O‘g‘il bola

– Samandar! Hey Samandar! Ko‘cha tomondan kimdir baland ovozda chaqirardi. Oshxonada onasining yonida kuymalanib yurgan bola o‘zining ismini eshitib, qulog‘i ding bo‘ldi. Beixtiyor onasiga qaradi. Hadicha opa ham sergak tortdi. – Chiqib qara-chi, kim chaqiryapti? – dedi u o‘g‘liga. Samandar ko‘cha tomonga chopib ketdi. Darvoza oldida ulardan besh-olti hovli narida yashaydigan Karim aka turardi.

– Assalomu alaykum, keling, amaki, – dedi u. – Uyga kiring…

– Va alaykum assalom. Rahmat, o‘g‘lim. Qo‘shnilarni to‘yga aytib yurgandim, ertaga ertalab biznikiga nahorgi oshga boring, otangizning o‘rni bilinmasin. Xo‘pmi, bo‘tam?!

O‘g‘lining ortidan darvozaxonaga kelgan Hadicha opa qo‘shnisining so‘zlarini jimgina eshitib turardi. Karim aka juvonni ko‘rib, u bilan salomlashdi.

– Yaxshi yuribsizmi, kelin? Samandarjonni to‘yga aytgani keldim, albatta, yuboring. Ot o‘rnini toy bossin endi.

Hadicha opa “xo‘p” ishorasini qildi-yu, o‘pkasi to‘ldi. Yig‘lab yuborishdan o‘zini zo‘rg‘a tutib, ortiga burildi. Ammo baribir ko‘zidan yosh quyilib kelaverdi. Unga hozir bitta gap kamlik qiladi, ikkita gap ortiqchalik, yig‘lagani-yig‘lagan. Besh oydan buyon ko‘ngliga chiroq yoqsa yorishmaydi. Erining o‘limi yurak-bag‘rini ado qildi, oilaning ustuni to‘satdan yuragini changallab jon berdi, do‘xtir ham vaqtida yetib kelolmadi. O‘shandan beri Hadicha opaning yegani zahar, sal gapga yig‘laydi, ko‘z yoshidan bolalari ham bezib qoldi. Ikki qizi-ku hali kichkina, ko‘p narsaning farqiga bormaydi, biroq Samandari ancha hushyor, onasi yig‘lasa, qanday ovutishni bilmay esi ketadi, noiloj o‘zi ham yig‘lay boshlaydi. Juda ezilib ketdi bola faqir.

Samandar o‘zining to‘yga aytilganidan hayron. Odatda katta odamlarni to‘yga aytishadi, u hali kichkina bola bo‘lsa. Endigina sakkiz yoshga kirdi, sentyabr kelsa ikkinchi sinfga boradi. Samandar xayol surib, onasining ortidan oshxonaga bordi.

– Aya, Karim amaki meni to‘yga aytdilarmi?

– Ha, seni aytdilar, bolam, – dedi onasi.

– Men to‘ydan osh olib kelamanmi? Tovoqcha berasizmi?

– Yo‘q, seni oshga emas, to‘yga aytib ketdilar.

– Men hali yosh bolaman-ku.

– To‘g‘ri, sen yosh bolasan, lekin hovlimizning kattasi – erkagisan. Shuning uchun ham seni to‘yga aytdilar. Bundan keyin yanayam odobli, aqlli bola, otangga munosib o‘g‘il bo‘l. Otangni mahallada hamma yaxshi ko‘rardi, to‘ylar u kishisiz o‘tmasdi. Otang tilla odam edi…

Yana o‘qing:  Foydadan ko‘ra zarari ko‘proq

Hadicha opa har qancha urinmasin, yig‘lab yubordi. Samandar xomush tortib qoldi. Onasining pinjiga tiqilib, qo‘llari bilan uning ko‘z yoshlarini artdi. Nihoyat onasi tinchidi. Samandarning ko‘ngli joyiga tushib, yana savol berdi:

– Ertaga to‘yga boramanmi, aya?

– Albatta, borasan. Aytilgan joyga boradilar, yo‘qsa, hurmatsizlik bo‘ladi. O‘zim seni chiroyli kiyintirib, “fason” qilib qo‘yaman. Odamlar: “Qarang-a, Abdug‘affor akaning o‘g‘li katta yigit bo‘lib qolibdi. Buncha chiroyli bo‘lmasa, kiyimlari biram yarashibdiki, odobini aytmaysizmi?”, deyishsin. Xo‘pmi?

– Xo‘p, aya.

Samandar yana nimanidir so‘ramoqchi bo‘lib onasiga tikildi, Hadicha opa buni sezib, kutib turdi.

– Aya, Karim amaki meni sizlab gapirdilarmi?..

– Ha. Bu hurmat-da, bolam. Senga va dadangga hurmat…

Samandarni o‘rtoqlari chaqirib qolib, ona-bolaning suhbati bo‘lindi, u ko‘chaga chiqib ketdi. Biroq fikru zikri ertangi to‘yda edi. Kechki ovqat payti ham, ovqatdan keyin ham faqat shu haqda o‘yladi. Hatto kechqurun uyqusi qochib ketib, allamahalda onasiga yana so‘z qotdi:

– Aya, hali uxlaganingiz yo‘qmi?

– Yo‘q, nima edi?

– To‘yga Begali o‘rtog‘im bilan borsammikin, deb turibman. Siz nima deysiz?

Hadicha opa o‘g‘li bugungi taklifdan o‘zini boshqacha his etayotganini sezgandi, ko‘rdiki, hali ham uxlamay, xayol surib yotibdi.

– Menimcha, o‘zing borganing durust. To‘yga Begali emas, dadasi aytilgan. Begali bilan borsang, Karim amaking: “O‘zini aytgandim, o‘rtog‘ini yetaklab kelibdi”, deyishlari mumkin.

– Unda o‘zim boraman…

Samandar qachon uxlab qolganini bilmaydi. Ertalab uyg‘onib qarasa, onasi joyida yo‘q, ikki singlisi pishillab uxlayapti. Samandar o‘rnidan turib, yuz-qo‘llarini yuvdi, qarasa, onasi ko‘cha supurayotgan ekan.

– Ko‘chamizda to‘y bo‘layapti, darvozaning oldidan qanchadan-qancha kishi o‘tadi, supurib-sidirib qo‘ysak yaxshi-da, – dedi Hadicha opa o‘g‘lini ko‘rib.

Samandar bekor turishni istamadi, kichkina chelakchada suv tashib, supurilgan joyga sepib kelaverdi. Bir zumda ko‘chaga fayz kirdi. So‘ng ona-bola uyga kirdilar. Hadicha opa Samandarning egniga maktabga kiyadi deb olgan yangi kostyum-shimini, boshiga do‘ppisini kiydirdi.

– Mana, haqiqiy yigit bo‘lding, – dedi o‘g‘liga faxr bilan tikilib. – Seni ko‘rib tanimay qolishmasa deb qo‘rqaman… Boraqol, bolam. Boraqol. Qara, qanaqa chiroyli qo‘shiq eshitilayapti. Nasib etsa, sen katta bo‘lib uylanganingda ham ana shunaqa hofizlarni olib kelamiz.

Yana o‘qing:  O‘smirlik davrida miya chayqalishi asab tizimiga ta’sir qiladi

– Ey, aya!..

Samandar uyalib ketdi. Onasining quchog‘idan chiqib, ko‘chaga otildi. Odamlar oqimiga qo‘shilib, to‘yxona tomon yurarkan yaqinlashgani sayin hayajon bosdi. Katta-katta kishilar orasida yurish unga erish tuyuldi. Ko‘chada birorta bola ko‘rinmaydi, onasi rozi bo‘lganida Begali bilan kelar, ikki o‘rtoq bemalol kirib ketishardi. Endi qandoq kiradi?

U sekin ortda qolib, yo‘l chetidagi tut panasiga o‘tdi-da, odamlarni kuzata boshladi. Guruh-guruh to‘ydan chiqib kelishayapti, guruh-guruh kirib borishayapti. Samandar birpas qarab turgach, o‘ziga o‘zi ahd qildi: “Nima bo‘lsa bo‘ldi, axir meni to‘yga Karim akaning o‘zlari aytdilar, bormasam hurmatsizlik bo‘ladi. Onam ham aytilgan joyga borish kerak, dedilar”.

Samandar tutning panasidan chiqib, to‘yxonaga yaqinlashdi. Shinam kiyinib olib, katta kishilarday to‘yga kelayotgan bolaga birinchi bo‘lib Karim akaning ko‘zi tushdi. Beixtiyor o‘rnidan turib ketdi.

– Keling, keling, Samandarbek. Ichkariga kiring.

Karim akani ko‘rib “xush kelibsiz”ga turgan boshqalar ham o‘rinlaridan turishdi. Ular ilk bor yosh bolada o‘ziga xos salobatni ko‘rishdi. Bu salobat ularga ta’sir qildi. Samandar kirib ketguniga qadar tavoze bilan turishdi. Hammaning nazarida Samandarning otasi Abdug‘affor aka tirilib kelganday tuyuldi.

Samandar qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, salom berdi va ichkariga kirdi. Mehmonlar orasidan bir ko‘rinib, bir ko‘rinmay tartib bilan terilgan stol-stullar tomon o‘ta boshladi. Shu payt nimadir oyog‘ini chimchilab olganday bo‘ldi. U cho‘chib tushdi. Bir zum nima gapligini tushunmay gangib qoldi. So‘ng ko‘zi Karim akaning yon qo‘shnisi Amin cho‘loqqa tushdi. U xipchin ko‘tarib yonida turardi. Samandar unga ajablanib qaradi.

– Sen, zumrasha, kattalar orasida nima qilib yuribsan? Ertalabdan buyon eshikdan quvlasam teshikdan kirib kelasanlar. Oyoq ostida o‘ralashganlaring-o‘ralashgan. Bor, uyingga ket!

Samandarga yeru osmon bir bo‘lib, boshi aylanib ketdi.

– Amaki, amaki, men… Haligi oshga emas, to‘yga kelganman… Meni Karim amakimning o‘zlari taklif qilganlar… Men…

Amin cho‘loq uning so‘zlariga quloq ham solmadi. Odamlar orasidan turtib-turtib darvoza tomonga haydadi. Samandar uyat va alamdan yer yorilsa, kirib ketgisi keldi. Miyasida: “Darvozadan qanday chiqib ketaman?” degan fikr mahkam o‘rnashib oldi. Amin cho‘loq esa uning fikri bilan ishi yo‘q, turtib borardi.

Yana o‘qing:  Sharafli yo‘l ehtiyoji

Samandarning ko‘zlari yoshga to‘ldi. Darvozaga yaqinlashganida yerga qarab, boshini xam qilib oldi. Nigohi biror-bir nigoh bilan to‘qnashishini istamadi. Ammo Karim aka uni ko‘rib qoldi. Hozirgina to‘yxonaga kirib ketgan bolaning zum o‘tmay, qaytib chiqishi unga shubhali tuyuldi.

– Samandar! Samandar! Nega ketayapsiz? Nima bo‘ldi?

Samandar boshini ko‘tarmadi. Bir so‘z demadi. Indamasdan darvozadan chiqib ketdi. Karim akaning ko‘zi qo‘liga xipchin ko‘tarib olgan Amin cho‘loqqa tushdi-yu, gap nimadaligini angladi.

– Yugur, Rajabali! Yugur! Samandarni qaytar!

U yonidagi yigitga buyurdi. Rajabali yugurdi. Biroq to‘yxonadan chiqib olgan Samandar o‘qday uchib borardi. Unga yetib bo‘lmasdi.

Rajabali noiloj ortga qaytdi. Samandar uyi tomonga emas, ko‘chaning narigi betidagi jarlik tomonga yelib ketdi. Jarlikka tushib, to‘g‘ri chashma bo‘yiga bordi. Bu joylar uning uchun qadrdon. Bolaligi shu yerlarda o‘tayapti. Do‘stlari bilan hali quvlashmachoq o‘ynaydi, hali bekinmachoq. Hozir esa yonida hech kim yo‘q. Tanho o‘zi. Qiziq. Bir lahzada kap-katta kishilar uning izzatini joyiga qo‘yib o‘stirib yuborishdi. Yana bir lahzada yer bilan bitta qilishdi. Shunday bo‘lishini bilganida to‘yxonaga qadamini ham bosmasdi.

Samandarning o‘pkasi to‘lib, yig‘lab yubordi. Anchagacha o‘ziga kelolmay, hiqillab turdi. So‘ng chashma suviga yuz-qo‘llarini yuvib, undagi baliqlarni tomosha qildi…

Samandar chashmaning bo‘yidan ketgisi kelmadi. Lekin onasi xavotirlanadi. Shu sababli sekin o‘rnidan turdi. Jarlikdan chiqib, uyi tomonga yo‘l oldi. Darvozasidan kirarkan, kayfiyatini ko‘tarib olish uchun jilmayib qo‘ydi. U shu ko‘rinishda onasiga ro‘para kelmoqchi edi. Peshayvonda onasi, singillari va qo‘shnisi Salima aya nonushta qilishayotgan ekan.

Samandarning ko‘zi dasturxon ustida bug‘i chiqib turgan bir tovoq palovga tushdi. Oshning yoqimli hidi dimog‘ini qitiqladi.

– Keldingmi, o‘g‘lim, – dedi uni ko‘rishi bilan Hadicha opa. – Karim akaning xotini Gulbahor opa juda farosatli ayol-da. Azadorligimni bilib, shundan shunga osh yuboribdi. Guruchidan go‘shti ko‘p, baraka topsin. Kel, o‘g‘lim, go‘shtidan yegin.

Samandar gap nimadaligini bir zumda angladi. Biroq onasiga sir boy bermadi. Og‘zidan so‘lagi oqayotgan bo‘lsa-da, uyga kirarkan:

– Aya, axir men to‘ydan kelyapman-ku, – dedi.

Karim akaning xonadonidan hanuz mumtoz navolar eshitilar, to‘y hali davom etardi…

Lola O‘roqova

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: