Gender zo‘ravonlikka qarshi 16 kun faollik
O‘zbekistonda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Buyuk Britaniya hukumati ko‘magida tashkil etilgan “Gender zo‘ravonlikka qarshi 16 kun faollik” xalqaro kampaniyasining rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida “Ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga sektorlararo yondashuv: milliy tajriba, tajriba va yutuqlar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
25 noyabr – Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni bartaraf etish uchun kurash xalqaro kunidan 10 dekabr – Inson huquqlari kunigacha davom etadigan “16 kun faollik” kampaniyasi ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni inson huquqlarining eng yirik buzilishlaridan biri sifatida hal etish zaruratini ta’kidlaydi.
Davra suhbatida davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati vakillarining O‘zbekistonda gender zo‘ravonlikka qarshi kurash hamda bolalarni himoya qilish tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha yutuq va muammolar hamda kelgusi strategiyalarning muhokamasi ko‘rib chiqildi.
Nigina Abazoda,
UNFPAning O‘zbekistondagi vakili:
– Gender zo‘ravonlikka qarshi kurashda birgalikdagi sa’y-harakatlarimizni birlashtirish juda muhimdir. «16 kun faollik» kampaniyasining boshlanishi ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni yo‘q qilishga bo‘lgan sadoqatimizni tasdiqlaydi. Ma’lumotlarga asoslangan va to‘plangan tajriba bilan boyitilgan birgalikdagi yondashuvlar xavfsiz va adolatli jamiyatni yaratishning kalitidir”.
Davra suhbatida zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar doirasini kengaytirish, “Bolalarni barcha zo‘ravonlik shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi kabi yutuqlar tilga olindi.
Mansurbek Olloyorov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi,
Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori:
– O‘zbekiston ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlashning muhim bosqichida turibdi. Bu boradagi islohotlarni amaliy va inklyuziv yechimlar bilan birlashtirish orqali barqaror o‘zgarishlarga erishamiz.
Tadbir ishtirokchilari sektorlararo hamkorlik, inklyuziv xizmatlar ko‘rsatish va mahalliy jamoalarni jalb etish zaruratini alohida qayd etishdi.
Yopilish marosimida Parij Olimpiya o‘yinlari chempioni, Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakili Diyora Keldiyorova ishtirokidagi video namoyish etildi.
Maryam AHMEDOVA,
Amal SOLIYEVA