Yassi oyoqlik – bolaning jismoniy rivojlanishida jiddiy muammo
Bolalarda yassi oyoqlik jiddiy muammo hisoblanadi. Kichkintoylarda ushbu holatning tug‘ma ko‘rinishini besh yoshgacha aniqlash qiyinchilik tug‘dirganligi sababli shifokorlar profilaktika maqsadida bolalarning oyoq kiyimiga ortopedik moslamalarni solishni tavsiya etadilar. Bunday moslamalar bolaning o‘sayotgan oyog‘iini to‘g‘ri shakllanishiga yordam beradi va yassi oyoqlikning vujudga kelishining oldini oladi.
Yassi oyoqlik – bola oyog‘ining ko‘p uchraydigan deformatsiyasi (nuqsoni)dir. Bu xastalikni davolash bo‘yicha profilaktik muolajalar qanchalik tez boshlansa, shunchalik go‘dak oyoqlari to‘g‘ri rivojlanib o‘sadi.
Farzandingizda yassi oyoqlik mavjudligini qanday aniqlash mumkin? Bolani yalangoyoq yurgizing. U turli yo‘nalishlarda yurib ko‘rsin. Siz esa oyoqchalarining ichki qismiga e’tibor berib kuzating. Ular yerga deyarli tegmasligi kerak. Kamdan kam holatlarda yassi oyoqlik tug‘ma bo‘ladi. Odatda bola yura boshlasa nuqson ko‘zga tashlanadi.
Yassi oyoqlikni kompyuter podometriya (oyoq izlari surati) yordamida aniqlash mumkin. Ushbu usul yangi texnologiya bo‘lib joriy yilning boshidan Travmatologiya va ortopediya ilmiy tekshirish instituti klinikasida keng ko‘lamda qo‘llanib kelinmoqda.
Odatda sog‘lom oyoq ost qismining ichki tomoni, umumiy ost qismning 3/2 qismini tashkil etishi kerak. Yassi oyoqlikda esa ushbu ichki tomon yo‘q bo‘ladi, bo‘lsa ham juda kam qismni tashkil qiladi.
Bolalarda yassi oyoqlikning oldini olishni bola tug‘ilgan ilk kunlaridan boshlash lozim. Bunda bola oyoqlarining mushaklarini mustahkamlash zarur. Buning uchun uqalash, davolovchi gimnastika, maxsus muolajalardan foydalaniladi. Boldir va tovon mushaklarini uqalashni ota-onalarning o‘zlari bajarishi mumkin. Boldir mushaklarini barmoqlaringiz bilan uqalash yetarlidir. Bolaning tovon mushaklarini uqalash uchun birinchi barmog‘ing bilan bolaning tovonidan to oyoq barmoqlarigacha yurgizib chiqing. Bunday uqalashlarni kuniga 2 marotaba (ertalab va kechqurun), 10 daqiqadan bajarish zarur.
Bir yoshdan so‘ng bola yurishni boshlaganida davolovchi gimnastikani ko‘paytirish lozim. Bolaga oyoqlarining uchida yurishni, barmoqlarining uchida turgan holatda sakrashni, oyoqning tashqi qismida yurishni, tovonda yurishni, tovonlar yordamida qalam, tayoqcha aylantirishni o‘rgatish kerak.
Bola tovonining shakli bolaning gavdasi bilan bog‘liqdir. Yassi oyoqlik mavjud barcha bolalarda qomatning noto‘g‘ri shakllanishi kuzatiladi. Umuman olib qaraganda oyoq va qomatning bir biriga bog‘liqlik tarafini ko‘rmaysiz. Lekin ayni paytda yassi oyoqlik mavjud 60-70 foiz bolalarda umurtqaning qiyshayishi va gavdaning jiddiy muammolari kuzatilmoqda. Tovonning oz bo‘lsada to‘g‘ri shakllanmasligi mavjud bo‘lsa ham u bolaning jismoniy rivojlanishiga jiddiy ta’sirini o‘tkazishi mumkin. Yassi oyoqlik mavjud bolalar ko‘p tik tura olmaydilar. Ular tez toliqadilar, oyoq va sonlardagi og‘riqlar haqida shikoyat qiladilar.
Bolalarda yassi oyoqlikni quyidagi mashqlar yordamida davolash mumkin. Ushbu mashqlarni bola onaning kuzatuvi ostida bajarishi lozim. Kerakli mashqlarni bajarishda dastlab sizga shifokor yordam beradi.
O‘tirgan holatda tovonlarni birma bir bukish;
tovonlarni aylantirish;
arg‘imchoq mashqida bola oyoqlarida tik turib, avval u oyoqlarining uchlariga, so‘ng tovonlariga tayanadi;
oyoqlar uchida yurish;
erga gimnastik tayoqchani qo‘ying. Unda yurish juda foydalidir;
oyoq barmoqlarida turib, yarim o‘tirishni bajarish;
gimnastik tayoqchada o‘tirib-turish;
oyoq barmoqlarida chang‘i uchgandek harakatlanish;
kichkina koptokchani 1-3 daqiqa davomida oyoq barmoqlari bilan harakatlantirish;
oyoq barmoqlarida turib sakrash;
turli buyumlarni oyoq barmoqlari bilan ko‘tarish.
Shunday mashqlar ham borki, buning uchun maxsus moslamalar talab etilmaydi. Lekin ularning davolovchi samarasi nihoyatda kattadir. Buning uchun yoz kunlarida, bola imkon qadar yerda oyoq yalang yurishi zarur.
Mashqlarning barchasini bir mashg‘ulotda bajarib o‘tish shart emas. Mashq qilishni avval asta-sekin ko‘paytirib boring, 10-15 kun o‘tgandan so‘ng esa birma bir mashqlarni yana takrorlang.
3-4 daqiqadan so‘ng bolaga dam olishiga vaqt bering. Mashqlarning umumiy vaqti 15-20 daqiqani tashkil etishi kerak. Kuniga ikki marotaba mashqlarni bajarish istalgan natijani beradi. Bir — bir yarim oylardan so‘ng bolakay o‘zini yaxshi his eta boshlaydi.
Aziz ota-onalar! Farzandingiz sog‘lig‘iga barvaqt e’tibor bersangiz uning sog‘lom voyaga yetishiga imkon yaratasiz, unutmang!
Iftixor QODIROV,
tibbiyot fanlari nomzodi,
Travmatologiya va ortopediya ilmiy tekshirish instituti katta ilmiy xodimi