O‘yinchoqlar olamiga sayohat
Ularni to‘g‘ri tanlash bola ruhiyati va kelajakda kasb tanlashiga ijobiy ta’sir etadi
Jiyanimning tug‘ilgan kuniga sovg‘a xarid qilish maqsadida “Bolalar o‘yinchoqlari” do‘koniga kirdim. Do‘kon rastasi turli, rang-barang o‘yinchoqlarga to‘la. Ular orasida “Barbi”, “Sindi” nomli qo‘g‘irchoqlar, “Bonni”oti, turli rusumdagi mashinalarning kattasi-yu kichigi, “Lego” kabi bolalarda turli shakl va qurilmalarni yasashga mo‘ljallangan, misoli boshqotirmali o‘yinchoqlar e’tiboringizni tortadi.
Shu payt yonimdagi ayol o‘yinchoq kompyuter va yozuv doskachasi sotib oldi. Men qiziqib undan bularni necha yoshli bolalar uchun xarid qilganini so‘radim. U ikki nafar o‘g‘liga yoshiga munosib o‘yinchoqlar xarid qilganini aytdi.
Mutaxassislarning fikricha insonning kelajakdagi hayoti, uning qanday kasb tanlashi bolaligida o‘ynagan o‘yinlari va o‘yinchoqlariga ham bog‘liq ekan. Xo‘sh, bolalarimizga qanday o‘yinchoqlar olib berganimiz ma’qul? O‘yinchoqlarning bola ruhiyatiga, uning ma’naviy va jismoniy salomatligiga foydali va zararli tomonlari qanday? Farzandlarimizga o‘yinchoq tanlashda nimalarga ahamiyat berish kerak? Shu kabi savollarga javob olish maqsadida psixolog Dilnoza Umrzoqovaga murojaat etdik:
– Bolalar juda ziyrak va qiziquvchan bo‘lishadi. Dunyoga hayrat ko‘zi bilan boqib, o‘z tasavvurlaridagi olamni yaratishga xarakat qiladilar. Bunday paytda bolalarning qanday o‘yinchoq o‘ynashi ularning tarbiyasida, dunyoqarashida, kelgusi hayotida muhim o‘rin tutadi.
Har bir ota-ona o‘z farzandini aqlli, zukko, tarbiyali inson bo‘lib kamol topishini istaydi. Bunda bolalar o‘ynaydigan o‘yin va o‘yinchoqlar katta ahamiyat kasb etadi. O‘yinchoqlarning eng muhim, shu bilan birga, eng nozik jihati ham shunda. Negaki, globallashuv jarayonida turli buzg‘unchi g‘oyalar, ma’naviy va mafkuraviy tahdidlar o‘yinchoqlar timsolida turmushimizga sezdirmasdan kirib kelishi mumkin.
Sir emas, bugun farzandlarimiz asosan xorijda ishlab chiqarilgan o‘yinchoqlarni o‘ynab ulg‘aymoqda. Ular orasida bolalarni tashqi olam bilan tanishtirishga xizmat qiladigan o‘yinchoqlar bilan birga, milliy mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydigan, o‘g‘il-qizlarimizning ruhiyati va ma’naviy dunyosiga salbiy ta’sir qiluvchi mahsulotlarni ham, afsuski, uchratish mumkin. Eng muhimi, milliy tabiatimizdan uzoq bunday o‘yinchoq va qo‘g‘irchoqlar bozorlarimizda ancha xaridorgir. Masalan, ular orasida uchraydigan qo‘rqinchli niqoblar, xanjarlar, g‘ayritabiiy hayvonlar, hasharotlar bolalarni urishqoqlikka va shafqatsizlikka undashi sir emas. Harbiy ko‘rinishdagi mahsulotlarda boshqa davlatlar ramzlari, qurolli kuchlarini ulug‘lovchi turli timsollar ko‘zga tashlanadi.
Qizaloqlar sevib o‘ynayotgan “Barbi”, “Sindi”, “Semmi” kabi qo‘g‘irchoqlar yarim yalang‘och holatda ishlangan bo‘lib, ularning ko‘rinishi va liboslari “ommaviy madaniyat”ni targ‘ib etadi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, bunday qo‘g‘irchoqni o‘ynayotgan qizaloqda unga o‘xshab kiyinish va pardoz qilish xohishi paydo bo‘ladi, shunga taqlid qiladi. Bu esa qizlarda mustahkam oila qurib, farzand ko‘rish orzusini emas, balki o‘tkinchi hoyu havasga berilib, yengil-elpi hayot kechirishga intilish istagini shakllantiradi. Bugun ko‘pchilik ota-onalar bilib-bilmay, farzandlariga ana shunday o‘yinchoqlarni olib berayotgani tashvishli holdir. So‘nggi paytlarda, ayniqsa, yumshoq o‘yinchoqlar xaridorgir bo‘lib bormoqda. Bilish mumkinki, hamma ham bu turdagi mahsulotlarning zararli ekanini to‘la anglab yetmagan. Negaki, aksariyat yumshoq o‘yinchoqlarning materiallari sun’iy birikmalardan tayyorlangan va changni ko‘p yutadi. Bunday o‘yinchoqlar to‘qimasi nafas yo‘llariga yoki og‘izga tushsa, noxush oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ochig‘i, ko‘pchiligimiz mahsulot xarid qilishda uning sifati, yaroqlilik muddati va muvofiqlik sertifikatini so‘rashga hamisha ham e’tibor beravermaymiz. Sifatsiz mahsulotni, hech bo‘lmasa, hidi va rangidan ajratish mumkin.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, zararli o‘yinchoqlarda boshni og‘ritadigan yoqimsiz hid bo‘ladi, ushlaganda qo‘l terlaydi va rangi tez o‘chadi. Bunday o‘yinchoqlarni xarid qilish oqibatida bola organizmiga qanchadan-qancha mikroblar tushishini tasavvur qilish qiyin emas.
Ilmiy xulosalarga ko‘ra, inson butun umri davomida oladigan barcha ma’lumotlarning 70 foizini besh yoshgacha qabul qilar ekan. Ilk hayotiy tasavvurlar, inson tafakkurida poydevor bo‘luvchi tushunchalar bolalar ongiga aynan shu paytda singadi. Demak, besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning turli o‘yinchoqlardan olgan taassurotlari ham uzoq muddat ular ongida saqlanib qoladi.
Eng asosiysi, o‘yinchoq ishlab chiqarish yurtimizda keng yo‘lga qo‘yilsa, bu borada ko‘proq o‘z milliy-ma’naviy merosimizga, xalq og‘zaki ijodiga murojaat etish ayni muddao bo‘ladi. Qizlarimiz kalta yubka kiygan “Barbi” bilan emas, uzun atlas ko‘ylak kiygan “Barchinoy”lar bilan do‘stlashsa, o‘g‘il bolalarga mo‘ljallangan harbiy sohaga oid o‘yinchoqlarda davlatimiz bayrog‘i, milliy Armiyamiz ramzlari porlab tursa, farzandlarimizda vatanparvarlik tuyg‘ulari yanada teranroq shakllanishi, shubhasiz.
Siz bunga nima deysiz, hurmatli yurt-doshlar!
Muhabbat XO‘JAMURODOVA