Yurak xuruji og‘riqlarsiz kelsa…
Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, barcha o‘lim holatlarining 56 foizi yurak qon-tomir kasalliklari oqibatida yuzaga kelar ekan. Oxirgi paytlarda yurak xuruji bilan vafot etish holati ko‘payib bormoqda. Yurak xuruji o‘zi qanday kasallik va buning oldini olish uchun biz qanday yashashimiz zarur?
Bilamizki, inson yoshi o‘tgan sayin nafaqat tez-tez xastalanib qoladi, balki kasallikka dosh berishi ham qiyinlashib boradi. Unchalik ham jiddiy ko‘rinmagan kasalliklar, aslida yoshi katta insonlar uchun xavfli bo‘lishi mumkin. Misol uchun yurak kasalliklari. Yurak xuruji to‘sh sohasidagi og‘riq, nafas qisilishi, tez-tez holdan toyish, yurakning betartib va tez urishi, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi holatlar kabi belgilar bilan ogohlantirish beradi. Agar og‘riq bo‘lsa, bemorlar o‘z bilganicha dori-darmon ichmasligi, zudlik bilan shifokor ko‘rigiga borishini va tibbiy ko‘rikdan o‘tishini ta’minlash zarur! Shifokorning o‘z vaqtidagi va malakali yordami bilan bemor yana uzoq yillar yashashi mumkin!
Qachon zudlik bilan tez yordam chaqirish kerak?
Miokrad infarkti ko‘p odamlarning hayotiga zomin bo‘ladi, yurakdagi tuzatib bo‘lmas o‘zgarishlar esa yurak xurujidan 20 daqiqa o‘tiboq paydo bo‘ladi. Shu bois juda tezkorlik bilan harakat qilish kerak. Eng avvalo, yoningizdagi odam o‘zini yomon his qilsa va siz kasallik belgilarini yurak xurujiga o‘xshatsangiz, bemorning boshini baland ko‘tarib yotqizish va tez yordamga qo‘ng‘iroq qilish zarur. Imkon qadar shaxsiy mashinada bo‘lsa ham shifoxonaga tezroq yetkazish kerak! Qolaversa, derazani ochish,kiyimlarni yegillatish ayniqsa ko‘krak qafasini erkin qo‘yish muhim ahamiyatga ega. Aspirin tabletkasi bo‘lsa, bemorga chaynashga berish zarur. Bemorga qachon va qancha dozada dori berganingiz aniq bo‘lsin, sababi bu ma’lumotlar shifokorga as qotadi. Unutmang, bilib-bilmay dori berishingiz bemorni yanada og‘ir holatga tushirishi mumkin. Og‘riq ayrim hollarda pastki jag‘ va korin sohasida oshqozonda ham bo‘ladi. Bemorlar ko‘p hollarda og‘riqning manziliga qarab gastroenterolog yoki jag‘ sohasida bo‘lganda stomatologga murojaat qiladi. Bu kasallikning chuqurlashishiga sabab bo‘ladi. Ro‘za oyida odamlar suvni kam ichadi. Organizmga kerakli miqdordagi suv kirmagandan keyin qon quyuqlashadi va natijada infarkt holatlari ko‘payadi.
Oldini olish uchun qanday yashash lozim?
Jismoniy faollik va sog‘lom turmush tarzida yashash umrni uzaytiradi. To‘g‘ri ovqatlanish, chekmaslik muhim ahamiyatga ega. Qon bosimi hamda vaznni nazoratda ushlash kerak. Birdan katta vazn yig‘ishdan ehtiyot bo‘ling! Normal uyqu yurak uchun koni foyda. Uzoq yashay desangiz vaqtida uxlang, vaqtida turing!Unutmang,uyquning yetishmasligi yoshingiz, vazningiz va jismoniy faolligingizdan qat’i nazar, yurak kasalliklari xavfini oshiradi. U mavjud muammolarni jiddiy ravishda kuchaytiradi, chunki uyqu organizmdagi barcha jarayonlarga ta’sir qiladi. Ayting-chi, kimning hayoti mukammal, to‘kis? Shu bois boshingizga tushgan ko‘ngilsizliklarni yurakka olmang! Axir uning vazifalari ko‘p! Stresslarni boshqarishni o‘rgansangiz yuragim o‘z qo‘limda deyavering! Muntazam bosim va stresslar bilan ishlaydigan xodimlar ham yuragi haqida qayg‘urishi lozim! Bir kunda o‘rtacha 1-2 kilometr piyoda yurish,doimiy ravishda meva-sabzavot iste’mol qilish, yurak urushi bir daqiqada o‘rtacha 70 tadan oshmasligini tekshirib turing!
Bir martta yurak xurujini o‘tkazganda…
Bunday bemorlar statsionarda davolanib uyiga qaytgach, dispanser nazoratiga olinadi. Ularni uy sharoitida reabilitatsiya qilishda yengil mashqlarni bajartirish mumkin. Masalan, yengil badantarbiya tavsiya qilinadi. O‘z vaqtida tibbiy ko‘riklarga jalb etish, parhezga amal qilishi, shifokor buyurgan dorilarni vaqtida qabul qilishini kuzatib, oiladagilarga bemor parvarishi bo‘yicha maslahatlar berish lozim.
Og‘riqsiz, yashirin turi ham bor
Bu eng xavflisi. Yurak kasalligi bilan og‘rigan bemorlarning taxminan 20-40 foiz og‘riqsiz shaklda uchraydi. Og‘riqsiz, hech qanday bezovtaliklarsiz kelgan infarkt o‘limni tezlashtiradi. Bunday turni oldindan aniqlash va tashxis qo‘yish qiyin. Sababsiz uyquchanlik, charchoq va qon bosimining juda tez-tez o‘zgarib turishi alomatsiz infarktning belgisi bo‘lishi mumkin. Alomatsiz infarkt keksalarda, qandli diabet bilan og‘riganlarda, qon bosimi yuqori va shuningdek infarktni boshidan o‘tkazganlarda ko‘proq uchraydi. Insonda yurak xuruji ro‘y berdimi yoki yo‘q buni shifokorlar EKG yordamida aniqlashlari mumkin.
Miokard infarkti – bu yurak to‘qimalari nekrozi (halokati). U oziqlantiruvchi arteriyalarning torayishi natijasida mushaklarga kislorod yetishmaganda paydo bo‘ladi.
Malika MUHAMMEDOVA,
kardiolog