“Tarbiyachi” bolakay
Hovli darvozasi ochilib, ichkariga besh yashar Asomiddin jajji mashinasini sudraganicha kirib keldi. Ortida turgan do‘sti Hojiakbarga qarata – Yur, o‘rtoq, uyda “tank, tank” o‘ynaymiz, – deya uni ichkariga imladi. Kun sovuq bo‘lishiga qaramay bolakayga ergashib yupun kiyingan, bo‘yi biroz Asomiddindan bo‘ychanroq Hojiakbar hadik bilan ichkariga mo‘raladi-da, hovlida hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilib asta ostona hatladi. Bu ikki bolakay inoq do‘st.
Mahallada Asomiddinning tengqurlari ko‘p bo‘lsa-da, ularning o‘yiniga ko‘p ham bosh qo‘shmasdi. Bolakay vaqt topdi deguncha Hojiakbarning uyiga oshiqar, u bilan maroq bilan o‘ynar, qosh qorayganini ham sezmay qolardi. Odatda bolalar ko‘p vaqt davomida birgalashib o‘ynashsa, ba’zan ular orasida tortishuv boshlanadi. Ammo bu do‘stlarning inoqligi bo‘lakcha, do‘stligi bir olam. Asomiddinning oyisi Nigora opa “ha” deganda o‘g‘lini o‘rtog‘ining uyidan topardi.
Hovli sahniga kirgan bolalar asta peshayvonga ko‘tarila boshladi. Shu payt oshxonadan mo‘ralagan Nigora opa bolalarga baland ovozda “Yo‘l bo‘lsin! Tepada nima bor? Yana hamma yerni to‘zitmoqchimisanlar! Asom! Senga necha marta aytganman, “dumingni” yetaklab kelmagin deb. Hojiakbar seni -oying qidirib qoladi, bor uyinga chiqib o‘ynagin” deya o‘shqirdi. Bolakay jazavasi tutgan onasiga yuzlanib “Oyijon, o‘rtog‘imku!” degancha biroz xarxasha qildi. Onasining ra’yiga qarshi borolmasligini bilgan Asomiddin asta do‘stining qulog‘iga shivirladi: “Xafa bo‘lma Hoji, boshqa safar o‘ynaymiz”.
Issiqqina uyda sevimli o‘yinlarini o‘ynolmasligini bilgan bolakaylar hafsalasi pir bo‘lib, asta ko‘chaga chiqishdi. Darvoza yonida Hojiakbarning buvisi Xadicha buvi qo‘lida sochiqqa o‘ralgan kosa ko‘tarib turardi. U endigina qo‘shni uyiga yaqinlashib, darvozani ochmoqqa chog‘langan edi. Bexosdan buvisini ko‘rgan Hojiakbar “Buvijon, meni qidirdingizmi? Men Asomlarnikida “tank-tank” o‘ynamoqchi edim, deya go‘yo do‘stining oyisi eshik ochib yana koyib beradigandek bolalarcha hadik bilan sekin ovozda gapirdi. Bexosdan qo‘shnisining bolalarga qilgan qo‘pol muomalasini eshitib qolgan buvi bolalarga yuzlanib, vaziyatni o‘nglash maqsadida “Qamar otaning biroz toblari yo‘q, shuning uchun shovqin solmanglar demaganmidim. Yuringlar biznikida o‘ynaysizlar. Qodir akang ham maktabdan keldi, o‘ynatadi” dedi. Bu so‘zni eshitgan bolalar suyunib uy tomon chopib ketishdi. Xadicha buvi Nigoraning bo‘lgan voqeadan biroz xijolat chekib, o‘zini oqlashga urinishiga e’tibor qilmay, qo‘lidagi kosani tutqazdi-da, hol-ahvol so‘rab, “Asomiddindan xavotir olmang, bola bizlarnikida o‘ynayapti. Kechga tomon Qodir tashlab ketadi”, deya ortiga qaytdi.
Xadicha buvi aytganidek, kechga tomon Asomiddinni uyga qo‘shni bola Qodirjon eltib qo‘ydi.
Ikki qo‘liga turli shirinliklarni olgan Asomiddinning kayfiyati chog‘ edi. Bolakay do‘stining uyida maza qilib o‘ynaganini, Qodir akasi uni turli shirinliklar bilan mehmon qilganini to‘lib-toshib onasiga gapirib berdi.
Nigora o‘g‘lini yoniga o‘tkazib qaymoq solingan chuchvarani asta uning oldiga qo‘ydi. Qo‘shninikidan ovqatlanib chiqqan bolakay chuchvarani juda yaxshi ko‘rsada, negadir bu safar unga qayrilib ham qaramadi. “Oyijon Hojining oyisi meni uyga kirgazdi. Rosayam shirin moshxo‘rda berishdi. Hoji bilan maza qilib yedik. Ular bolalarni uyga kirgazisharkan” deya bolakay oyisiga beg‘uborgina maqtanib qo‘ydi.
Farzandining so‘zlaridan qattiq ta’sirlangan Nigora qilgan ishidan xijolat chekib, chuqur xo‘rsindi. Bir so‘z aytolmadi. Uning jur’ati faqatgina o‘g‘lini quchib, undan uzr so‘rashga yetdi, xolos.
Ma’rifat TOLIPOVA