Go‘dak qachon ona sutidan ajratiladi?
Ona suti – go‘dakning sog‘lom ulg‘ayishida bebaho ozuqa. Uning tarkibida chaqaloqlarni yuqumli xastaliklardan himoyalovchi immun tanachalar, hazm jarayonini yaxshilovchi fermentlar hamda boshqa ko‘plab foydali elementlar mavjud.
Ammo baribir ertami-kech emizikli ayollar bolakayni ona sutidan ajratish bilan to‘qnash keladi. Ba’zi kichkintoylar bu davrdan oson o‘tsalar, ayrimlarda esa o‘rgangan odatidan voz kechish biroz qiyin kechadi. Xo‘sh, bu vaziyatda onalar qanday yo‘l tutishlari lozim?
Aytish lozimki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra, bolani 6 oygacha ko‘krak suti bilan parvarishlash shart. Agar go‘dak 2 yoshgacha emizilsa, u turli kasalliklardan himoyalanadi.
Bunday bolalarning jismoniy va aqliy salohiyati yaxshi rivojlanadi. Shu bilan birga, immuniteti mustahkam bo‘lib, ularning qandli diabet, leykoz, me’da faoliyati bilan bog‘liq turli xil kasalliklarga chalinish xavfi nisbatan kamayadi.
Afsuski, ba’zi ayollar 1 yoshdan o‘tgandan keyin bolani emizish befoyda deb o‘ylaydi. Vaholanki, aynan 1 va 2 yosh oralig‘ida kichkintoy organizmi uchun ona suti juda zarur. Shu sababdan har doim ularga bu paytda o‘z farzandlarini ko‘krak suti bilan oziqlantirishi lozimligini uqtiramiz.
Kichkintoyni ko‘krakdan ajratish ona va bolaning o‘zaro munosabatlaridagi muhim bosqich. Shu bois masalaga ancha ehtiyotkor yondashish lozim.
Misol uchun, unga qo‘shimcha ovqat berishni 6-8 oylikdan boshlab, bu vaqtda emizishlar sonini asta-sekin kamaytirib borish, buning o‘rniga esa oz-ozdan qo‘shimcha ovqat berib borilishi maqsadga muvofiq. Bu esa go‘dakni ona sutidan ajralishini osonlashtiradi.
Shu bilan birga, kichkintoyning e’tiborini boshqa narsalarga jalb qilish, u bilan ko‘proq jismoniy va psixologik aloqada bo‘lish zarur. Ko‘pi bilan ikki hafta mobaynida sutdan chiqarishga erishish mumkin.
Go‘dak injiqlanib, emishni istasa, unga tayyor bo‘tqa, nimtatir shirin choy yoki mevali sharbatlar berish tavsiya qilinadi.
Ko‘pchilik onalar dilbandini yaqin qarindoshinikiga berib, uni emizishdan chiqarmoqchi bo‘ladi. Biroq bu unachalik to‘g‘ri usul emas. Aksincha, dilbandining yonida bo‘lib, kichkintoy hayotidagi bu o‘zgarishni u bilan birga qarshi olish farzandning kelajak hayoti uchun muhim.
Eng yaxshi muddat – bolani kuz va bahor faslida ko‘krak sutidan ajratish mumkin. Yozda esa ona suti bolakayni turli xil me’da infeksiyalaridan himoyalaydi.
Natalya NODIRXONOVA,
Respublika ixtisoslashtirilgan
akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy
tibbiyot markazi direktori,
tibbiyot fanlari doktori