Oshqozon yarasiga chalingan bemorlar qanday taomlanadi?
So‘nggi yillarda Yer yuzida ovqat hazm qilish tizimi kasalliklari, xususan, oshqozon yarasi bilan og‘riyotgan bemorlar soni ortib bormoqda. Asosan 20-40 yosh atrofidagi erkaklarda uchraydigan bu xastalik yildan yilga yosharib, maktab o‘quvchilari, talabalar orasida ham tez-tez kuzatilyapti. Bu kasallikdan qanday saqlanish mumkin? Uni aniqlash va davolash usullari nimalardan iborat? Oshqozon yarasiga chalingan bemorlar qanday taomlanadi? Bu kabi savollarga javob beradigan bo‘lsak, avvalo, to‘satdan ishtaha yo‘qolishi, ko‘ngil aynishi, kuchli og‘riq bezovta qilganda ko‘pchilik bunga yetarli e’tibor bermasligini afsus bilan qayd etish lozim. Ya’ni o‘z bilganicha davo choralarini izlaydi. Aslida esa ushbu belgilar oshqozon yarasi kasalligi alomati bo‘lishi mumkin.
Bu xastalik surunkali bo‘lib, oshqozon, o‘n ikki barmoqli ichak va boshqa ovqat hazm qilish a’zolarida bemor hayotiga xavf soluvchi asoratlar bilan kechadi.
Oshqozon yarasi bir qancha umumiy belgilar bilan namoyon bo‘ladi: och qoringa tungi og‘riqlar, ishtahaning pasayishi, ba’zida butkul yo‘qolishi, ko‘ngil aynishi, ba’zida qayt qilish shular jumlasidan.
Og‘riqlar ko‘p hollarda to‘sh orti va yurak sohasida kuzatiladi. Kasallik odatda erta bahor va kech kuzda qo‘zg‘aydi. Ba’zida bemorlar o‘zlaricha dorilarni qabul qilib, shifokorga kech murojaat qilishadi. Natijada xastalikka kech tashxis qo‘yiladi va ba’zi asoratlar yuzaga keladi.
Sog‘lom ovqatlanish tartibiga rioya qilmaslik (uzoq vaqt quyuq taom yeyish, quruq non-choy bilan cheklanish, ovqatlanishlar orasidagi uzoq tanaffus), ishda va oiladagi nosog‘lom ruhiy holat, zararli odatlar (chekish, spirtli ichimlik iste’mol qilish), irsiy omillar xavfli kasallik qo‘zg‘ovchilari hisoblanadi.
Agar shifokorga o‘z vaqtida murojaat qilinmasa yoki berilgan tavsiyalarga quloq tutilmasa, ayrim asoratlar, xususan, yara teshilishi, penetratsiyasi, ichdan qon ketish va pilorus stenozi kuzatiladi. Eng yomoni, yara saratonga aylanib ketishi ham mumkin. Me’dadan qon ketganida bemor qon qusadi.
Ko‘p qon ketganda bosh aylanadi, darmon quriydi, arterial bosim pasayib, taxikardiya (yurak tez urishi) paydo bo‘ladi. Asoratlarning oldini olish uchun bemorlar yilda ikki marta: kuz va bahor oylarida shifokor ko‘rigidan o‘tishi lozim.
Oshqozon yarasining oldini olish uchun, avvalo, sog‘lom turmush tarziga amal qilish kerak. Shu bilan birga, to‘g‘ri ovqatlanish, chekmaslik va spirtli ichimliklar iste’mol qilmaslik talab etiladi.
Konservativ muolajani imkon qadar barvaqt boshlash lozim. Bu paytda bemor jismonan va ruhan dam olishi, kasallikning tinch davrida ham kun tartibi hamda parhezga amal qilishi zarur.
Shuni aytish kerakki, parhez tutgan bemorlar davolashda juda yaxshi natijalarga erishadi. Buning uchun bir kunda 5-6 marta oz-ozdan ovqatlanish, o‘tkir, tuzlangan, konservalangan va dudlangan taomlardan voz kechish kerak.
Qolaversa, qo‘y va mol yog‘i, o‘tkir masalliqlar (gorchitsa, xren, piyoz, sirka), shuningdek, shira haydaydigan taomlar (go‘sht va baliq sho‘rvalar, qovurilgan taomlar)ni istisno qilish maqsadga muvofiq. Dastlabki 1-2 haftada sut, kisel, doni ezib pishirilgan sho‘rvalar, ilitilgan tuxum tanovul qilgan ma’qul.
Suyuq ovqatlar sutkasiga 5-6 martadan oz-oz iste’mol qilinadi. Bemorning ahvoli yaxshilanib borgach, taomnomaga sutda pishirilgan bo‘tqa, yumshoq go‘sht, baliq qiyma va bug‘da pishirilgan taomlar qo‘shiladi.
4-5 haftadan so‘ng oq non, yog‘siz go‘sht va baliqdan pishirilgan taomlar, qatiq, smetana, tvorog va bo‘tqalar iste’mol qilish mumkin. Yara bitgandan keyin ham parhezga amal qilish shart. Bu esa kasallik qaytalanishining oldini oladi.
Olim G‘ULOMOV,
tibbiyot fanlari doktori