O‘quvchilar taomnomasi qanday bo‘lishi lozim?
Sog‘lom farzand oila quvonchi, ota-onaning baxti, hayot davomchisi hisoblanadi. Shu bois har bir oilada bola parvarishiga, uning sog‘lom taomlanishiga alohida e’tibor qaratiladi. O‘g‘il-qizlarimiz ko‘p vaqtini maktabda ta’lim olib o‘tkazishi barchaga ayon haqiqat.
Yurtimizda aholi orasida sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish, xususan, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning xavfsiz va sog‘lom ovqatlanishini tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirib kelinmoqda.
Davlatimiz rahbarining tegishli qarorlariga muvofiq umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning xavfsiz va sog‘lom ovqatlanishini tashkil etish, yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi hamda ovqatdan zaharlanishlarning oldini olish choralari belgilangan. Xo‘sh, o‘quvchilarning taomnomasidan nimalar joy olishi muhim?
«Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilar ovqatlanishini tashkil etishning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari»da umumta’lim muassasalarida o‘quvchilar iste’mol qilishi mumkin bo‘lgan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari assortimenti ham belgilangan. Ular quyidagilardan iborat:
Go‘sht va go‘sht mahsulotlari:
– I kategoriyali mol go‘shti, buzoq go‘shti, yog‘siz qo‘y go‘shti (haftada 1-2 martadan ko‘p emas), parranda go‘shti, kurka, quyon go‘shti, baliq, tovuq tuxumlari omlet yoki qaynatilgan holda.
Cut va sut mahsulotlari:
– sut (2,5, 3,2, 3,5 foiz yog‘lilik darajasi), pasterizatsiyalangan, sterillangan, quruq; quyultirilgan sut (toza va shakar aralashtirilgan holda), quyultirilib-pishirilgan sut; tvorog (yog‘lilik darajasi 9 va 18 foizli; agar yog‘lilik darajasi unchalik baland bo‘lmasa – 0,5 foizli); o‘tkir bo‘lmagan turdagi pishloq (qattiq, yumshoq, eritilgan, ziravorlarsiz kolbasa turdagi); termik qayta ishlanganidan so‘ng qaymoq (10, 15, 30 foiz yog‘lilik darajasi); kefir (qattiq); yogurtlar (termik ishlov berilmagan – tabiiy, sutli va qaymoqli turlari ma’qul); qizaribroq ivigan qatiq (ryajenka), qatiq, bifidok va boshqa sut mahsulotlari; qaymoq (yog‘lilik darajasi 10, 20 va 30 foiz).
Oziq-ovqat yog‘lari:
– sariyog‘; o‘simlik yog‘i (kungaboqar, faqat dog‘langan paxta yog‘i); salatlarga, vinegretlar, seld balig‘i, ikkinchi taomlar salat yog‘i; margarin pishiriqlar uchun; qovurish uchun cheklangan (faqat oliy navlar).
Qandolatchilik mahsulotlari:
– konfetlar (zefir, qiyom, marmelad ma’qul), shokolad haftasiga bir martadan oshmasligi kerak; qotirilgan kulcha non (galeta), pishiriq, kreker, vafli, keks (ta’m beruvchi moddalarsiz); pishiriqlar, tortlar (uvalanadigan xamirli va biskvitli, kremsiz); qiyom, murabbo, povidlo, korxonada qadoqlangan asal.
Sabzavotlar:
– kartoshka, karam, gulkaram, sabzi, lavlagi, bodring, pomidor, qovoqcha (kabachki), kulchaqovoq (patisson), piyoz, chesnok (kichik maktab yoshidagi bolalar uchun cheklangan miqdorda), petrushka (kashnichsimon ko‘kat), shivit, selderey (kashnichsimon oshko‘k), tomat pastasi, tomat-pyure.
Mevalar:
– olma, nok, olxo‘ri, uzum va bananlar; har kimning iste’mol qila olish qobiliyatiga qarab sitrusli (apelsin, mandarin, limon); quritilgan mevalar.
Dukkaklilar:
– no‘xat, loviya, soya, mosh.
Sharbat va ichimliklar:
– mahalliy tabiiy va import sharbatlar, ishlab chiqarilgan ichimliklar (oqartirilgan va quyqali), imkon qadar kichik qadoqda; konservantlarsiz va qo‘shimcha moddalarsiz ishlab chiqarish turidagi vitaminli ichimliklar; kakao, choy; ichimlik suvi.
Konservalar:
– go‘shtli konserva; konserva ovqatlari (go‘shtli suyuq ovqat (rassolnik), mol go‘shtli karam sho‘rva, mol go‘shtli grechka kabi tabiiy mahsulotlar bo‘lmaganda istisno tarzida); losos (qizil go‘shtli baliq); sharbatlar, meva bo‘laklari, baqlajon va qovoqcha ikrasi;
sterillangan pomidor va bodringlar, non, yorma, makaron mahsulotlari – barcha turlari cheklanmagan miqdorda tavsiya etiladi.
Maktab o‘quvchilari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzining asosi sifatida sog‘lom ovqatlanishni keng tushuntirish ishlari olib borilishi juda muhim hisoblanadi. O‘quvchilarning sifatli oziq-ovqatlar bilan ta’minlanishini nazorat qilish kelgusida sog‘lom avlod voyaga yetishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Dildora MIRAKBAROVA,
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va
jamoat salomatligi qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi
Chilonzor tumani bo‘limi bolalar va o‘smirlar gigiyenasi bo‘limi sanitariya vrachi