«Yosharib» borayotgan muammo: nega barvaqt soch to‘kilishi va oqarishi kuzatilmoqda?
Hozir yoshlar orasida sochlari barvaqt oqarayotgan va hatto sochlarning to‘kilishi bilan bog‘liq bo‘lgan «alopetsiya» deb nomlanuvchi kasallikka chalinganlar ko‘p uchramoqda. Xo‘sh, nima uchun bu muammolar borgan sari «yosharyapti», buning sababi nimada?
Biz ayni mavzuga batafsil to‘xtalish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining trixolog shifokori Odila Tashmatovaga murojaat qildik.
– Hozir ko‘p yoshlarni, hatto kichik yoshdagi bolalarni ham soch to‘kilishi qiynamoqda, – deydi shifokor. – Ularda «alopetsiya» kasalligining eng keng tarqalgan turi – «o‘choqli alopetsiya» aniqlanyapti. Bunda boshning har yerida aylana shakllarni hosil qilgan sochlarning to‘kilishi kuzatiladi.
Bolalardagi soch to‘kilishiga immunitetning shakllanayotgan davri, endokrin, asab tizimlaridagi o‘zgarishlar, gijja kasalliklari, raxit, terining infeksiyali kasalligi kabilarni keltirish mumkin. Ba’zi ota-onalarning bolani o‘zboshimchalik bilan davolashga tutinishi, uning oqibatida kasallikni battar kuchaytirish va o‘tkazib yuborish, qoshlar, tanadagi tuklar ham to‘kilishni boshlaganida murojaat qilishlari ishimizni biroz qiyinlashtiradi. So‘ng, muolajalar natijasi tezda ko‘rinavermagach, tushkunlikka tushishadi.
E’tibor berish zarur: agar bolaning tirnoqlari sinuvchan bo‘lsa, soch tolalari ingichkalashsa, yaltirashi kamaysa, agar u «boshim qichiyapti» deb takrorlayversa, zudlik bilan trixolog shifokorga ko‘rsatish zarur. Shuningdek, bolaning soch ildizlarida kichkina yaralar paydo bo‘lishi yoki sochining rangi biroz o‘zgarishi ham mumkin.
Yosh yigit va qizlarda ushbu kasallik ko‘proq gormonal o‘zgarishlar, turli stresslar, uyqu sifatining buzilishi, kimyoviy qo‘shimchalarga ega bo‘lgan har xil ichimlik va yeguliklarni iste’mol qilish kabi bir nechta sabablar tufayli kelib chiqmoqda. Tashqi ko‘rinishiga alohida e’tibor beradigan yoshlar bundan qattiq tushkunlikka tushishlari tabiiy. Biroq, tushkun ruhiy holat kasallikning yanada avj olishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun tezda mutaxassis shifokorga uchrashish, tekshiruvlardan o‘tib, davolash choralarini ertaroq boshlash lozim.
Markazga «androgen alopetsiya»(tepakallik) muammosi bilan bog‘liq murojaatlar ham juda ko‘paygan. Avval bu kasallik 40-50 yoshli erkaklarda uchragan bo‘lsa, hozir 18-25 yoshli, hali oila qurishga ulgurmagan yigitlarda kuzatilayotgani achinarli.
Shuningdek, yoshlar orasida sochlarning erta oqarishi holatlari ham ko‘p. Avvalo, bu nasl surishini ham hisobga olish kerak. Masalan, ota-ona, bobo-buvilarning yoshlik paytlarida shunday holat bo‘lgan bo‘lsa, albatta keyingi avlodlarda ham uchraydi. Mabodo, naslda bo‘lmasa, bunga organizmda ba’zi moddalarning yetishmovchiligi, xususan, anemiya, gormonal o‘zgarishlar, qattiq tushkunlik, zararli odatlar va noto‘g‘ri ovqatlanish kabi omillar sabab bo‘layotganligini keltirish mumkin.
O‘zbekistonda tibbiyotning bu yo‘nalishi hozir ancha rivojlanib boryapti. Xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi yuqoridagi muammolarni bartaraf etish uchun barcha zamonaviy uskunalar bilan ta’minlangan. Markazdagi mutaxassislarning chet davlatlarda malaka oshirishlari ham yo‘lga qo‘yilgan.
Biz, shifokorlar, shunday muammolarga uchragan har bir bemordan kimdir o‘rgatgan yoki ijtimoiy tarmoqlardagi davo usullarini qo‘llamasligini, o‘z vaqtida mutaxassisga uchrashishini so‘rab qolamiz.
Hozirgi kunda noto‘g‘ri ovqatlanishni odat qilgan, turli kimyoviy qo‘shimchalari mavjud ichimlik va yeguliklarni tanovvul qiladigan, uyqu sifati buzilgan va zararli odatlarga ega bo‘lgan yoshlarimiz yo‘q emas.
Yuqorida keltirilgan kasalliklar naslda kuzatilmagan bo‘lsa, salomatlikka jiddiy e’tibor bergan holda, yurtdoshlarimizning o‘z vaqtida shifokor ko‘rigidan o‘tishlarini tavsiya qilamiz.
Xolida EGAMBERDIYEVA,
jurnalist