Yurtning jajji himoyachilari
Yoshligidan mard va jasur harbiy askar bo‘lib, ona Vatanini himoya qilishni orzu qilmagan bolakayni topish mushkul. Zero, ona yurtga muhabbat, tug‘ilib o‘sgan tuprog‘iga sadoqat murg‘aklikdanoq qalblarga singdirilsa, bu kelajakda yosh avlodning el koriga yaraydigan, Vataniga xizmat qiladigan komil insonlar bo‘lib yetishishiga zamin yaratadi.
Toshkent shaharining Hamza tumanidagi 371-maktabgacha ta’lim muassasasida Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tadbir ham shunday ezgu maqsadni ko‘zlagan. Tarbiyalanuvchilarning zavqu shavq bilan she’r o‘qishlari barchada katta taassurot qoldirdi. Ular ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar, raqslar Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligini asrayotgan harbiylarimizga bag‘ishlandi.
– Bola ongi oppoq qog‘ozga o‘xshaydi. Unga nimani yozsangiz shu saqlanib qoladi. Bolakaylarning el-yurt, ona Vatan haqidagi she’rlarni berilib o‘qishlari biz tarbiyachilarga yanada kuch beradi. Yosh avlodni yurtga sadoqat va muhabbat ruhida tarbiyalashda bunday tadbirlarning o‘rni beqiyos, – deydi tarbiyachi Hilola Nurmatova.
Bolalarning kuch sinashish mashqlari, turli sahna ko‘rinishlari tadbirga yanada qizg‘in tus berdi.
– Men kuch sinashish mashqida yutqazib qo‘ydim, – deydi 6 yoshli Muhammadali. – Biroq sport bilan shug‘ullanib keyingi safar albatta yutaman. Kelajakda askar bo‘lmoqchiman.
Tarbiyalanuvchilarning har bir mashqni qat’iyat bilan bajarishlari, ulardagi ishtiyoq, yuz-ko‘zlaridagi navqironlik hukumatimiz tomonidan yosh avlodga berilayotgan e’tiborning mevasidir. Zero, ruhan va jismonan sog‘lom farzandlari bor yurtning kelajagi porloqdir.
Saida IBODINOVA