Farzandingiz ta’lim muassasasida to‘g‘ri ovqatlanish darsidan saboq oladi
Mamlakatimizda bolalar salomatligini mustahkamlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Zero, farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘lur. Respublikamizda ko‘plab qonun va qarorlarning qabul qilinishi, shubhasiz, soha rivoji yo‘lida muhim poydevor bo‘lib xizmat qilayotir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining -2010 yil 20 avgustdagi “Ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlanish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham shular jumlasidandir.
Xususan, qaror ijrosini ta’minlash maqsadida umumta’lim, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalari o‘quvchilarining gigiyenik talablar asosida ovqatlanishini ta’minlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Davlat sanitariya bosh vrachining qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, “Ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlanishni tashkil etish to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi. Hududlarda ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritadigan xodimlar belgilandi. “Ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlanishni tashkil etish hamda muassasa rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini belgilash” yuzasidan idoraviy hujjatlar qabul qilish bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligining buyrug‘i qabul qilinib, joylarga ijro uchun yuborildi.
Ta’lim muassasalarida inson organizmi uchun zararli bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishning salbiy oqibatlarini “Salomatlik saboqlari”, “Sog‘-lom avlod asoslari” darslari orqali o‘quvchilar ongiga yetkazish, mazkur yo‘nalishda ota-onalar yig‘ilishlarida tushuntirish ishlarini olib borish yo‘lga qo‘yildi.
Lekin ayni paytda maktab yoshidagi bolalar ovqatlanishining holati bir qator sabablarga ko‘ra to‘liq talab darajasida, deb ayta olmaymiz.
Birinchidan, bolalarning ma’lum bir qismi ovqat ratsionining to‘yimli emasligi, biologik jihatdan boy oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilmaslik, shuningdek, yog‘-uglevod komponentining keragidan ortiqcha iste’mol qilish natijasida kelib chiqadigan jismoniy va harakat rivojlanishining sekinlashishidan aziyat chekadilar. Bunday bolalar soni unchalik ko‘p bo‘lmasada, ularning har biri ta’limni boshqarish, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoyalash organlari tomonidan alohida e’tiborni talab etadigan holatdir.
Ikkinchidan, ba’zi bolalar va ularning ota-onalari ovqatlanish tartibiga qat’iy munosabatda bo‘lmaydilar. Tartibli ovqatlanish tamoyillariga rioya etmaslik – turli shakldagi me’da-ichak tizimi kasalliklarining rivojlanishiga sabab bo‘ladi.
Uchinchidan, aksariyat bolalar muassasa oshxonasi xizmatidan foydalanishni istamaydilar. Bu ham bolaning ov-qatlanish tartibining buzilishiga olib keladi. Ayniqsa, yuqori sinf o‘quvchilarining maktabda har kuni 7-9 soat bo‘lishlarini hisobga olganda yuqorida keltirilgan barcha omillar me’da-ichak tizimi kasalliklarining rivojlanish xavfi bo‘lgan guruhga kiruvchi fuqarolar sonini ko‘paytiradi. O‘sib kelayotgan yosh avlod sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Parhezshunoslar fikricha hozirgi davr-da o‘quvchi kuniga to‘rt marotaba, shu jumladan nonushta, tushlik va kechki ovqatda, albatta, issiq taom iste’mol qilishi shart. O‘sayotgan organizm uchun zarur bo‘lgan sut mahsulotlari – sut, tvorog, pishloq, qatiq kalsiy va oqsil manbaidir. Oqsil va kalsiy yetishmovchiligini, shuningdek, baliq ham to‘ldirishi mumkin. Yana garnir sifatida kartoshka yoki makaron emas, balki dimlangan va qaynatilgan sabzavotlar (karam, lavlagi, piyoz, sabzi, dukkaklilar, sarimsoq, sholg‘om, oshqovoq va hokazolar)dan foydalangan ma’qul. Maktab yoshidagi bola bir kunda 1-1,5 litr gazlanmagan, balki meva yoki sabzavotdan tayyorlangan suyuqlik iste’mol qilishi shart.
Ota-onalar odatda nonushta jarayoniga katta ahamiyat qaratadilar. Chunki, bu vaqtda bolalari nima itse’mol qilayotganini nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Biroq, hamma ota-ona ham nonushtaning o‘quvchi uchun qanchalik ahamiyati katta ekanini xayoliga ham keltirmaydilar.
Shirin choy, murabbo va qandolat mahsulotlaridan tashqari o‘quvchining nonushtasi tarkibiga, albatta, non mahsulotlari va sutli bo‘tqalar, sabzavot va mevalar kiritilishi maqsadga muvofiqdir. Ushbu mahsulotlar murakkab shakldagi uglevodlarga boy bo‘lib, bola o‘z organizmida ularning zahirasini hosil qilishi lozim. Boshqa turdagi uglevodlarga bo‘lgan talabni esa kun davomidagi oraliq taom iste’mol qilish vaqtida meva sharbati, choy, qahva, bulochkalar iste’mol qilish bilan qondirish mumkin.
Boshlang‘ich ta’lim – umumiy ta’limning jiddiy tarkibiy qismi – dastlabki bilimlar, ko‘nikmalar, malakalar shakllantiriladigan bosqich. Bolaning kelgusida har tomonlama rivojlanishi uchun ta’limning ilk bosqichlaridan boshlab unda sog‘lom hayot tarzi va ovqatlanish madaniyati asoslari to‘g‘risidagi tushunchalarni shakllantirish jiddiy ahamiyatga ega. “To‘g‘ri ovqatlanish darslari” dasturi shu maqsadlarni amalga oshirish uchun yordam berishga qaratilgan.
“To‘g‘ri ovqatlanish darslari” umumta’lim maktablarining 1-2-sinflari o‘quvchilari, “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari va maktabgacha ta’lim muassasalarining tayyorlov guruhlari uchun mo‘ljallangan.
“To‘g‘ri ovqatlanish darslari”ning asosiy vazifalari qatoriga bolalarda salomatlikning qadri va uni mustahkamlash zarurligi to‘g‘risida tasavvur hosil qilish, sog‘-lom hayot tarzi va to‘g‘ri ovqatlanish qoidalari bilan tanishtirish, bolalarning o‘z sog‘ligiga g‘amxo‘rlik qilish bilan bog‘liq xulq-atvor shakllarini o‘zlashtirishlari, ularni milliy va madaniy an’analar bilan tanishtirish kiradi.
“To‘g‘ri ovqatlanish darslari” dasturini bolalarda sog‘lom hayot tarzi asoslarini shakllantirish bilan bog‘liq bo‘lgan dars soatlari doirasidagi tadbirlar, to‘garak ishlari, fakultativ mashg‘ulotlar hisobidan amalga oshiriladi. “To‘g‘ri ovqatlanish darslari”ni sinf rahbarlari, fan o‘qituvchilari, tarbiyachilar o‘tkazishlari mumkin. Mash-g‘ulotlarni samarali uyushtirish va o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi mutaxassislari tomonidan bolalar uchun ish daftari va o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalardan tashkil topgan o‘quv metodik majmualar tayyorlangan.