Beshikda ulg‘ayadi botir bolalar

Sokin tun bag‘rida yangrayotgan ona allasining sehrli ohanglari go‘dak qalbiga muhrlanib bormoqda. Bu qadimiy qo‘shiq so‘zlarining ijodkori ham, bastakori ham beshik quchib tunlarni tonglarga bedor ulagan volida atalmish mo‘tabar zot. U go‘dagi qoshida hamisha sergak. Hushyorligi uchun norasidasi behadik orom oladi. Yopinchig‘i qirmizi baxmaldan, bejirim tumorcha osilgan beshik ayol uchun naqadar aziz. Uning borlig‘i ham, boyligi ham to‘qqiz oy vujudida asrab-avaylab, dunyoga keltirgan dilporasidir. Uning shodligi olamni tutadi, u qanchalar baxtiyor.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, kelinlik libosini kiyib, ota uyini tark etayotgan qizlarga keksalarimiz hamisha, ilohim borgan joyingda tosh bo‘lib qotgin, uying beshik ko‘rsin, o‘zingdan ko‘paygin bolam, – deya duo qiladi.

Ilk sahar kelinining bir qo‘ltig‘iga supra va elakni yana birisiga bir juft nonni qistirib, peshonasidan o‘payotgan qaynonaning ham dilida nabira ko‘rish niyati jo‘sh uradi.

Ana shu sof niyatlar ijobati o‘laroq, oradan yil o‘tib chaqaloq yig‘isi yangragan beshik ustidan sochilgan oq parvarda-yu popukli qandlarni terib olayotgan bolalar qiyqirig‘i uyni to‘ldiradi. Go‘dakning beshigi boshiga kichkina kulcha va kichik pichoqcha qo‘yiladi. Udum bo‘yicha kulcha norasidaning uyqusida cho‘chib ketmasligi, pichoq esa kelajakda rizqu nasibasi butun bo‘lishi uchun qo‘yiladi. Qaynonaning ixlos bilan tutatgan isirig‘i dimoqqa xush yoqadi. Isiriq tutuni koni foyda bo‘lib, u turli mikroblarning tarqalishining oldini oladi. Xush ifori taralib turgan patirlar ushatilib, yog‘li sho‘rva tortiladi. Dasturxon atrofida o‘tirganlar beshik egasi bek bolaga uzoq umr tilashadi. Bek bolaga atalgan kichkina zarbof to‘n, atlas qiyiqcha va bejirim do‘ppicha beshik yoniga keltirib qo‘yiladi. Kelinchakning onasi ming bir niyatda tikkan bu ohorli kiyimlar barchaning havasini keltiradi. Beshikka solingan ikki qavat paxtali ko‘rpacha hamda uning tagidan to‘shalgan paxtadan tayyorlangan matoga tariq solinib tikilgan qovuzli to‘shakcha xuddi beshikka o‘lchab qo‘yilgandek mos keladi. Odatda bunday qovuzli to‘shakchaga sholi po‘stlog‘i yoki archa urug‘i solib tayyorlanadi. Bu tabiiy shifobaxsh vositalar go‘dakning terisiga uqalovchi ta’sir etadi.

Uy to‘rida o‘tirgan kayvoni momo, “Kelinimizning onasi zap chevar ekanda, zarbof to‘nning mayda qavig‘ini rosa chiroyli olibdi”. Bunday maqtov so‘zlardan quda xolaning yuzi yorishadi.

Yana o‘qing:  Insonparvarlikning yuksak namunasi

Mayda o‘rilgan sochlarining ustidan tang‘ib olgan peshonabandini to‘g‘rilab, qaynonasiga iymanib qarayotgan kelinchak endi ona bo‘lgan. U ham yillar o‘tib qaynona bo‘ladi. Hayotning o‘nqir-cho‘nqir yo‘llarini ortda qoldirib, kelgusida u ham qaynonasi singari mehribon qaynona bo‘lishni diliga tugadi. Beshik yoping‘ichini ochishi bilan dimog‘iga urilgan mu’attar hiddan entikib ketadi. Go‘dak hidi, dunyoda bundan yoqimli ifor bo‘lmasa kerak. Norasidasining yuziga boqishi bilan bir zum qulog‘i ostida bolaligidan qalbiga muhrlanib qolgan o‘sha onasi kuylagan alla ohanglari yangrab ketadi. Dilga yaqin o‘sha tanish misralarni kuylay boshlaydi. Alla ohangiga mos tebranayotgan beshikdagi bek bola uxlamoqda. Qiziq boyagina injiqlik qilib yig‘layotgan go‘dak nega birdan onasining allasini tinglab ko‘zlarini yumganicha uyquga ketdi? Bu qo‘shiq shunchalik qudratga egami yoki bir ilohiy kuchmikin?

Norasidaning ilk mo‘jizakor koshonasi atalmish beshikka bag‘rini bergan ayol qaddini rostlab uning tutqichini avaylab silab qo‘yadi.

Beshikdan taralayotgan shirin hid va bezaklarning jilolanib turishi dilini ravshan etib, bir zum quvonchdan entikkanicha go‘dagiga uzoq umr tilaydi.

Buvimning aytishicha, beshikni bezatuvchi naqshlarning bezaklari tabiiy ranglarda berilarkan. Bu ranglar turli giyohlar va o‘simliklardan tayyorlangani bois o‘zidan xushbo‘y ifor taratar ekan. Beshiklarni bezatishda kimyoviy uslubda tayyorlangan buyoqlardan foydalanish man qilinarkan.

Beshik odatda tut daraxtidan yasaladi. Shuningdek, xalqimizda yong‘oq daraxtidan yasalgan beshiklardan ham keng foydalaniladi. Xuddi tut daraxti singari yong‘oq daraxtining ham taratgan ifori go‘dakning tiniqib uxlashi uchun foydalidir. Toldan yasalgan beshiklarni tut daraxtidan qo‘shib yasash ham qadimdan qo‘llanib kelinadi. Bunda uning yoni, oyog‘i, uzunligi, bola yotishi uchun mo‘ljallangan takbozi tol daraxtidan yasaladi. Beshik yasash uchun kesib olingan ushbu daraxtlarning shoxlari faqat kelgusi yil hosil beradigan tut yoki yong‘oqdan tanlab olinadi.

Buvim ko‘zlarini qisib olganicha uzoq vaqt gapiradi. Ularning so‘zlarini tinglab to‘lqinlanib ketaman.

Ha, Alpomish kelbatli, Barchinoydek parivash qizlar ulg‘ayayotgan beshiklar naqadar aziz. Tongni beshik quchib qarshi olgan ayol uy yumushlariga kuymalanadi. Bir qo‘lida beshik, bir qo‘lida dunyoni tebratgan onalaring omon, bag‘ri butun bo‘lsin, ona yurtim! Ilohim, sokin tunlaring munavvar tonglaringga ulanaversin. Beshiklaring bag‘rida mudom go‘daklaring ulg‘ayib, kelgusida el koriga yaraydigan komil insonlar bo‘lib yetishsin.

Yana o‘qing:  “Ayol qalbi – mehr bulog‘i”

Jamila HAYDAROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: