Kut yaxshilikka yaxshilik
Oila va undagi ma’naviy muhit barcha zamonlarda ham jamiyat hayotining muhim masalalaridan biri bo‘lib kelmokda. Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda – “Oila, avvalambor, hayotning abadiyligini, avlodlarning davomiyligini ta’minlaydigan, muqaddas urf-odatlarimizni asrab-avaylaydigan, shu bilan birga kelajak nasllar qanday inson bo‘lib yetishishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan tarbiya o‘chog‘idir”.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasida ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va g‘amxo‘rlik qilishga majbur ekanliklari ko‘rsatilgan. Shunga ko‘ra, agar ota-onalar farzandlari tarbiyasiga bee’tibor bo‘lsalar qonun oldida javob beradilar, ayrim hollarda esa ota-onalik huquqidan mahrum qilinadilar.
Bu tushunchalar davom ettirilib, O‘zbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 73-moddasida shunday deyiladi: “Ota-onalar o‘z bolalarini tarbiyalash huquqiga ega va tarbiyalashi shart, ota-ona o‘z bolalarini tarbiyalashda boshqa barcha shaxslarga nisbatan ustun huquqqa ega. Ota-ona bolalarining qonun hujjatlarida belgilangan zarur darajada ta’lim olishini ta’minlashi shart”.
Bugungi kunning farzandlarini tarbiyalashda mas’ul bo‘lgan ota-onalar, tarbiyachi ustozlarning o‘zlari har tomonlama ibrat bo‘la oladigan kishilar bo‘lmoqliklari zarur. Zero, yurtimizning kelajagi bolalarimizning ta’lim-tarbiyasi bilan bog‘liqligini aslo unutmasligimiz darkor. Shu o‘rinda mutafakkir Abdulla Avloniyning quyidagi fikrlarini keltirib o‘tish joizdir: “Tarbiya biz uchun, yo hayot, yo mamot, yo najot, yo saodat, yo falokat, yo halokat masalasidir”.
Biz o‘z farzandlarimizning baxtu saodatini iqboli va kamolini ko‘rishni istar ekanmiz, nafaqat oiladagi, balki mahalla-ko‘ydagi odamlarning xatti-harakati ham bolaning shakllanib kelayotgan sof qalbi va onggiga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida o‘ylashimiz, bu masalada zimmamizda qanday mas’uliyat borligini doimo his etib turishimiz lozim.
Bosh Qomusimizning 66-moddasida “Voyaga yetgan mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar”, deb ko‘rsatib o‘tilgan. Aslida ota-onalarning oldidagi majburiyatlari axloqiy qoidalar hisoblanadi. Demak, bu qoidalar davlat tomonidan o‘rnatib qo‘yilishiga tub sabablar bor. Bu jamiyatmizda, hatto bugungi kunda ham o‘z ota-onasiga, farzandlariga beparvo qarayotgan, ularni qarovsiz qoldirayotgan kimsalarning uchrab turishidir.
Ahmad Donish aytadi:
Sen otangga har na qilding yaxshilik,
Kut bolangdan yaxshilikka yaxshilik.
Farzandlar o‘z ota-onalariga bir umr yaxshilik qilsalar ham kamlik qiladi. Shunday ekan ular har kun, har daqiqa padari buzrukvorlari va volidai muhtaramalarini rozi qilish, yaxshi xulqi va ishlari ila xursand etish o‘yi bilan yashamoqlari kerak. Shuni unutmaslik joizki, bugungi farzand ertaga ota-ona bo‘ladi. Farzand ota-onasiga qanday munosabatda bo‘lsa, kelajakda uning bolasi ham unga shunday munosabatda bo‘ladi.
Demak, farzandlarimizni ma’naviyatli inson bo‘lib ulg‘ayishi uchun ularni kitob o‘qishga, o‘qigandayam qanday kitobni o‘qishni ham o‘rgatmog‘imiz lozim. Chunki, kitob hayot aksi, undagi ijobiy qahramonlar esa ularga ibrat bo‘ladi. Bolalarni yaxshi kishilarga o‘xshashga o‘rgatib tarbiyalasak, hayot davomida uning mevasidan bahramand bo‘lamiz.
Zulfiya YAKUBOVA,
Xorazm viloyati pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti o‘qituvchisi