Bilki kichiklikda erur parvarish
Alisher Navoiy asarlarini varaqlar ekanmiz, har safar bizni hayratga soladigan tushunchalar, g‘oyalar va ifodalarga duch kelamiz. Bu ul zotning ijodi nechog‘li serqirra ekanidan dalolatdir. Shuning uchun ham hazrat Navoiyning asarlarida aks etgan g‘oyalarni umrboqiy deb ataymiz. Zero, bu g‘oyalar har qanday zamon va makonda dasturilamal bo‘lib xizmat qila oladi.
Hazrat Navoiyning barcha asarlarini birlashtirib turuvchi umumiy g‘oya – komil inson g‘oyasidir. Uning barcha g‘azallari, dos-tonlari mohiyatida komil insonning turli xislat va fazilatlari yoritilgan. Alisher Navoiy komillik shartlari deya barcha insoniy fazilatlarni sanab, ularning avvaliga bir shartni qo‘yadi – insonning komil bo‘lib ulg‘ayishi uning bolalikdagi tarbiyasi bilan bog‘liqdir. Bu qarash hazrat Navoiyning deyarli barcha dos-tonlarida aks etganiga guvoh bo‘lamiz. Masalan, “Farhod va Shirin” dostonida Far-hod bolaligidayoq juda qobiliyatli bo‘lib, har qanday bilimni tezda o‘zlashtirar, bir marta o‘qigan kitobini qayta o‘qishiga hojat qolmas, chunki, u saboqlarni yodda saqlab qolardi:
Agar bir qatla ko‘rdi har sabaqni,
Yana ochmoq yo‘q erdi ul varaqni.
Hazrat Navoiy asosiy e’tiborni Far-hodning ko‘p o‘qigani, ilm olganiga qaratadi, chunki, ilm insonda ma’rifat hosil bo‘lishida muhim o‘rin tutadi:
O‘qub o‘tmak, uqub o‘tmak shiori,
Qolib yodida safha-safha bori…
Jahonda qolmadi ul yetmagan ilm,
Bilib tahqiqini kasb etmagan ilm.
Farhod ilm orqali ma’naviy jihatdan yuksalgani sari jismonan baquvvat bo‘lib ulg‘ayib boradi:
Bo‘lub o‘n yoshqa umrining mururi,
Yigirmi yoshcha qaddu jismu zo‘ri.
Albatta, o‘n yoshli bolaning qaddu jismi yigirma yoshli yigit kabi ekan, u jismonan sog‘lom va kuchli bo‘lishi tabiiy:
Qilichi zarbasi ollinda har marz,
Shikof andoqki suvdin yer aro darz.
Ya’ni, Farhodning qilich zarbasidan yer darz ketar edi.
Ne yer, tog‘iki kisvat qildi xoro
Bu kisvatdin qilib darz oshkoro.
Nafaqat yer, balki tog‘lardagi toshlar
ham bu zarbdan yorilib ketar edi.
…Yevurgach nayzasin davri falakvor,
Bo‘lub qalqon o‘ziga charxi davvor.
Nayzasini o‘ynatsa falak – charx doirasi unga qalqon bo‘lar edi.
…Chu maydon azmig‘a solib takovar,
Buzug‘luq boxtardin to ba xovar.
Maydonga ot solib kirsa, har bir tomon titrab ketar edi.
Mazkur ta’riflarning barchasi Far-hodning jismonan komilligini ta’riflayapti. Bugungi til bilan aytganda, Farhod o‘z davridagi sport turlarining barchasi – qilichbozlik, nayzabozlik va chavandozlikda tengsiz edi. Demak, hazrat Navoiy o‘z qahramonini komil inson sifatida tasvirlar ekan, uning bolaligiga alohida urg‘u qaratib, Farhod bolaligida ilm o‘rganishga g‘oyat qobiliyatli bo‘lish barobarida sog‘lom, baquvvat ekanligini alohida e’tibor bilan bayon etadi. Bu fikr-ni “Hayrat ul-abror”dagi quyidagi baytlar ham tasdiqlaydi:
Ulcha erur tiflg‘a shoyista ish,
Bilki kichiklikta erur parvarish.
Qatrag‘a chun tarbiyat etti sadaf,
El boshig‘a chiqqucha topti sharaf.
Ya’ni, bolalikdagi tarbiya, parvarish ahamiyatli bo‘lib, bu qatraning sadaf ichida durga aylanishiga o‘xshaydi. Shu o‘rinda “Bilki, kichiklikda erur parvarish” misrasiga alohi e’tibor qaratish mumkin: parvarish deganda, shubhasiz bolaning sog‘-lig‘i, taomnomasi, ozodaligi tushuniladi. Alisher Navoiy bolaga uning kichik yoshligida e’tibor, parvarish zarur ekanligini uqtiryapti.
Alisher Navoiy bola tarbiyasi va parvarishi qanchalik muhim ekanligini ta’kidlagan bo‘lsa, go‘daklarni tarbiyalash va parvarishlash shunchalik savobli, sharafli ekanligini ham e’tirof etadi. Bu haqda “Mahbub ul-qulub”da shunday satrlarni o‘qiymiz: “Aning ishi odamdin kelmas, qaysi odamki, dev qila olmas, har qattig‘ kishini bir tifl muhofazati ojiz etar, ul bir surukka ilm va adab o‘rgatgay, anga ne yetar. Oncha borkim, ul qavmning idroku fahmi oz tushar, andoq kishiga yuz muncha mashaqqat ne bushar. Har taqdir bila atfolg‘a haqqi ko‘pdur, agar podshohliqqa yetsa va anga qulluq qilsa xo‘bdur”.
Mazmuni:
Shunday ishki, buni odam tugul dev ham uddalay olmaydi, bu ishi bola muhofazasi, ya’ni tarbiyasidirki, har qanday qattiqqo‘l odamni ojiz qilib qo‘yadi. Agar bolaga ilm va odob o‘rgatsa, bunga ne yetsin! Bu shunday ishki, bolalar yosh bo‘lgani uchun, fikrlashni bilmaydilar, shuning uchun o‘rgatuvchiga yuz mashaqqat keladi. Har qanday holatda ham, ustozning bolalarda haqi ko‘p va bola shohlik martabasiga yetsa ham ustoziga qulluq qilsa, bu yaxshi ish.
Bu o‘rinda Alisher Navoiy bola tarbiyasining mashaqqatli va mas’uliyatli ishligini ta’kidlar ekan, bola tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi murabbiyning darajasi yuksak bo‘lishini eslatmoqda.
Ko‘rib o‘tganimizdek, hazrat Navoiy bola va uning tarbiyasiga jiddiy masala, deb yondashgan. Uning jismonan va ma’nan kamol topishiga alohida urg‘u qaratgan. Bola tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi ustozlarning vazifasi og‘irligini, ular o‘z burchlariga mas’uliyat bilan yondashishlari zarurligini qat’iy ta’kidlagan.
Qanday masala bo‘lmasin, biz uning yechimini, unga doir qarashlar Alisher Navoiy asarlarida mavjudligini, bu fikr-larning asosli, ta’sirchan tarzda ifoda etilganiga guvoh bo‘lamiz. Bu esa bizni hamisha ul zotning hayoti va ijodini o‘rganishga ehtiyojmand ekanligimizni eslatib turadi.
Dilnavoz YUSUPOVA,
filologiya fanlari nomzodi