Xotirani qanday mustahkamlash mumkin?

Ko‘pchilik 60 yoshdan oshgandan keyin (ayrimlarda undan 5-10 yil oldin ham) eshitgan, ko‘rgan, o‘qigan narsalarini, voqea-hodisalar (xususan, tanish-bilish­larning ismi-sharifi, joy nomlari, telefon, mashina raqamlari va boshqalar)ni esida saqlab qolishi yomonlashayotganidan shikoyat qilishadi.
Bunday holatlarning kelib chiqishi bosh miya sohalarida (yarim sharlar po‘stlog‘i va po‘stloq ostki yadrolari) ko‘rish, eshitish, ta’m bilish, hid bilish kabi sezgi a’zolari yordamida maxsus nerv markazlari tomonidan qabul qilingan ma’lumotlarning tegishli vaqt saqlanishi va qayta tiklanishi bilan
sodir bo‘ladigan murakkab fiziologik,
biokimyoviy, biofizikaviy va psixologik jarayonlarning
buzilishidan bo‘ladi.

Xotira va qon aylanishi

Ma’lumki, endi uyqudan turganingizda xotira bilan bog‘liq funksiyalar masalan biron voqea, hodisani aniq, ravshan aytib berish, tas­virlash ancha qiyin bo‘ladi. Chunki odam uzoq vaqt qimirlamasdan tushakda yotganida miyaga qon borishi kamayadi, shu bois nerv hujayralaridan iborat nerv markazlari ishida susayish kuzatiladi. Kishi o‘rnidan turib harakat qila boshlagach (badantarbiya, yuz-boshlarini silab siypalash, yuvinish va hakazo) miyada qon aylanish me’yoriga kelib, voqea-hodisalar batafsilroq esga tushadi. Uyqudan keyin aqliy qobiliyatning ma’lum darajada kuchayishining asosida ham miyada qon aylanishining (u dam olganidan keyin) yaxshilanishi bilan tushuntirish mumkin. Shuning uchun har kim (yoshi, jinsi, kasbini hisobga olgan holda) ma’lum jismoniy faollikni kanda qilmasligi muhim. Bir joyda o‘tirib ­fikr­ yuritgandan ko‘ra, u yoq bu yoqqa yurib fikrlash yaxshi natija berishining sababi ham shunda, harakat qilib turish nafaqat oyoq-qo‘llarda, bosh miyada ham qon aylanishini tegishli holda yaxshilashi isbotlangan.

Oshqozon­ning miyaga ta’siri bormi?


O‘tkazilgan kuzatuvlarda shu narsa tasdiqlanganki, jismoniy faol, gipodinamiya unsurlariga doimiy ravishda qarshi kurashib keladiganlarda xotira bilan bog‘liq yuqorida aytib o‘tilgan nuqsonlar boshqalarga nisbatan 1,5-2 marta kam uchrar ekan. Shuning uchun xotira kuchsizlanib qolishining oldini olishda har kuni badantarbiya mashqlarini kanda qilmaslik, hech bo‘lmaganda, shunchaki yayov yurish bilan mashg‘ul bo‘lib turish asqatadi. Mashg‘ulotlarning miqdori, davomiyligi hamda tezligi har kimning yoshi, jinsi va organizmining fiziologik xususiyatlariga qarab mutaxassis – shifokorlar tomonidan aniqlab beriladi.


Bosh miya nerv markazlarining tegishli oziq moddalari makro va mikro nutriyentlar bilan qanday ta’minlanishi ham muhim hisoblanadi. Ko‘pchilik miya yaxshi ishlashi uchun ko‘proq shakar iste’mol qilishi kerak deb o‘ylaydi. Lekin shakar nerv hujayralari ishlashi uchun energiya (quvvat) beradi xolos, u yetarli bo‘lsayu, oqsil, yog‘, makro va mikroelementlar me’yor darajasida bo‘lmasa xotira yaxshi bo‘lmaydi. Kundalik ratsioni to‘yinmagan yog‘ kislotalari, mikro va makroelementlar, vitaminlar hamda biologik faol moddalarga boy odamlar orasida xotira yomonlashuvi bilan bog‘liq xastaliklar kam uchrar ekan. Unday bo‘lsa, ­eyish-ichishdan kamchiligi yo‘q odamlar orasida yosh oshishi bilan xotiraning yomonlashib borishini qanday tushunish mumkin degan savolning tug‘ilishi tabiiy. Mazali, xush ta’m taomlar iste’mol qiladigan odamlar ovqat bilan barcha kerakli oziq-ovqat komponentini oladi deb aytish qiyin. Chunki bunday ovqatlar kuchli texnologik qayta ishlash (yuqori haroratda qovurish, mikroto‘lqinli pech yordamida, turli-tuman qo‘shimchalar aralashtirish va boshqalar) yo‘li bilan tayyorlanadi. Natijada, ulardagi tabiiylik tamoman yo‘qolib ko‘pgina foydali xususiyatlari keskin kamayib ketadi. Shuning uchun ham juda mazali ovqatlar yuqori darajada foydali emas. Boz ustiga ularning organizm uchun zarari ham bisyor. Ya’ni bunday taomlar odatdagiga qaraganda ko‘p miqdorda yeyiladi, shunga yarasha oshiqcha kaloriyali ovqat yeyilgani bois semirish kuzatiladi.


To‘yingan yog‘ kislotalari tanamizda yomon xolesterin miqdorini oshirib yuboradi. Bu hol ancha xavfli bo‘lib, tomirlarda toshmachalar (blyashki) hosil bo‘lishiga, u miyadagi mayda kapillyar qon tomirlaridagi harakatni yomonlashtiradi, nerv markazlari, aytib o‘tganimizdek, eng kerakli moddalarga muhtojlik sezadi. Bu esa, o‘z navbatida, xotiraning yomonlashib borishiga, keyinchalik insult kabi qariyb bedavo dardlarga olib keladi. Shulardan kelib chiqib aytish aytish joizki, yosh oshib borgan sari xotira yomonlashuvi bilan bog‘liq xastaliklarning oldini olishda sog‘lom ovqatlanish tamoyillariga amal qilish muhim.

Yana o‘qing:  QORINDA YIG‘ILSA DAM...

Miyani mashq qildirish


Yosh oshib borishiga qaramasdan xotiraning yomonlashishini to‘xtatish yo‘lida yana bir muhim tadbir bu miyani mashq qildirishdir. Tanadagi har qanday a’zo, jumladan, bosh miya ham doimiy ravishda faol ishlab turmasa, asta-sekin morfofunksional jihatdan kuchsizlanib, ya’ni atrofiyalanib boradi. Olib borilgan ko‘pgina tadqiqotlarda shu narsa aniqlanganki, aqlan faol odamlarda (doimiy ravishda aqliy mehnat bilan shug‘ullanuvchilar-yozuvchilar, ilmiy xodimlar, til o‘rganuvchilar, kitob o‘qishni kanda qilmaydiganlar va hakazo) boshqalarga nisbatan xotira ancha kuchli bo‘lar ekan.
Shularga ko‘ra keksarib borayotganlar har kuni bosh miyani faol ishlashga majbur qiluvchi quyidagi aqliy gimnastika bilan shug‘ullanib borishsa, xotira kuchsizlanmasligi yo‘lida muhim ish qilgan bo‘ladi. Bularga shaxmat o‘yini, unchalik murakkab bo‘lmagan matematik hisob-kitoblarni kalkulyatorsiz bajarish, til o‘rganish, she’r yodlash, kitob o‘qib, uni bosh­qalarga aytib berish, o‘naqaylarda chap qo‘l bilan, chapaqaylarda esa o‘ng qo‘l bilan yozishni mashq qilishlar kiradi.


Mana shunday mashqlar bosh miyadagi xotira bilan bog‘liq nerv hujayralari markazlarining bir-biri bilan faol ishlashini rag‘batlantiradi, natijada, biron narsani eslab qolish, oldin bilgan narsalarni e’tirof etish, fikr yuritib, ma’lum masalalarni yechishda asqotadi.

Shoniyoz QURBONOV,

biologiya fanlari doktori, professor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: