Ta’til mazmunli bo‘lsa, o‘quv jarayoni samarali kechadi
2013-2014 yilgi o‘quv mavsumida ham Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘quvchilarning qishki ta’til kunlarini maroqli o‘tkazish maqsadida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va bir qator ishlar amalga oshirildi.
Ushbu rejaga asosan, joylarda ko‘rgazma yarmarkalari tashkil etilgan. O‘quvchilar o‘rtasida mushoiralar o‘tkazish, o‘quvchilarni kutubxonalarga jalb etish, ta’til kunlarida “Bilimlar bellashuvi” hududiy bosqichlarini o‘tkazish, “Umid nihollari” hamda boshqa turli sport musobaqalarini o‘tkazish orqali ularning intellektual salohiyatini oshirish hamda salomatligini mustahkamlashga erishishmoqda. O‘quvchilar o‘rtasida “Qishki ta’til kitobxoni” bellashuvlarining tashkil etilishi va shunga o‘xshash bir qator tadbirlar shular jumlasidandir.
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan har yili o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish, ularning qobiliyat va iqtidorlarini aniqlash maqsadida maktablarning 5-8 sinf o‘quvchilari o‘rtasida 16 ta fan bo‘yicha “Bilimlar bellashuvi” o‘tkazilib kelinmoqda.
2011-2012 o‘quv yilida bilimlar bellashuvining maktab bosqichida jami 1294250 nafar o‘quvchi ishtirok etgan bo‘lsa, 2013-2014 o‘quv yiliga kelib, maktab bosqichidagi ishtiroki etgan o‘quvchilar soni 2152 653 nafarga yetdi. Bu esa qilinayotgan ishlarning samarali bo‘layotganidan dalolatdir.
Bugungi kunda sport inshootlaridan unumli va samarali foydalanish, birinchi navbatda bolalar va o‘quvchi-yoshlarni jismoniy tarbiya hamda ommaviy sportga keng jalb qilish maqsadida, sport turlari bo‘yicha malakali mutaxassislarni jalb qilish hisobiga umumta’lim maktablarida 65432 ta sport to‘garaklari (shug‘ullanuvchilar soni 1637943, shundan qizlar 706878 nafar) hamda bolalar va o‘smirlar sport maktablarida 2 899 ta sport seksiyalari (shug‘ullanuvchilar 322337, qizlar 114 662 nafar) faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘quvchilar o‘rtasida ommaviylikni yanada oshirish maqsadida, “Umid nihollari”, “Alpomish va Barchinoy”, “Quvnoq startlar”, “Xalq ta’limi vazirligi sovrini uchun” kabi an’anaviy, bosqichma-bosqich o‘tkaziladigan sport musobaqalari, shuningdek, respublika va halqaro miqyosda tashkil etiladigan boshqa sport musobaqalari muntazam o‘tkazib kelinmoqda. O‘quvchilarning qishki dam olish kunlarida “Umid nihollari” sport musobaqalarining tuman bosqichlari aynan ta’til kunlarida o‘tkazilishi ham ta’til kunlarining mazmunli o‘tishiga zamin bo‘lmoqda. Qishki ta’til kunlari sportning badiiy gimnastika, sport gimnastikasi, yengil atletika va erkin kurash bo‘yicha, o‘tkazilgan musobaqalarda jami 140501 nafar o‘quvchilar ishtirok etishmoqda.
Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, qishki ta’til kunlarida barcha viloyat, shahar va tuman “Barkamol avlod” bolalar markazlari o‘quvchilar bilan gavjum. Ular ushbu markazlarda faqat fan to‘garaklariga qatnashib qolmasdan, balki o‘quvchilar uchun tashkil etilgan yangi yil bayram tadbirlarida ham ishtirok etmoqdalar.
Bir so‘z bilan aytganda, o‘quvchilarimiz qishki ta’til kunlarida zerikib qolishmaydi. Respublika miqyosida jami 4458 162 nafar o‘quvchilardan 3424 082 nafari turli bellashuv va musobaqalarda, fan to‘garaklari, sport komplekslari hamda ta’lim muassasalaridan tashqari to‘garaklarga jalb etildi.
Shu bilan bir qatorda 240698 nafar 9-sinf o‘quvchilari fan olimpiadalarining tuman bosqichida, 1,5 mln. nafar o‘quvchilar “Umid nihollari” sport musobaqalarining tuman bosqichlarida ishtirok etdi. 100 ming 98 nafar o‘quvchilar “Barkamol avlod” bolalar markazlarida tashkil etiladigan 5023 ta to‘garaklarga, 56179 nafar o‘quvchilar musiqa va san’at maktablarida hamda 1 123 453 nafar o‘quvchilar umumta’lim maktablarida tashkil etiladagan fan to‘garaklariga jalb etildi.
Bundan tashqari, yurtimizdagi barcha dam olish maskanlarida bolajonlarning qishki ta’til kunlarini maroqli o‘tkazishi uchun turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, qiziqarli tomosha va uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Barcha sa’y-harkatlar zamirida esa yoshlarimizning ta’til kunlarini maroqli o‘tkazish bilan birgalikda ularning sog‘lom va ma’nan yetuk bo‘lib kamol topishlari ko‘zda tutilgan.
Xalq ta’limi vazirligi Axborot xizmatibilan hamkorlikda tayyorlandi.