“Kim o‘zar?” – ko‘ngil buzar
Ertalab ishga otlanar ekanman, shaharning sershovqin ko‘chalari bo‘ylab g‘iz-g‘iz o‘tayotgan mashinalar xayolimni bo‘ldi. Shamolday uchqur avtomashinalar og‘irimizni yengil, uzog‘imizni yaqin qiladi.
Ularni boshqaruvchi haydovchilar esa manzilimizga yetkazib qo‘yib, qimmatli vaqtimizni tejashda katta yordam beradi. Ko‘pchilikka oson bo‘lib tuyilgan haydovchilik kasbining ortida nihoyatda katta mas’uliyat, mashaqqat yotadi. Kechani kecha, kunduzni kunduz demay, ba’zan shirin uyqularidan voz kechib, yo‘lovchilar hojatini chiqarayotgan haydovchilar doimo hushyorlik, diqqat-e’tibor va mas’uliyatni his etishlari lozim. Lekin ayni paytda bu kasbga yuzaki qarayotganlar, uning sir-sinoatlaridan mutlaqo bexabar holda haydovchilik guvohnomasini ko‘tarib yurganlar uchrab turadi. Mashina haydashning o‘zi haydovchilik kasbi uchun yetarli emas. Serqatnov ko‘chalarda harakatlanayotganda dovdirab qolsa, xavfli vaziyatlarda tezkorlik bilan chora qo‘llay olmasa, unday haydovchi faqat o‘zi emas, boshqalar hayotini ham xavf ostida qoldiradi.
Haydovchidan yuqorida takidlangan fazilatlardan tashqari sabr-toqat ham talab etiladi. Agar haydovchi toqatsiz, shoshqaloq bo‘lsa, buning oqibati yaxshilikka olib kelmaydi. Ba’zi haydovchilar svetoforning qizil chirog‘i yonib turganiga ham qaramay, mashinani katta tezlikda “uchirib” yurishadi. Ishga, o‘qishga shoshilayotgan piyodalar esa yo‘ldan o‘tishga hayiqib, piyodalar yo‘lakchasida ancha vaqt kutib qolishlariga to‘g‘ri keladi. Aksariyat baxtsiz hodisalar, avtohalokatlar ana shunday vaziyatlarda yuzaga keladi.
Yaqinda bir voqeaning guvohi bo‘ldim. Orqasiga sumka osib olgan 8-9 yoshlardagi bolakay mashinalar tirband ko‘chadan yugurib o‘ta boshladi. Shu vaqt yuqori tezlikda kelayotgan avtomashina haydovchisi tormozni bosishga ulgurmay qoldi. Lekin haydovchi bolaning joniga jabr bo‘lmasin deb, rulni boshqa yoqqa burib yubordi va o‘zi qattiq jarohatlandi. Birpasda yo‘l patrul xizmati nazoratchilari yetib kelib, haydovchini zudlik bilan shifoxonaga olib ketishdi. Xullas, bir lahza ichida ko‘z o‘ngimizda ana shunday noxush hodisa ro‘y berdi.
Bu hodisada kim aybdor? Albatta, bu o‘rinda “qars ikki qo‘ldan chiqqani” ko‘rinib turibdi. Svetoforga yaqinlashib kelayotgan haydovchi har qanday vaziyatda ham tezlikni me’yoridan oshirmasligi, bolakay esa piyodalar uchun mo‘ljallangan svetoforning yashil chirog‘i yonmay turib, ko‘chadan kesib o‘tmasligi kerak edi. Arzimagan e’tiborsizlik ortidan, inson hayoti barbod bo‘lardi. “Yo‘l qoidasi – umr foydasi” deb bejiz aytishmagan. Shoshqaloqlik bilan manzilga tezroq yetishni ko‘zlab, yo‘l qoidalarini buzayotgan haydovchi nafaqat boshqalarning, balki o‘z hayotini ham xavf ostiga qo‘yadi. O‘ylamay bosilgan birgina qadam kishini chohga yetaklaganiday, haydovchining e’tiborsizligi ko‘plab kishilar hayotiga zomin bo‘lishi mumkin. Shuningdek, yo‘lovchilar ham o‘ziga kerakli tartib-qoidalardan xabardor bo‘lishlari lozim. Ertalab yaxshi niyat bilan uydan chiqib ketar ekanmiz, bizga oq yo‘l tilab qolgan yaqinlarimiz oldiga sog‘-salomat borishni, albatta, chin dildan istaymiz. Bu xohishimiz ijobati esa umrimiz foydasi bo‘lmish yo‘l qoidalariga amal qilishimizga bog‘liq.
Zarina RAHMONOVA