Keldim sanga yuz umid birla…
Dunyoda ulug‘ farzandlarga makon bo‘lishni orzu qilmagan yurtni, mutafakkir namoyandalari quchgan sharafdan sarbaland bo‘lmoqni istamaydigan xalqni topish mushkul. Ne tongki, taqdir xalqimizni bu toledan takror-takror bahramand etgan. Nafaqat turkiy ellar, balki butun dunyo xalqlari e’tiborini qozonib, nomini abadiyatga muhrlagan ajdodlarimiz ro‘yxati juda-juda salmoqdor. Shubhasiz, bu safda betakror so‘z san’atkori Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi va shaxsiyatining betimsol o‘rni bor.
Aslida ulug‘larning ulug‘ligini isbot etish uchun ular ijodiga mansub bir necha misra yoxud baytga e’tibor qaratishning o‘zi kifoya. Inchunin, Mirzo Bobur asarlari dastlab boshdan-oxir tushkun kayfiyat bilan sug‘orilgandek, dunyodan etak silkigan, o‘zini eldan ayro ko‘rmoqni afzal bilgan kishining ezgin izhorlaridek tasavvur paydo etadi. Mutafakkir ijodining shoh namunasi bo‘lmish “Yaxshilig‘” radifli g‘azal bu xulosaga uzil-kesil nuqta qo‘ygandek bo‘ladi:
Kim ko‘rubdur, ey ko‘ngul
ahli jahondin yaxshilig‘,
Kimki, ondin yaxshi yo‘q,
ko‘z tutma ondin yaxshilig‘!
Gar zamonni nafy qilsam,
ayb qilma, ey rafiq,
Ko‘rmadim hargiz, netoyin,
bu zamondin yaxshilig‘!
Bu misralarni o‘qiy turib, beixtiyor ko‘zingizga yosh keladi, topmish-yo‘qotmishlaringiz yodingizga tushib, ko‘ksingizni teran bir anduh kemira boshlaydi. Va siz ham ko‘pchilik singari: “Darhaqiqat, Bobur dunyo bevafoliklaridan ko‘p bora aziyat chekkan”, degan xulosaga kelasiz. Biroq bu xulosa ko‘nglingiz qatidan joy olib ulgurmay, shoir sizni darhol o‘zga bir kayfiyat chorbog‘iga yetaklaydi. Go‘yo sizni sinovdan o‘tkazayotgandek ketma-ket ezgin satrlarni tizadi-da, birdaniga kutilmagan, hatto avvalgi fikrlariga zid xulosani o‘rtaga qo‘yadi:
Bori elga yaxshilig‘ qilg‘ilki,
mundin yaxshi yo‘q
Kim, degaylar dahr aro qoldi
falondin yaxshilig‘!
Ana shunda Boburning aslida hayotni behad sevadigan, el koriga yarashni sharaf bilgan, butun umri, zohiru botinini yaxshilikka safarbar etgan betakror qalb sohibi ekanligiga amin bo‘lasiz. Toleiga ulug‘lik nasabi bitilganligini ilk satrlari qog‘ozga tushgandayoq anglagan Bobur Mirzo ko‘ra-bila turib, o‘zini kimsasizlik, ruhiy beqarorlik va tanazzul jariga itqitarmidi?! Yo‘q, aksincha, u ana shu iztiroblar ichra qaqnus yanglig‘ yonib-toblanib, yangi zafarlar sari odimlayverdi.
Shu tariqa Kobul va Hindistonda turkiy kalom jarang berdi, turkona urfu odat qaror topdi.
Bobur buni faqat jahongirlik ishtiyoqi tufayli emas, balki dinu diyonat, haqiqat va adolat tantanasi uchun amalga oshirdi. Shu bois uning zafarli yurishlarini qon to‘kishlar emas, turkiy madaniyatni o‘zga ellarga ham yoyish orzusi o‘laroq talqin etadilar. U zabt etgan hind eli siyosiy-madaniy hayotining otashin namoyandasi Javoharlal Neruning “Bobur fe’li va sajiyasiga ko‘ra Sezarga qaraganda sevishga arzigulikdir”, degan e’tirofi ham bu mulohazalarga hamohangdir. Dunyodagi jamiki adolat va haqiqat tarafdorlari ulug‘ bobokalonimizni ayni shu fazilati bois sevishadi, ardoqlashadi. Mana, Qutb ul-avliyo Abdulxoliq G‘ijduvoniy bobomiz nima deydilar:
Har kimsa yomonlikniki odat etgay,
Har kori badi qalbini g‘orat etgay.
Ey hamsafarim, ta’nadin uz dil, negakim,
Bad kimsani bad odati badbaxt etgay.
Shunday ulug‘ haqiqatlardan boxabar, Xoja Ahror Valiyning “Volidiya” asari tarjimasini amalga oshirgan, “Mubayyin”da odob-axloq masalalaridan qizg‘in bahs yuritgan Bobur Mirzo umrini yomonlar bilan “janjallashib” o‘tkazishga rozi bo‘larmidi? Yo‘q, Bobur bunday yo‘l tutmadi. Bobolar aytgan yo‘riq o‘zi uchun chinakam saodat keltirishini teran anglab, dunyoga nek nazar bilan boqishni kanda qilmadi. Uning ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy jabhadagi betimsol zafarlariga omil bo‘lgan kuch ham aslida, ana shu komil ishonchdir:
Dushmanniki, bu dahr zabardast qilur,
Naxvat mayidin bir necha kun mast qilur.
G‘am yemaki, yetkursa boshini ko‘kka,
Oxir yana yer kibi oni past qilur.
Ha, yomonga yomonlik javobin bermoq – ulug‘larning odati emas! Aksincha, el hurmatini qozongan qay bir hukmdor faoliyatiga nazar solmang, murosa va bag‘rikenglik ular muvaffaqiyatining garovi bo‘lganligiga ishonch hosil qilasiz. Bobur Mirzo esa bu jihatdan barchaga ibrat bo‘la olgan ulkan qalb sohibi. Ulug‘ ajdodimiz hayoti va faoliyatining betakror solnomasi bo‘lmish “Boburnoma”ni varaqlagan har bir inson bunga takror-takror amin bo‘ladi.
Shodmon SULAYMONOV,
filologiya fanlari nomzodi