Qanday xastaliklarda uqalash muolajasi mumkin emas?
Massaj mushaklar zo‘riqishini qoldirib, ularning tonusini oshiradi, tomirlar bo‘ylab qon va limfalar harakatini tezlashtiradi, yurak ishini yengillashtiradi. Massaj paytida qon tarkibida gemoglobin, eritrotsit va leykotsitlar miqdori ko‘payadi, organizmdagi keraksiz mineral tuzlar chiqib ketishi tezlashadi.
Massaj bo‘g‘im paylarini mustahkamlaydi, ularning harakatchanligini oshiradi.
Massaj harakati yordamida bosh og‘rig‘ini to‘xtatish, sellyulit(yog‘ to‘planishi)ning oldini olish, shuningdek, ko‘pgina xastaliklardan davo topish mumkin.
Ammo quyidagi holatlarda massaj olish mumkin emas:
– tana harorati yuqori bo‘lganda;
– onkologik kasalliklarda;
– venalarning varikoz kengayishida;
– operatsiyadan keyingi dastlabki oylarda;
– infarkt va insultdan so‘ng (1 oy ichida);
– teri xastaliklari va shikastlanishlarida.
Shuni unutmaslik kerakki, massajda limfa tugunlari bor joylar – chov sohasi, qo‘ltiq osti, tizza taqimi, bo‘yin (uyqu arteriyasi sohasi va qalqonsimon bez), qorin sohasi avaylab uqalanadi, chunki bu nuqtalarda nerv uchlari ko‘p to‘planadi.
Qandli diabet, gipertoniya, OITS, sil kasalliklariga chalingan bemorlar uchun ham massaj olishda cheklovlar mavjud.
Ra’no NOSIROVA,
Chilonzor tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i