«To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi» umummilliy harakati nimalarni o‘z ichiga oladi?
2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risidagi Prezident Farmoni loyihasiga ko‘ra, «To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi» umummilliy harakatini yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda.
Harakat quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
– aholiga smartfon va mobil ilovalar yordamida o‘z sog‘lig‘i va ovqatlanishini nazorat qilishni o‘rgatish, to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha mobil ilova yaratish;
– bolalarga mo‘ljallangan nosog‘lom oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar, bolalar oziq-ovqat mahsulotlari hamda energetiklar, dori vositalari, biologik faol moddalar reklamasiga talablarni kuchaytirish;
– ta’lim muassasalarida bolalar va yoshlar uchun tavsiya etilmaydigan mahsulotlar, shu jumladan tarkibida shakar, tuz, transyog‘lar miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari, ta’m va rang beruvchi qo‘shimchalar ro‘yxatini tasdiqlash va iste’molini kamaytirish;
– mahalliy mahsulotlar turlaridan kelib chiqib, aholining har bir xavf guruhi va kasallik turlari uchun alohida-alohida sog‘lom ovqatlanishga qaratilgan tavsiyalarni ishlab chiqish;
– yoshi, tana tuzilishi, turmush tarzi va kasalliklarga moyilligidan kelib chiqib, bolalar, kattalar va keksalar uchun to‘g‘ri ovqatlanish, sog‘lomlashtirish mashqlari va gigiyena qoidalari to‘plamini yaratish;
– ish joylarida xodimlarning jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi va sog‘lom ovqatlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish.
Qayd etilishicha, mamlakatda 10,7 mln. aholi sog‘lom turmush tarzini olib bormaydi. Aholining 16,5 foizi tamaki va 4,7 foizi alkogol iste’moli, 16 foizi meva va sabzavotlarni yetarli miqdorda iste’mol qilmasligi (kuniga 400 grammdan kam), 26 foizining esa jismoniy faolligi sustligi aniqlangan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati