Oqliq – mustahkam sog‘liq demakdir
Sutni tabiat in’om etgan yetti xazinaning biriga qiyos qilishadi. Bunga sabab ushbu ne’mat ona tabiat tomonidan biologik faol moddalar bilan boyitilganidir.
Tabobat ilmining sultoni Abu Ali ibn Sino o‘zining “Tib qonunlari” asarida sutning bir necha shifobaxsh xususiyatlarini keltirib o‘tgan. Shuningdek, qadimgi faylasuflar ham uni “sog‘liq manbai”, “oq qon”, “hayot sharbati” deya atashgan. Qadimgi Yunoniston, Misr, Rim tibbiyot xodimlari esa sil kasalligini davolash uchun sutni tavsiya etib, bir qancha ko‘rsatmalar berib o‘tishgan. Gippokratning asarlarida sut bilan bog‘liq ko‘pgina ma’lumotlar uchraydi.
Atoqli olim S.Botkin esa o‘z tajribalari orqali sut yurak va buyrak kasalliklarini davolashda asosiy malham bo‘lishini ta’kidlab o‘tgan.
– Ilmiy ma’lumotlarga qaraganda sut tarkibida 200 dan ortiq juda qimmatli har xil tarkibiy qismlar, qulay tarzda muvozanatlashgan 20ta aminokislota, 117 tadan ortiq yog‘ kislotalari, sut qandi, ya’ni laktoza, turli xil mineral moddalar, mikroelementlar, hozir ma’lum bo‘lgan vitaminlarning barcha turlari, pigmentlar, fosfatidlar, sterinlar, fermentlar, gormonlar va me’yoriy hayot faoliyatini saqlab borish uchun organizmga zarur bo‘lgan boshqa moddalar mavjud, – deydi Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi mutaxassisi Faxriddin Kalonov.
Sut oqsillari asosan kazein, albumin va globulindan iborat bo‘lib, xom sutda ular erigan holda bo‘ladi. Kazein tvorog hamda pishloqning asosiy tarkibiy qisimidir. Sutda 0,1 foiz miqdoridagi globulin bor. U antibiotik va immun xossalariga ega. Shu bois organizmni yuqumli kasalliklardan himoya qiladigan antitelelar manbai bo‘lib xizmat qiladi. Sut 20 ta aminokislotani o‘z tarkibida saqlaydigan hayot uchun zarur bo‘lgan oqsillar qatoriga kiradi. Shu aminokislotalarning 8 turini inson organizmi sintez qilmaydi va ular ovqat bilan inson jismiga kirib turishi shart. Buni qarangki, shulardan loaqal bir turi organizmda yetishmasa vujudimizdagi modda almashinuvining buzilishiga sabab bo‘lar ekan.
Mazkur ne’matning tarkibida uchraydigan yog‘ ham organizm uchun boshqa yog‘lar singari boy energiya manbaidir. Bu yog‘ning suyuqlanish harorati past 27-35oS bo‘ladi. Shu bois sut yog‘i odam organizmiga singishi oson kechadi. Sut yog‘ida A, D, Ye, K vitaminlari erigan holda bo‘ladi, boshqa yog‘larda esa bu vitaminlar deyarli uchramas ekan. Bu mahsulotda ko‘pgina fermentlar mavjud. Jumladan, lipaza yog‘larni parchalovchi ferment. Sut qandi – laktozani glyukoza va galaktoza xosil qiladi. O‘z-o‘zidan glyukoza jigarning normal ishlab turishi uchun zarur modda hisoblanadi. Fosftaza qon paydo qilish va suyak hosil qilishda mushaklarning, jumladan, yurak mushaklarining harakatlanishida ishtirok etadi. Sut tarkibidagi foydali moddalardan yana biri bu katalazadir. U moddalar almashinuvi jarayonida hosil bo‘ladigan vodorod perioksidning zaharli ta’siridan organizmni saqlab turadi. Bu esa sut va sut mahsulotlarining naqadar bebaho ekanligini isbotlaydi.
AHOLINING EHTIYOJIGA QARAB…
Xalqimiz azaldan sutni oqliq deya e’zozlagan. Sutning foydali va shifobaxsh xususiyatlari haqida ota-onalarimiz, bobo-yu-buvilarimizdan ko‘plab rivoyatu hikmatlar eshitganmiz. Shu sababdan bizda doimo sog‘in sigir oila boyligi hisoblanib, unga qut-baraka timsoli sifatida qaralgan.
Xorijlik mutaxassislarning so‘nggi izlanishlariga ko‘ra shu ma’lum bo‘ldiki, tabiiy sut mahsuloti organizm uchun zaruriy bo‘lgan ko‘plab vitamin va minerallarni berish bilan birgalikda osteoporoz xastaligining kelib chiqish xavfini keskin kamaytirar ekan. Yo‘g‘on ichak saratoni, yuqori qon bosimi va qandli diabet xastaliklarining oldini olishda ham yordam beradi. Shuning uchun keyingi paytlarda Yevropa mintaqalarida tabiiy sutni iste’mol qilish har qachongidan ham ommalashgan.
Istiqlol yillarida yurtimizda sohaga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaydi. Aholi sonining o‘sishi va bu mahsulotga bo‘lgan talabning uzluksiz ortib borishi respublikada sut mahsulotlarining iste’molini tashkil etish bo‘yicha qator masalalarni hal etish lozimligini talab etadi. Shulardan biri aholining sut va sut mahsulotlari ishlab chiqarish hamda uning turfa xilligini oshirish, zotli mollarning sonini va sifatli xom sut olish hajmini ko‘paytirishdir.
Sa’y-harakatlar natijasida yiliga 7,2 mln. tonnadan ortiq sut olinmoqda. Bu ko‘rsatkichga erishishda esa respublikamizda faoliyat olib borayotgan olti yuzdan ortiq sutni qayta ishlash korxonalarining o‘rni katta. 2013 yilning o‘zida ichki va tashqi investitsiyalar jalb etgan holda mazkur sohada umumiy qiymati 16,6mln. AQSH dollariga teng bo‘lgan 126 ta loyiha amalga oshirildi. 95ta korxona yangidan barpo qilindi.
Ahamiyatlisi, bu loyihalar respublikamizning chekka tuman va qishloqlarida amalga oshirildi. Bu esa o‘z navbatida joylarda yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga turtki bo‘ladi, aholi bandligi ta’minlanadi. Masalan Amudaryo tumanidagi yiliga 1 ming 435 tonna sutni qayta ishlash quvvatiga ega “Atamurot hoji bobo” fermer xo‘jaligi, G‘allaorol tumanidagi 300 tonna sut va sut mahsulotlarini qayta ishlab, iste’molchilarga yetkazib berish imkoniyatiga ega bo‘lgan “Tashabbuskor” fermer xo‘jaligi, Past Darg‘om tumanidagi yiliga 400 tonna sutni qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘lgan “Chortut chorva nasl” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etilayotgani shular jumlasidandir. Natijada shu hududda yashovchi aholi sifatli va zamonaviy qadoqlangan sut va sut mahsulotlari bilan ta’minlanadi.
Tizim ravnaqida chet el investitsiyalarining ham sezilarli o‘rni bor. Jumladan, “Nestle – O‘zbekiston” qo‘shma korxonasi aseptik sharoitda tetra pak va tetra finna idishlariga qadoqlangan sterizatsiyalangan sut, sutli ichimlik va saryog‘, quruq sutli bolalar bo‘tqasi va quruq sut ishlab chiqarmoqda. Shuningdek, Samarqand viloyatidagi “Paxtachi sut”, “Agar bravo”, Andijdon viloyatidagi “Rash Milk”, Qashqadaryo viloyatidagi “Teva boshi”, Toshkent viloyatidagi “Yangiyo‘l sut”, Xorazm viloyatidagi “Tillo Domar”, va boshqa korxonalarning faoliyati ham sohada ijobiy o‘zgarishlar kuzatilishiga turtki bo‘layotir. Davlatimiz tomonidan sut ishlab chiqarish tarmog‘ini yanada rivojantirish uchun investorlarga imtiyozlar yartilib, sutni qayta ishlashga ixtisoslashgan mikrofirma va kichik korxonalarni rivojlantirish maqsadida yagona soliq to‘lash 50 foizga kamaytirildi. Mazkur korxona va mikrofirmalar mablag‘larini zamonaviy laboratoriyalar qurish va mavjudlarini kerakli texnologiyalar bilan ta’minlash, yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yaxshilash hamda xom ashyo bazasini rivojlantirishga maqsadli yo‘naltirish belgilangan. Shuningdek, xom sutni qayta ishlashda kerakli bo‘ladigan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan, chetdan keltiriladigan asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar va yordamchi materiallar bojxona to‘lovidan ozod etilgani ham sohaga qaratilayotgan e’tibordan dalolatdir.
XORIJNIKIDAN QOLISHMAYDI
Maxsus korxonalarning barpo etilishi aholi tomonidan uy sharoitida sut mahsulotlarini tayyorlash hajmi kamayishiga sabab bo‘lmoqda. Boisi hozirgi kunda bejirim, bir marta ishlatiladigan polimer idishlarda qadoqlangan saqlanish muddati uzaytirilgan sut mahsulotlarining turlari va miqdori ham kundan-kunga oshib bormoqda. Do‘kon peshtaxtalaridagi turli ko‘rinishdagi sut mahsulotlari bunga yaqqol misoldir. Bu mahsulot O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining DSNMlari qoshidagi Sertifikatlash idoralari va “O‘zstandart” agentligining sertifikatlash tashkilotlari tomonidan tegishli tartibda muvofiqlik sertifikati bilan kafolatlanadi. Xorijdan keltirilayotgan mahsulotlar ham mazkur bosqichlarni bosib o‘tib, belgilangan talablarga javob bergandan so‘nggina muvofiqlik sertifikati bilan savdoga chiqariladi.
Uy sharoitida tayyorlangan sut va sut mahsulotlarini esa savdo rastalariga chiqarishdan oldin amaldagi vetirenariya va sanitariya-gigiyena qonun-qoidalariga binoan ko‘rikdan o‘tkaziladi. Joylardagi sanitariya-epidemiologiya stansiyalari tomonidan mahsulot iste’molga yaroqliligi aniqlanganidan so‘nggina sotuvga ruxsat beriladi.
CUT HAQIDA QIZIQARLI FAKTLAR
Yaponiyalik olim S.Xigushi qatiq-yogurt mahsulotlarini iste’mol qilish orqali atom nurlanishidan zararlangan kishilarni tuzalib ketishganini (radiaktiv nurlanish ta’siridagi kishilar har kuni 1 litrdan yogurt ichib turgan) o‘z tajribalarida isbotlagan. Xigushining fikricha, bu sut tarkibida sistin, lizin, glutamin moddalari organizmni atom nurlanishdan xalos etar ekan.
Mutaxassislarning kuzatuvlariga ko‘ra odam o‘z umri davomida 10 ming litr sut ichar ekan.
Sut mahsulotining bahosi Amerika Qo‘shma Shtatlari hamda Yevropaning ba’zi bir hududlarida yoqilg‘idan ham qimmatroq turar ekan.
Sut tarkibidagi oqsil tufayli ko‘pirish xususiyatiga ega.
250 ml sut tarkibida 300 mg kalsiy mavjud. Kalsiyning bunday miqdori 3 stakan yong‘oqda yoki 4 stakan qora loviyada uchrar ekan.
Bir kilogramm pishloq ishlab chiqarish uchun 10 funt sut, 0,5kg saryog‘ ishlab chiqarish uchun 21 funt sut, 4 litr muzqaymoq uchun 12 funt (1 funt – 409,5 gramga teng) sut darkor bo‘ladi.
Sut tarkibini 90-95 foiz suv tashkil etib, qolgan qismini vitaminlar, oqsillar, uglevodlar, yog‘lar tashkil etadi.
Bolalarning organizmi tez o‘sganligi bois ularga ozuqaviy vitaminlar, kerakli hajmda kalsiy zarur. Sut tarkibida esa bu moddalar yetarli darajada mavjud ekan.
Ma’rifat TOLIPOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri