Tamakiga qaramlik…
Salomatligingiz xavf ostida
Chekish nafaqat ko‘pgina xastaliklarga sabab bo‘ladi, balki alohida kasallik ya’ni, tamakiga qaramlikni ham keltirib chiqaradi. Chekishni tashlashni ahd qilish qiyin va mas’uliyatli qaror. Lekin, chekishni tashlash uchun hech qachon kech bo‘lmaydi. Buni qancha tez amalga oshirsangiz o‘pkangizni asrab qolasiz. Agar o‘pkangiz zararlangan bo‘lsa ham siz chekishni tashlasangiz uning “qarishi” sekinroq kechadi.
Hozir chekishga qarshi kurash umummillat miqyosidagi muhim profilaktik tadbirdir. Chunki, bu sizning umringizni uzaytiradi. Chekish inson umrini 15-20 yilga qisqartiradi. Jahon Sog‘liqni Saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra har yili 5 mln. aholi chekish sababli erta dunyodan o‘tar ekan. Rossiya Saratonga qarshi kurash jamiyatining ma’lumotlariga ko‘ra, har yili mamlakatda 400 ming nafar odam chekish asoratlari sababli yorug‘ jahonni tark etmoqda.
Bu salbiy illat qanday kasalliklarga olib keladi?
Chekish o‘pkani zararlaydi. O‘pkaning anchagina qismi shikastlanadi. Ayniqsa, o‘pka alveolalari va mayda bronxlar kashandalikdan eng ko‘p ziyon ko‘radi. Kislorod yetishmasligi va bronxlardagi yallig‘lanish sababli kashandani kuchli, uzoq davom etuvchi yo‘tal bezovta qiladi. Natijada obstruktiv o‘pka bronxiti – og‘ir surunkali o‘pka kasalligi rivojlanadi.
Kashandalik saraton (rak)ning rivojlanishiga keng yo‘l ochadi. Tamaki tutunida 3 mingdan ziyod kimyoviy moddalar bor, ulardan 60 tasi rakni chaqiradi. Boshqa saraton kasalliklariga qaraganda, kishilar ko‘proq o‘pka rakidan vafot etadi. Chekish halqum, og‘iz bo‘shligi, qizilo‘ngach, me’da osti bezi, buyrak va siydik pufagi xavfli o‘smalariga ham olib keladi. O‘lim sababining 90 foiz chekishdandir va ularning oldini olish mumkin edi.
Chekishni qanday tashlash mumkin?
Besh xil oddiy yo‘l taklif qilamiz:
1.Startga tayyorlanamiz.
Chekishni tashlash kunini belgilaymiz!
Uydagi, ishdagi, mashinadagi barcha sigaret, kuldon, gugurtlardan xalos bo‘ling. Boshqalarga uyingizda, mashinangizda chekishni man qiling. Xayolan oldingi chekishni tashlashdagi harakatlaringizni o‘ylab ko‘ring, nima yordam bergan va nimalar xalaqit qilgan?
2. Yangi xulq-atvor va muomilani o‘zlashtiramiz.
Chekishdan o‘zingizni chalg‘itishga harakat qiling. Agar qattiq xumor sizni tark etmasa, kim bilandir gaplashishga yoki o‘zingizga yoqadigan mashg‘ulot bilan shug‘ullanishga urinib ko‘ring.
– Birinchi kunlari odatiy kun tartibingizni o‘zgartiring: masalan, ishga boshqa yo‘l bilan boring, nonushta, tushlik vaqti va joyini o‘zgartiring.
– Spirtli ichimliklar ichmang. Agar siz qahva ichishga odatlangan bo‘lsangiz, uni choy bilan almashtiring.
– Stress(ruhiy zo‘riqish)ni kamaytirish uchun issiq vanna qabul qiling. Jismonan faol bo‘ling, kitob o‘qing.
– Ko‘proq qaynatilgan yoki toza buloq suvi va sharbat iching.
– Meva, sabzavotlarni tez-tez iste’mol qiling.
– Hisoblab ko‘ring, chekishni tashlaganingizdan beri qancha pul tejab qoldingiz? Shu jamlangan pulga o‘zingizga sovg‘a oling.
3. Tamakiga tob’yelikdan qutilish uchun shifokorga murojaat qilamiz.
Dori-darmon hamda dori vositalarisiz davolash usullari bor. Qaysi bir usul sizga to‘g‘ri keladi buni mutaxassis-narkolog hal qiladi.
4. Chekishni tashlashdagi qiyinchilik va uzilishlarga qarshi kurashamiz.
Agar yana chekishni davom ettirsangiz ruhingizni tushirmang. Bunday uzilishlar dastlabki uch oy ichida bo‘lishi mumkin. Yodda tuting! Ko‘pchilik insonlar chekishni bir necha marotaba tashlashga harakat qilganlarida maqsadlariga erishishadi. Shu sababli aslo bo‘shashmang. Siz ham chekishni tashlashning uddasidan chiqasiz!
5. Yaqinlar ko‘magiga ishoning.
Tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, yaqinlar ko‘magi sizga katta yordam beradi. Yaqinlaringiz, do‘stlaringiz va hamkasblaringizga chekishni tashlamoqchi ekaningizni ayting. Ulardan albatta sizni qo‘llab-quvvatlashlarini so‘rang. Yana yaqinlaringizdan sizni oldingizda chekmaslikni iltimos qiling.
Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki 3 daqiqali shifokor bilan suhbat-10,7 foiz 10 daqiqali suhbat-12,1 foiz, undan ko‘proq vaqt mobaynidagi suhbat-18,7 foiz chekishni tashlashga turtki bo‘lar ekan. Jahon Sog‘liqni Saqlash tashkiloti ekspertlarining xulosasiga ko‘ra 4 foiz ijobiy suhbat 2 mln. insonning hayotini saqlab qoladi.
Chekishni tashlash oson emas, lekin siz buni uddalashingizga ishonamiz.
Lobar ZOKIROVA,
Respublika Salomatlik va tibbiy statistika instituti xodimi