Yozning sevimli mahsuloti: ertaki tarvuzdan zaharlanmay desangiz…
O‘lkamizga yoz kirib kelishi bilan mavsumning eng sevimli mahsuloti – tarvuz savdosi qizigandan qiziydi. Sababi jazirama kunlarda tamaddi uchun ushbu rezavordan foydaliroq va yengil hazm bo‘luvchi mahsulotni tanlov qilish mushkul. Ammo kimyoviy o‘g‘itlar bilan haddan ortiq ishlov berilgan tarvuzlar inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Xo‘sh, dorilangan tarvuz nimasi bilan zararli? Uni qanday farqlash mumkin?
Tarvuz yoz faslida eng ko‘p iste’mol qilinadigan mahsulotlardan biri. Uning tarkibida organizm uchun foydali bo‘lgan mineral va vitaminlar bisyor. Ushbu rezavor 92 foiz suvdan iborat bo‘lib, nafaqat chanqoqni qondiradi, balki salomatlik uchun ham juda foydali. Xususan, tarvuzdagi kaliy va magniy asab tizimi va miya faoliyatiga ijobiy ta’sir etadi.
Uning antioksidantlik xususiyati juda yuqori bo‘lib, tarkibidagi likopin, A, V, C kabi darmondorilar hamda kartonoid yallig‘lanish va erta qarishga to‘sqinlik qiladi. Shuningdek, bu mahsulot yurak-qon tomir tizimi faoliyatini yaxshilab, qon bosimini pasaytiradi va xolesterin darajasini nazorat qiladi.
Ammo bu jarayonda ehtiyotkorlikni unutmaslik, ayniqsa, tarvuz sotib olayotganda mahsulotning butunligiga, chirimaganiga va kimyoviy o‘g‘itlar bilan me’yordan ortiq to‘yintirilmaganiga e’tibor qaratish kerak. Afsuski, bugun ko‘pchilik dehqonlar ushbu mahsulotni yetishtirishda azotli o‘g‘itlardan haddan ortiq ko‘p foydalanadi. Bu esa tarvuzdan zaharlanishga sabab bo‘lishi mumkin.
Agar kimdir tarkibida nitrat moddasi me’yordan ortiq bo‘lgan tarvuz iste’mol qilsa, uning noxush belgilari 4-6 soatdan keyin paydo bo‘ladi.
Bunday holatda ko‘ngil aynishi, qusish, ich ketishi, qorin va bosh og‘rig‘i, tana haroratining 38-39 darajagacha ko‘tarilishi, qon bosimining pasayishi, yurak urishining sekinlashishi hamda qo‘l-oyoqlarning sovqotishi, teri rangining o‘zgarishi (ko‘karish) kabi alomatlar kuzatilishi mumkin.
Agar zaharlanish belgilari paydo bo‘lsa, darhol shifokorga murojaat qilish lozim. Bu holatga yuzaki qarash mumkin emas, o‘zini-o‘zi davolash qat’iyan man etiladi. Shuningdek, bu noxush holatdan o‘zimiz va yaqinlarimizni himoya qilish uchun ayrim jihatlarga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq.
Xususan, tarvuz xarid qilayotganda, avvalo, mahsulot manbai, uning sifati va xavfsizligini tasdiqlovchi tegishli ruxsatnomani talab qilish, uning buzilmaganiga ishonch hosil qilish zarur. U shikastlanmagan, yoriqlarsiz, qoraymagan hamda mog‘orlamagan bo‘lishi kerak. Tarvuz kesilganda rangi toza qizil va o‘zgarmagan bo‘ladi. Tanovul qilishdan avval tarvuzni albatta yaxshilab yuvish lozim.
Tarvuz holatining yana bir muhim ko‘rsatkichi qizil qismidagi tomirlar rangidir. Agar ular sariq yoki binafsha tusda bo‘lsa, bunday mahsulotdan ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki u to‘liq pishmagan yoki nitratning ta’siri bo‘lishi mumkin. Qolaversa, tarvuz ustidagi chiziqlar aniq va bir-biri bilan aralashib ketmagan bo‘lishi kerak. Xiralashgan chiziqlar uning nitrat bilan to‘yinganidan dalolat beradi.
Anvar ShUKUROV,
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi
bo‘lim boshlig‘i