Kechikkanni vaqt jazolaydi

Insonda yaxshi fazilatlar bilan birga yomon illatlar ham mavjud. Aslida, bu odatlar mas’uliyatsizlik tufayli paydo bo‘ladi. Achinarlisi, bola ulg‘ayish davomida ota-onasi, yon-atrofidagilarga taqlid qilib, yoki ularga ergashib shunday nojo‘ya hatti-harakatlarni qilishga o‘zida moyillik sezadi. Bora-bora esa u hayotda o‘z o‘rnini topishga qiynaladi. Shunday qusurlardan biri kechikishdir.

Kechga qolish – juda zararli odat. U o‘zi bilan birga doimo yomon oqibatlarni ergashtirib yuradi. Shuning uchun ham undan saqlanish zarur. Boisi, u sekin-astalik bilan kishida yolg‘onchilik, loqaydlik kabi illatlar ham shakllanishiga olib keladi. Doimo kech qoladigan odam endi o‘zini oqlash uchun turli xil bahonalar qidira boshlaydi. Ayniqsa, “uxlab qolibman”, “uyim juda uzoq edi”, “transport o‘z vaqtida kelmay qoldi”, “yo‘l juda tirband ekan” kabi bahonalar kunora qulog‘imizga chalinishi tabiiy. Xo‘sh, bu odatlar kishida qachon paydo bo‘ladi? Albatta, bolaligida. Demak, har bir ota-ona farzandini mas’uliyatli bo‘lib ulg‘ashi uchun harakat qilishi kerak.

Bu borada bolalar tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratish lozim. Chunki, endigina gurkirab yashnayotgan nihol o‘zi uchun zarur bo‘lgan narsalarga tashnalik sezadi.

Yaqinda bir qarindoshimning uyiga bordim. Ochig‘i, u yerdagi oilaviy muhitni ko‘rib, hayron qoldim. Ota-onalari farzandlari uchun tarbiyada o‘rnak ko‘rsatishning o‘rniga, o‘zlari ham ishga ertaroq borishda “ha” deganda shoshilavermasdi. Bolalaridan bu haqida so‘ragandim “E, boramanda shu darsga, biroz kech qolsam nima bo‘pti?” degan javobni oldim, xolos.

Kasalni davolash emas, oldini olgan afzal. Tarbiya o‘chog‘i, avvalo, oiladan, maktabdan boshlanadi. Bolaga ishiga nisbatan jiddiy qarashni, doimo mas’uliyatli bo‘lishga undashni o‘rgatish birinchi galda ota-onalarimizning zimmasiga tushadi. Qaysidir ma’noda ularning o‘zlari farzandlari uchun namuna maktabini o‘tashlari kerak.

Mohinur ISMOILOVA,

O‘zDJTU talabasi

Yana o‘qing:  Sport va sog‘lom oila – sog‘lom bola va sog‘lom jamiyat asosi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: