«Doktor, tizzamda tuz bormi?»
Tizza bo‘g‘imi og‘riqlarining asosiy sababchisi bo‘lgan artroz kasalligi keng tarqalgan ortopedik patologiyalardan biri bo‘lib, xalqimiz orasida «bo‘g‘imimda tuz bor ekan», «bo‘g‘imimda yemirilish bor ekan» degan tushunchalar bilan mashhur.
Aslida bo‘g‘imlarda tuz deb atayotganimiz, bo‘g‘im yuzasini qoplab turuvchi tog‘ay qatlamda, bo‘g‘im kapsulasida va suyaklarda turli sabablar oqibatida yuzaga keladigan patologik o‘zgarishlar bo‘lib, bunda asosan bo‘g‘im suyuqligini ishlab chiqaruvchi to‘qimalar (xondrotsitlar, sinovial qobiq)ning nobud bo‘lishi kuzatiladi.
Tabiiyki, bo‘g‘im suyuqligini ishlab chiqaruvchi to‘qimalarning nobud bo‘lishi, bo‘g‘im ichida mexanik ta’sirni kamaytiradigan bo‘g‘im suyuqligi miqdorining kamayishiga olib keladi, buning oqibatida bo‘g‘im ichidagi jarohat o‘choqlari yillar davomida kengayib borib, o‘lgan to‘qima qoldiqlarining bo‘g‘im ichida yig‘ilishi keyinchalik bo‘g‘imlarda harakat vaqtida eshitiladigan «xrust»larni yuzaga keltiradi.
Kelib chiqish sabablari:
– genetik moyillik;
– shikastlanishlar;
– inson yoshiga mos kelmaydigan jismoniy zo‘riqishlar;
– ortiqcha vazn va semirish;
– tizza bo‘g‘imi yallig‘lanishlari;
– metobolik kasalliklar;
– ortopedik kasalliklar;
– doimiy stress.
Davo choralari: tabiiyki davolash choralari kasallikni keltirib chiqargan sabablarni bartaraf etishdan boshlanadi.
Kasallikning birinchi bosqichida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, oyoq kiyimni to‘g‘ri tanlash, tana vaznini normallashtirish suyak va tog‘ay to‘qimalari tarkibini asosini tashkil qiluvchi preparatlar (kalsiy, xondroitin sulfat, glyukozamin sulfat)ni qabul qilish bilan ijobiy natijalarga erishsa bo‘ladi.
Xastalikning II bosqichida yuqorida ko‘rsatilgan davo turlariga qo‘shimcha ortobiologiya (PRP, SVF,BMAC), glyukozamin sulfatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘g‘im ichiga yuborish, fizioterapevtik muolajalar, og‘riqlarda esa nosteroid yallig‘lanishga qarshi dori vositalarini qo‘llash yaxshi samara beradi.
III-IV bosqichlarida esa dori vositalarining samarasi ancha pasayib, bemorni doimiy og‘riqlar bezovta qiladi, bunday holatda hozirgi kunda butun dunyoda bemorlarga artroplastika va bo‘g‘imlarni sun’iy bo‘g‘imga almashtirish, ya’ni endoprotezlash tavsiya etiladi.
Tizza artrozini davolash keng qamrovli bo‘lishi kerak. Muvaffaqiyatli davolashning muhim shartlaridan biri o‘z vaqtida tashxis qo‘yish va erta davolashni boshlash. Bu remissiya muddatini uzaytiradi, tog‘ay va suyak shikastlanishi hamda tizza bo‘g‘imining deformatsiyasining oldini oladi.
Aytish kerakki, bugungi kunda ushbu kasallikdan butunlay xalos bo‘lishning imkoni yo‘q. Faqat yuqorida aytib o‘tilgan o‘zgarishlarni kamaytirish mumkin.
Kasallikning oldini olish uchun avvalo sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, kam harakatlik va og‘ir jismoniy zo‘riqishlardan saqlanish, tana vazni normadan oshishiga yo‘l qo‘ymaslik, to‘g‘ri oyoq kiyim tanlash tavsiya etiladi.
Yodda tuting. Tizzangizda og‘riqlar paydo bo‘lsa, avvalo shifokor qabuliga murojaat qilishni unutmang.
Sherzod OTAQULOV,
travmatolog