O‘t qopidagi «yashirin» mehmon
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun dunyo aholisining 5 foizi o‘t pufagida tosh «olib» yuradi. Eng yomoni, ularning aksariyati bu holatni uzoq vaqtgacha bilmaydi. Xo‘sh, nega shunday? Bu kasallikka qanday omillar sabab bo‘ladi?
Ma’lumki, o‘t pufagi jigarga birikkan kichik qopcha. U o‘zida safro yig‘ib, ovqatlanish payti bu suyuqlikni 12 barmoqli ichakka haydab beradi. Safro esa tanamizga oziq-ovqat bilan kiradigan yog‘larni qayta ishlash va ichak mikroflorasini me’yorlashtirishga yordam beruvchi murakkab suyuqlikdir. Agar u dimlansa yoki tarkibi o‘zgarsa, o‘t yo‘llarida turli noxushliklar yuzaga kelishi va tosh paydo bo‘lishi mumkin.
Bu kasallikdan ko‘proq ayollar va ortiqcha vaznli insonlar azob chekadi. Shuningdek, o‘tirib ishlashga odatlangan odamlarda ham mazkur xastalik ko‘p uchraydi. Sababi, ular tanasida bunday nosog‘lom hayot tarzi tufayli moddalar almashinuvi susayadi.
Qolaversa, pala-partish ovqatlanadigan, yog‘li va tarkibida xolesterin miqdori yuqori bo‘lgan yeguliklarni xush ko‘ruvchilar ham asosiy xavf guruhiga kiradi. Chunki ularda ko‘pincha ovqat hazm qilish jarayoni buziladi.
Tarkibi asosan xolesterin, bilirubin va kalsiy tuzlaridan iborat toshlar o‘t pufagining me’yorida ishlashiga xalaqit beradi. Bu esa tanada safro to‘planib qolishiga olib keladi.
Ba’zida turli omillar tufayli toshlar safro yo‘liga turib, suyuqlik chiqishini butkul yopib qo‘yadi. Natijada o‘t ajralishi buziladi. Pufak devorlari qalinlashib, bemor kuchli og‘riq his qiladi.
Vaqtida davolanmaslik oqibatida ayni holat o‘t pufagi yallig‘lanishiga olib keladi. Eng yomoni, bu jarayon yaqin-atrofdagi a’zolar – oshqozonosti bezi, o‘n ikki barmoqli ichak va me’daga ham tarqalishi mumkin.
Biroq toshlar safro yo‘lida turib qolmagan bo‘lsa, odam u haqida umr bo‘yi bilmasligi mumkin. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bunday bemorlarning 20 foizi o‘t qopida tosh borligini sezmaydi. Buning sababi u aksariyat hollarda og‘riq bermaydi.
Ayrim bemorlar esa «jigarim og‘riyapti», degan shikoyat bilan shifokorga murojaat qiladi. Yana bir holat – ba’zi insonlar o‘ng qovurg‘a ostini ko‘rsatib, «shu joyim uyushgandek» yoki «sovuqlik sezyapman» deydi. Zamonaviy ultratovush tekshiruvlari esa bunday hollarga aniqlik kiritib, to‘g‘ri tashxis qo‘yishga yordam beradi.
Mirshavkat AKBAROV,
jarroh