‘lsada, shifokorlar o‘smirlarda ruhiy holatning buzilishiga asosiy sabab turli jarohatlar tufayli miya chayqalishidir, deyishga unchalik ham shoshilmayaptilar. Chunki miya chayqalishidan keyingi davolash jarayonida shifokorlar tomonidan noto‘g‘ri tashxis qo‘yilishi va davolashga noto‘g‘ri yondashish natijasida ham miyaga shikast yetishi mumkin.
Kaliforniya universiteti o‘smirlar va bolalar asab kasalliklari shifokori Jeffri Maksning ta’kidlashicha olib borilgan tadqiqotlar 10 foiz bolalarda miya chayqalishi jarohatidan so‘ng sezilarli asoratlar faqat jarohatdan 6 oy o‘tgachgina o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Bunday holatda miya chayqalishini boshidan o‘tkazgan bolalar be’etibor va sust bo‘lib qolishadi. Ular o‘z his tuyg‘ulari, ayniqsa, g‘azablarini jilovlashda qiynalishadi.