Muallim – kamolot ko‘zgusi

– Kitob o‘qiydigan qizni kelin qilaman, uning ma’naviyati yuksak, dunyoqarashi keng bo‘ladi. Bu birgina mening emas, ayni paytda barcha onalarning niyati bo‘lsa kerak, – deya xiyol jilmayib so‘zlayotgan Aziza Boymurodovaning fikrlarini tinglar ekanmiz, bir zum ko‘z o‘ngimizda mutolaaga berilib, kitobdagi qahramonlar olamiga sayohat qilayotgan parivash qizning gulgun chehrasi namoyon bo‘ldi. E’tibor bergan bo‘lsangiz u orasta, saranjom-sarishta. Uning beozor qalbi ezguliklar tarafdori. Oiladagi oqilona tarbiya bois, bir fazilatiga ming fazilat qo‘shilgan bo‘lsa, sevib o‘qiyotgan kitobidagi ijobiy qahramonlar sabab yana yuzlab hislatlarni qalbiga tugib bormoqda.

Aziza Boymurodova o‘n nafar farzand orasida kamolga yetgan. Olis Tasmachi qishlog‘ida joylashgan maktab kutubxonasi tinib-tinchimas qizning darsdan so‘ng eng sevimli oshiyoni bo‘lgani rost. Qachon qaramang, uning qo‘lida bir dasta kitob bo‘lib, ulardagi qahramonlarga o‘xshashni diliga joylab borardi. Maktabni tugallagach, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetiga o‘qishga qabul qilingan Azizaning niyati xuddi dadasi singari ijodkor, malakali o‘qituvchi bo‘lish edi.

Qizning qalbidagi tobora teranlashib borayotgan orzular bo‘y ko‘rsata boshladi. Kechagina maktab kutubxonasida bosh ko‘tarmay mutolaa qilayotgan Aziza Boymurodova endilikda Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 28-umumta’lim maktabiga rahbarlik qilmoqda. 2007-yilda to‘liq ta’mirdan chiqqan ta’lim maskanida “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni sohibasi Zamira Temirova, Mohidil Nomozova, Akmal Tursunov, Shahnoza Ismoilova, Nilufar Yo‘ldosheva singari jonkuyar ustozlarning sa’y-harakati bois ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar maktab nufuzini oshirmoqda. Ilm maskanida O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risidagi” Qonuni, hamda Kadrlar tayyorlash Milliy Dasturi asosida olib borilayotgan ishlarning samarasi yuqoriligi bois, maktab nafaqat tumanda, balki viloyatda ham yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda. Turli sport va fan to‘garaklari mashg‘ulotlariga qatnashib kelayotgan o‘quvchilar Barkamol avlod markazining maktab bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorligi bois, u yerdagi “Bichish-tikish”, “Pazandalik sirlari”, “Yosh samolyotsoz” kabi to‘garaklarning ham faol a’zolariga aylangan.

Ayniqsa, maktab jamoasi turli fanlar bo‘yicha o‘tkazilayotgan bellashuvlarda faol ishtirok etib kelayotgan 4-sinf o‘quvchisi Zulfizar Qo‘chqorova, Maftuna Mahmudova, 3-sinf o‘quvchisi Zarina Sharipova bilan haqli ravishda faxrlanishadi. Shuningdek, “O‘zbekiston” telekanalida o‘tkazilgan “O‘yla, izla, top” musobaqasining Respublika bosqichida maktab jamoasi I o‘rinni qo‘lga kiritgan. “Umid nihollari” Respublika sport musobaqasining hududiy bosqichida voleybol sport turi bo`yicha birinchi o‘rinni egallagan qizlar jamoasi ayni vaqtda ko‘plab sport musobaqalarida faol ishtirok etmoqda. O‘quvchilarning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada mustahkamlash borasida jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari Lutfullo Qurbonov, G‘olib Umarovning sa’y-harakatlari benihoya katta bo‘lmoqda.

Yana o‘qing:  Temurdan olamshumul natijalar

– Har bir inson bolalik xotiralari bilan yashaydi. O‘quvchilarning sevimli ustozi bo‘lishimga ko‘maklashgan maktab kutubxonasi hamon qadrli maskanim, bu yerga kirsam bolaligimga qaytganday bo‘laman. O‘quvchilarimizni ham shu qutlug‘ maskanga yetaklayveraman, – deydi Aziza Boymurodova.

Jamila HAYDAROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: