Qizamiq kimlar uchun xavfli?
Qizamiq tana haroratining ko‘tarilishi, yuqori nafas yo‘llari, ko‘z shilliq pardasi, og‘iz bo‘shlig‘ining yallig‘lanishi va terida qizil, yirik dog‘li toshmalar toshishi orqali belgi beradi. Kasallik qo‘zg‘atuvchisi virus hisoblanib, bemor yo‘talganda, aksirganda, gaplashganda mayda so‘lak tomchilari xavoga tushadi, keyin nafas yo‘llari orqali sog‘lom bola organizmiga o‘tadi. Yashirin davri 6-17 kun.
Belgilari:
– bolaning darmoni qurib, injiq bo‘lib qoladi;
– ishtahasi yo‘qolib, tez-tez ichi ketadi;
– katta yoshli bolalarda bosh og‘rig‘i, qorin og‘rig‘i, qusish, burun qonashi kuzatiladi;
– toshma toshish davrida bemor qayta isitmalamaydi, tomog‘i qizaradi. 4-6 kunga kelib o‘ziga xos qizil, yirik dog‘ toshmalari avval yuzdan boshlanib, bosqichma-bosqich tananing pastki qismlariga va eng so‘nggida oyoqqa toshib, 2-3 kun ichida butun yuzaga yoyiladi.
Odam qizamiq virusini ilk isitmalash vaqtidan boshlab (odatda, toshma boshlanishidan 4 kun oldin) toshma paydo bulganidan taxminan 4 kun o‘tguncha yuqtirishi mumkin. Immuniteti zaif bo‘lgan bemorlar ushbu kasallik davomida virus yuqtirishlari mumkin. Kasallik alomatlari qizamiq yuqqandan so‘ng 7-21 kun ichida, o‘rtacha hisobida 10 kundan so‘ng paydo bo‘lishi mumkin. Toshmalar, odatda, kasallik yuqqanidan keyin 14 kun ichida paydo bo‘ladi, tana harorati ko‘tariladi, quruq yo‘tal tutib, ko‘z qizarib yoshlanadi, yorug‘likka qaray olmaydi. Yuqoridagi holatlardan so‘ng lunj shilliq qavati atrofida mayda qizil oq dog‘lar paydo bo‘ladi. Shundan 2-3 kun o‘tgach, badanga toshma toshadi.
Qizamiq ikki yoshgacha bo‘lgan, shuningdek, nimjon bolalar uchun, ayniqsa, xavfli. Shu sababdan ularni qizamiqdan juda ehtiyot qilishimiz kerak. O‘n ikki oylikdan boshlab qizamiq, qizilchaga qarshi emlash muhim ahamiyatga ega. Bemor tuzalgach, bir umrga organizmda kasallikka qarshi immunitet qoladi. Xastalikning oldini olishda eng yaxshi vosita-profilaktik emlash hisoblanadi.
Yuzaki qarab, davo choralari ko‘rilmasa, zotiljam ( o‘pka yallig‘lanishi), tomoq shishishi, o‘rta quloqning yallig‘lanishi (otit), ichak kasalliklari kabi asoratlar qoladi. Davolash kasallik alomatlarini yengillashtirishga qaratiladi, chunki tana virus bilan kurashadi. Suyuqliklar va isitma, og‘riqni nazorat qilish uchun dorilar, bakteriyalardan ikkilamchi infeksiyalarni davolash uchun antibiotiklar va A vitamin qo‘llaniladi.
Barcha bolalar Milliy emlash kalendariga asosan 2 marotaba qizamiqqa qarshi emlanadi. Qizamiq, qizilcha va tepkiga (KPK) qarshi emlashning birinchi dozasi bolaning 12 oyligida, ikkinchi dozasi maktabga chiqishdan oldin 6 yoshda emlanadi. Epidemik vaziyatga ko‘ra, aholi orasida va 6 oylikdan 1 yoshgacha bolalar qo‘shimcha ravishda epidemik ko‘rsatma asosida emlanadi.
Qizamiq bolalikdagi kasallik hisoblansa-da, u har qanday yoshdagi odamlarga yuqishi mumkin. Ko‘p hollarda emlanmagan chaqaloqlar ( 1 yoshgacha), bolalar (1-3 yosh) va o‘smirlarda uchraydi. Kattalarning yuqori xavf guruhiga aholi orasida migratsiyaning ko‘pligi sababchi bo‘lmoqda.
Ko‘proq suyuqlik ichish, vitaminlar, minerallar, tabiiy meva, sabzavotlar iste’mol qilish kasallikni oson yengib o‘tish imkonini beradi va asoratlar rivojlanishining oldini oladi.
Nodira LUTFULLAYEVA,
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi
Toshkent shahar boshqarmasi
Chilonzor tuman bo‘limi epidemiologiya bo‘linmasi mudiri