Farzandimiz qanday taomlangani ma’qul?
Bugun ko‘pchilik bolalar kichkinaligidan fast-fudlar bilan taomlanishga o‘rganib qolyapti, shirinliklarga ruju qo‘ymoqda. Ko‘pchilik ota-onalar «Bolamga uyda pishgan ovqatni yedirolmayapman, nuqul xot-dog olib bering, deb xarxasha qiladi» deydi. Oqibatda semizlik, anemiya, bo‘qoq, allergiya, me’da-ichak tizimi bilan bog‘liq kasalliklar ko‘payib bormoqda. Aslida bolalar qanday ovqatlanishi kerak? Ularni to‘g‘ri ovqatlanishga qanday o‘rgatamiz?
Keling, ushbu savollar atrofida fikr yuritsak. «Sen nima tanovul qilsang, shuning o‘zisan» degan ekan donishmandlardan biri. Darhaqiqat, kishi tanovul qilgan taom uning hayot tarziga, salomatligiga, jismoniy ko‘rinishiga, o‘z-o‘zidan ruhiyatiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois farzandlarimizni kichikligidan sog‘lom ovqatlanishga o‘rgatishimiz kerak. Taomnomasida sutli mahsulotlarning bo‘lishi muhim. Sut ichishni xushlamasa, meva, pyure va pechenelar, bo‘tqalar bilan ichirish mumkin. Asosiysi, unga taomni chiroyli ko‘rinishda taqdim qilish kerak. Masalan, shirinliklarni yaxshi ko‘ruvchi bolalarga shokolad o‘rniga chiroyli gulqog‘ozlarda quruq mevalardan tayyorlangan shirinlik berish mumkin. Bola siz taklif qilayotgan taomni rad qilmasligi uchun chiroyli qilib bezatish kerak bo‘ladi. Asosiysi, taom vitaminlarga boy bo‘lishi kerak. Oqsillarga boy pishloq, tvorog, tuxum, A va D vitaminlariga boy sariyog‘dan tortib mevalar, go‘sht, sabzavotlar hamma hammasi kunlik taomnomadan joy olishi lozim.
Taomnomaning xilma xilligi juda muhim. Shunda bola organizmida vitamin, kalsiy yoki boshqa foydali moddalar yetishmovchiligi kuzatilmaydi. Shuningdek, bolada muayyan ta’mga, ya’ni sho‘r, achchiq yoki shirin ovqatga mayl paydo bo‘lishining ham oldini olish kerak.
Bolani ovqatlanish odobiga ham o‘rgatib borish kerak. Ovqatlanishdan oldin va keyin qo‘lni yuvish, dasturxon atrofida chiroyli o‘tirish, kattalardan oldin taomga qo‘l uzatmaslik, ovqatni to‘kmasdan yeyish, qoshiqni to‘g‘ri ushlashni kichikligidan o‘rgatib borgan ma’qul.
Bolalar ko‘p suyuqlik ichishadi. Ko‘chada o‘ynab yurib, chanqasa uyga yugurib kirib katta miqdorda suv ichishadi. Ular uchun oshxonada har doim havo haroratidagi qaynatilgan suv bo‘lishi kerak. Yugurib, yurib kelib, tik turgan holda, birdan ichish zararligini kichkinaligidan uqtirish kerak.
Bola maktab yoshida bo‘lsa, uning ovqatiga yanada jiddiy yondashish kerak. Chunki to‘g‘ri ovqatlanmasa, fanlarni o‘zlashtirishi qiyin kechadi. Ayrim ota-onalar bolalari yaxshi o‘qimasa, uning salomatligiga e’tibor qaratish o‘rniga noo‘rin koyib yuradilar. Maktabga boradigan bola (aslida hamma) ertalabki nonushtani tanovul qilishi shart. Ertalab qaynatilgan tuxum, tvorog, smetana yeyishga, sharbat ichishga odatlanish kerak. Hozirda Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘istondagi maktablarda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul nonushta beriladi. Nonushta berilmaydigan maktablarda bolalar ko‘cha-ko‘yda ovqat sotib olmasligi uchun papkasiga non yoki bulochka, suv, olma solib yuborish maqsadga muvofiq. Bola maktab oshxonasidan biron narsa sotib olib yeyishi mumkin. Biroq yon-atroflardan sinalmagan taomlar yemasligini nazorat qilgan ma’qul.
Bolalikdan o‘smirlikka o‘tish davrida tana shakllanishi kuzatiladi. Bunda murakkab jarayonlar me’yorda kechishi uchun taomnomada oqsil, uglevod, mineral moddalar va vitaminlar yetarli bo‘lishiga e’tibor qaratish zarur. Shifokorlar maktab o‘quvchilari kuniga 100 grammgacha go‘sht va go‘sht mahsulotlari, 400-800 gramm sut va sut mahsulotlari, shu miqdorda meva va sabzavotlar, quruq meva, shuningdek, ma’lum miqdorda asal va qora shokolad tanovul qilishini tavsiya etadilar.
Bugun do‘konlarimiz turli pishiriqlar, pirojniylarga to‘la. Yaxshisi, onalarimiz farzandlariga ularni uyda o‘z qo‘llari bilan tayyorlab bersalar maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu jarayonga bolalarning o‘zlarini ham jalb qilish yanada foydali.
Unutmang, bolalar – kelajagimiz. Ularga har doim e’tiborli bo‘lishimiz shart.
Shohsanam NIYOZMETOVA,
Respublika o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ularni ixtisoslashtirish markazi Urganch filiali o‘qituvchisi