Alopetsiya: soch to‘kilishiga nima sabab bo‘ladi?

SSV Matbuot xizmatining soch kasalliklari va ularni davolashdagi zamonaviy yondashuvlar haqidagi savollariga Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya venerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Ilhom RAHIMOV javob berdi.

– Sochlarning me’yorda o‘sishi nimaga bog‘liq? Soch kasalliklari kimlarda ko‘proq uchraydi?


– JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo miqyosida ushbu kasallikning u yoki bu shakli bilan kasallanganlarning 65 foizi erkaklar va 35 foizi ayollardir.
Kasallikning ko‘payishi, bir tomondan, organizmdagi surunkali kasalliklar, stress, uzoq vaqt qo‘llanilayotgan dori-darmonlarning salbiy ta’siriga bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ekologik omillar, iste’mol qilinayotgan oziq-ovqatlar tarkibida foydali moddalarning yetishmovchiligiga ham bog‘liq.
Bu masalalarni o‘rganuvchi tibbiyot sohasi – trixologiya boshning sochli qismi va sochlarning normal holatda tuzilishi, o‘sishi hamda soch kasalliklarining oldini olish va davolash usullarini o‘rganadi. Soch to‘kilishi bilan bog‘liq holatlar tibbiyotda alopetsiya deb yuritiladi.
Soch tolasi o‘zak va ildiz qismlaridan iborat. Uning tarkibi pigment va keratin moddalaridan tashkil topgan.
Insonning boshida o‘rtacha taxminan 100 000 soch follikulalari mavjud. Qizig‘i, soch rangiga qarab, follikulalar soni va qalinligi farq qilishi mumkin. Soch tolasi malla sochlilarda 150 000 ta, qizg‘ish sochlilarda esa 50 000 ta bo‘lishi mumkin.
Hayot davomida har bir follikuladan 20-30 ta soch tolasi o‘sishi mumkin. Har bir yangi soch tolasi 2-7 yil davomida o‘sishi mumkin va uning uzunligi bir metrdan oshadi.
Soch o‘sishi uch bosqichda bo‘ladi:
– Anagen bosqichi – o‘sish davri. Boshdagi 85 foiz soch tolasi ushbu bosqichda o‘sadi. Bu davr 2-5 yilgacha davom etadi.
– Katagen bosqichi – regress davri hisob­lanib, 1 foiz sochlar ushbu bosqichda paydo bo‘lib, 3-6 hafta davom etadi.
– Telogen bosqichi – tinchlanish davri. Bu davr 1-3 oy davom etib, bu bosqichda 14 foiz sochlar o‘sishi kuzatiladi.
Soch tolalari butun hayot davomida 25 marotaba ushbu siklni o‘taydi.

– Soch to‘kilishiga sabab bo‘luvchi omillar nimalardan iborat?

– Soch to‘kilishiga bir necha omillar sabab bo‘ladi. Masalan:
– stress;
– nasliy moyillik;
– modda almashinuvining buzilishi;
– surunkali ichki a’zolar kasalliklari;
– endokrin kasalliklar;
– dori-darmonlarning salbiy ta’siri;
– infeksion kasalliklar;
– noratsional ovqatlanish.
Soch to‘kilishi bir necha turlarga bo‘linadi:
Fiziologik yoki qarilik sabab soch to‘kilishi. Vaqt o‘tishi bilan inson organizmida to‘kilgan sochlarni qayta to‘liq tiklash qobiliyati kamayishi natijasida kallik paydo bo‘ladi. Ayollarda fiziologik soch to‘kilishi diffuzion xarakterda bo‘lib, kallik kuzatilmasligi mumkin. 55-65 yosh normal fiziologik soch to‘kilishi kuzatiladigan yosh, deb hisoblanadi.
Patologik soch to‘kilishining o‘zi ham bir necha turga bo‘linadi: chandiqli va chandiqsiz soch to‘kilishi.
Chandiqli soch to‘kilishi turli xil kasalliklar, jarohatlar va rentgen nurlaridan yuz beradi.
Chandiqsiz soch to‘kilishining o‘choqli, subtotal, total, universal, lentasimon, androgen soch to‘kilishi kabi turlari bor.

– Patologik, ya’ni biror kasallik yoki salbiy asoratlar sabab paydo bo‘ladigan soch to‘kilishiga olib keladigan omillar haqida so‘zlab bersangiz.


– Patologik soch to‘kilishining chandiqsiz shakli uchoqsiz, subtotal, total, universal, lentasimon, androgen soch to‘kilishi kabi turlarga bo‘linadi.
– O‘choqli soch to‘kilishi – yosh bolalarda va kattalarda uchrovchi soch kasalligi bo‘lib, boshning sochli qismida yoki soqol sohasida chegaralangan, dumaloq, oval shakldagi soch to‘kilishi o‘choqlari paydo bo‘ladi. Kasallikning bu turida soch terisi deyarli o‘zgarmaydi.
– Subtotal soch to‘kilishi – mayda o‘choqlarga yana boshqa soch to‘kilishi o‘choqlari qo‘shilishi natijasida paydo bo‘ladi. Kasallikning bu turida bosh terisida uzun sochlar saqlanadi.
– Total soch to‘kilishi – boshda soch tolalari kuzatilmaydi, ammo tananing boshqa sohalarida soch va tuklar saqlanadi.
– Universal soch to‘kilishi – butun bosh terisida sochlar, qosh, kiprik, soqol va tanada tuklarning kuzatilmasligi ushbu kasallik belgisidir.
– Lentasimon soch to‘kilishi – kasallik ensa sohasida soch to‘kilishi bilan boshlanib, uzun lenta shaklida quloq supralari yoki chakka sohasi tomon rivojlanadi.
– Androgen soch to‘kilishi – boshning sochli qismida androgenlar metobolizmining buzilishi natijasida va buning soch follikulalariga ta’siri oqibatida ushbu kasallikka irsiy moyilligi bo‘lgan insonlarda kuzatiladi.

– Androgen soch to‘kilishi erkaklar va ayollarda bir xil kechadimi?


– Aksincha, alopetsiya ikki jins vakillarida o‘zaro farqli kechadi. Erkaklarda kasallik, odatda 20-22 yoshda boshlanib peshona ustki qismida va tepa qismlarda kuzatiladi. Soch to‘kilishi aksariyat hollarda bosh sohasida yog‘ bezlari faoliyatining buzilishi (seboreya) va seboreyali dermatit bilan birga kechadi. Ayollarda esa soch to‘kilishi o‘choqlari tepa va chakka sohalarida uchraydi, ammo to‘liq soch to‘kilishi bilan kechmaydi.
Alopetsiyani keltirib chiqaruvchi sabab­lar quyidagilar:
– androgen yoki anabolik steroid garmonlar qabul qilish;
– sochlarga turli xil tashqi ta’sirlarning ko‘pligi;
– irsiy moyillik va boshqalar.
Soch to‘kilishi kasalliklari anamnez, tibbiy ko‘riklar, instrumental tekshiruvlar (dermatoskopiya, trixogramma), laborator tekshiruvlar, gistologik tekshiruvlar natijasida tashxislanadi va shunga ko‘ra davo muolajalari olib boriladi.

– Soch to‘kilishiga qarshi qanday davo choralari qo‘llaniladi?


– Alopetsiyani to‘xtatishning bir necha prinsiplari mavjud bo‘lib, shu asosda davolash olib boriladi. Masalan:
– soch follikulalarida mikrotsirkulyasiyani va vaskulyarizatsiyani yaxshilash;
– anagen fazani indutsirlash;
– soch follikulalarida 5 alfareduktaza fermentini va androgenga bog‘liq retseptorlarni bloklash;
– kasallik rivojlanishiga olib keluvchi ichki a’zolar kasalliklarini davolash.
Soch to‘kilishini davolash usullari kasallikning kelib chiqishiga qarab turlanib boradi.
An’anaviy davo usulida V guruh vitaminlari, immun tizimining faoliyatini oshiruvchi, qon tomirlarini mustahkamlovchi, antioksidant dori vositalari qo‘llaniladi.
Plazmolifting texnologiyasi ham bu borada o‘z samarasini bermoqda. Bu bemorning qonidan ajratilgan, trombotsitlarga boy bo‘lgan plazmani teri ichiga yuborish bo‘lib, plazmolifting natijasida tromotsitlarda saqlanuvchi o‘sish faktori fibroblastlarni stimulyasiya qilib, zarur moddalar ishlab chiqarilishini ko‘paytiradi.
Bu jarayon, o‘z navbatida, yangi hujayralarning paydo bo‘lishi va mayda qon tomirlari o‘sishini rivojlantiradi, natijada modda almashinuvi tiklanadi, teri hujayralarida mikrotsirkulyasiya va metobolizm jarayoni yaxshilanadi.

Yana o‘qing:  BIRINCHI TIRIK MIKROCHIP YARATILDI

– Hozir soch transplantatsiyasiga murojaat qiluvchilar soni ham ortib bormoqda…


– Sochlarni tiklash bo‘yicha xalqaro tashkilot (ISHRS) bergan ma’lumotga ko‘ra, hozirgi kunda soch transplantatsiyasining ikki turi rasman ro‘yxatga olingan:
– chok qo‘yish orqali (FUT);
– choksiz usul (FUE).
Bu usullar xirurgik jarayon bo‘lib, o‘ziga yarasha murakkabliklari bor.
FUT usulida follikulalarni ko‘chirib o‘tqazish natijasida yuqori kosmetik natijaga erishish mumkin. Qisqa vaqt ichida (ya’ni 4-6 soatda) ko‘p miqdorda (5000) graftlarni ko‘chirib o‘tqazish imkoni bo‘ladi. Donor o‘choqdan olingan materiallarning kam miqdorda zarar ko‘rishi hisobiga 92 foiz ekilgan graftlarning yashab ketishiga kafolat beriladi.
– FUT usulining kamchiligi esa loskut (kesim) olingan ensa qismida chiziqli chok hosil bo‘lishidir.
– FUE usuli esa kam invaziv soch transplantatsiyasi usuli bo‘lib, alohida follikulalar donor sohadan maxsus panchlar yordamida olinadi.
Soch ko‘chirib o‘tqazilgandan so‘ng hech qanday chandiq va chok qolmaydi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: