Tanganing ikki tomoni

yoki beshikdan foydalanishning tibbiy jihatlari xususida

Beshik qadimdan xalqimiz orasida keng qo‘llanib kelinadigan anjom hisoblanadi. Biroq, tanganing ikki tomoni bo‘lganidek beshikdan noto‘g‘ri foydalanish bola rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin ekanligi shifokorlar tomonidan tasdiqlandi.

Ularning fikriga ko‘ra, bola beshikda bir kecha-kunduzda uzog‘i bilan 3 soat, kechasi esa 7-8 soatdan ortiq yotmasligi kerak. Beshikda ko‘p yotgan bolalarda kaliy, kalsiy va fosfor almashinuvi buziladi. Buning natijasida ularning suyaklari mo‘rtlashadi. Ya’ni, bola qaysi tomonga qarab yotsa, o‘sha tomoni qiyshayib qoladi. Xullas, kalla suyagining ­noto‘g‘ri rivojlanishi (deformatsiyasi) yuzaga keladi. Bunday nuqsonlarni tuzatish judayam qiyin bo‘lgani bois uni o‘z vaqtida oldini olish lozim.

Agar go‘dak sog‘lom bo‘lsa, beshik u uchun zararli emas, balki foydalidir. Chunki, gigiyena nuqtai nazaridan bola toza yotadi, ya’ni tagi quruq bo‘ladi. Turli tashqi ta’sirlardan himoyalanadi. Biroq, bolani beshikka o‘rgatishdan avval, albatta, shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazish zarur. Hozirgi kunda ko‘p bolalar tug‘ilish jarayonida jarohatlar olishi, asfiksiya (kislorod yetishmasligi natijasida bo‘g‘ilish, kindikning homila bo‘yniga o‘ralib qolishi ham asfiksiyaga sabab bo‘ladi, nafas siqishi) oqibatida ba’zi kasalliklarni orttirib olyapti.

Bolani beshikka belashda nihoyatda ehtiyotkorlik zarur. Chunki, birgina ehtiyotsizlik oqibatida bolada turli xil nuqsonlar kelib chiqishi mumkin. Masalan, bola oyog‘ini qattiq va siltab bog‘lash oqibatida ko‘p hollarda chanoq-son bo‘g‘imi displaziyasi kuzatilyapti. Ammo go‘dagini shifokor ko‘rigiga olib chiqmagan onalar bu holatni kech bilishadi va mumkin emasligini bilmagan holda bolasini beshikka belab qo‘yishadi. Aslida bunday bolalarni beshikka yotqizish mumkin emas. Ular erkin yo‘rgaklanishi kerak. Bundan tashqari bosh miya ichki bosimi me’yoridan oshib turadigan bolalarni ham beshikka bog‘lash ta’qiqlanadi. Chunki, beshik tebranganda miya ichidagi bosim yana oshadi va bola boshida qattiq og‘riqqa sabab bo‘lishi mumkin.

Milliy urf-odatlarimizda beshikni bezatishga, uning anjomlariga alohida e’tibor qaratiladi. Ayniqsa, kelinning onasi beshik anjomlarini duxobadan va turli yaltiroq, sun’iy matolardan qilishga qattiq bel bog‘laydi.Shuningdek, yostiq, ko‘rpacha, bog‘ichlar, yoping‘ichlar, xullas, hamma anjomlari duxobadan bo‘ladi. Yosh, onalar farzandlarini mavsumga qaramasdan “jimjimador” beshikka belab qo‘yishadi. Natijada bola erkin nafas ololmaydi. Aslida beshik anjomlari mavsumga qarab almashtirib turilishi lozim. Uning ustiga yopiladigan yoping‘ich havo va yorug‘lik o‘tkazadigan tabiiy tolali matodan tikilgan bo‘lishi kerak. Beshikni va uning anjomlarini tez-tez oftobda shamollatib turish ham bola uchun foydali. Ayniqsa, sun’iy duxobaning chang tortish xususiyati kuchli. Uning o‘rniga tabiiy tolali matolar ishlatgan ma’qul. Sun’iy duxobaga yig‘iladigan changlar bolada allergik ta’sirchanlikni yuzaga keltirishi mumkin.

Yana o‘qing:  Bolaning «tili chiqishi» kechikayaptimi?

Shuningdek, bolani beshikda uzoq vaqt qoldirish ham noto‘g‘ri. Bu vaziyatda uning harakatlari cheklanib qoladi. Bolalar serharakat bo‘lishadi. Ularning harakati birorta maqsadga yo‘naltirilmaganligi uchun tartibsiz harakatlar qilishadi. Chunki, murg‘ak go‘daklarda bosh miya po‘stloq osti qavatining faolligi kuchliroq bo‘ladi. Miya po‘stlog‘i harakatlarni nazorat qilmaydi. Uzoq vaqt bolani qimirlatmasdan bog‘lab qo‘yish qon aylanishini sekinlashtiradi. Mushaklardagi harakatlar chegaralangani bois bu o‘z navbatida o‘sish va rivojlanishga oz bo‘lsa-da ta’sir qiladi.

Biroq, necha asrlardiki, beshik bolalarning munosib orom maskani sifatida Markaziy Osiyoda yashovchi onalarga beminnat yordamchi bo‘lib kelmoqda. Shunday ekan undan to‘g‘ri va bolaga ozor yetkazmaydigan holda foydalansak, farzandimizning tinch-osoyishta, tiniqib orom olishini ta’minlagan bo‘lamiz.

Saida IBODINOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: