Ishga mukkasidan ketish…
Ishga mukkasidan ketish kasallikdir. Ha, ha, aynan kasallik! Nokimyoviy qaramlikning bir turi bo‘lib, shaxs hayotining deyarli barcha qismi ish bilan o‘tib ketishidir. Bu trudogolizm deyiladi.
Trudogolizmda ish hayotning mazmunini tashkil etadi. Insonni ishining natijasi umuman qiziqtirmaydi, ish jarayoni uchun tinmay mehnat qiladi. Aniq vazifalarni bajarishga kirishadi, mayda detallarga juda e’tibor beradi, ideal darajaga yetkazishga harakat qiladi.
Bu kasallikka uchragan shaxsni na oila, na dam olish, na kundalik yumushlar va na do‘stlar qiziqtiradi. Bunday shaxslarni xobbisi bo‘lsa ham ish bilan bog‘liq bo‘ladi. Erkak trudogoliklar ayol trudogoliklarga nisbatan 2 baravar ko‘proq.
Trudogolizmning asosiy sababi bolalik davri bilan bog‘liq. Agar bolalikda ish – hayot mazmuni ekani va o‘z burch-vazifalarini juda a’lo darajada bajarishga urinish kerakligi uqtirilaversa, u kelajakda trudogolizm kasalligiga chalinishi mumkin.
Yana bir sababi – alkogolizm bilan kasallangan otaning borligidir. Bunday otani ko‘rgan, u chiqargan janjallarini guvohi bo‘lgan farzand, otasining aksi, umuman ichmaydigan insonga aylanishni istab, tunu kun ishlashga qaror qiladi.
Shaxsiy hayotida yorqin lahzalar bo‘lmagan va shaxsiy hayoti omadsiz bo‘lgan yoki yolg‘iz yashaydigan inson o‘zini ishga bag‘ishlaydi. Ishida yutuqlarga erishgan sayin, shaxsiy hayotidagi ko‘ngilsizliklar unutilaveradi. Shaxsiy hayotda haqiqiy munosabatlar o‘rnatishdan ko‘ra, ishda omad qozonishga sho‘ng‘ib ketadi.
Shunday qilib, trudogolizm hayotiy muammolarini hal etishdan qochish usuli sifatida rivojlanib boradi.
Trudogolizm belgilari:
• fikrlashning sistemaliligi;
• qaysarlik;
• omadsizliklar qo‘rquvi;
• mayda ishlarga o‘ta e’tiborlilik;
• ishdan boshqa hech narsaga qiziqmaslik;
• doim ish haqida o‘ylash;
• muayyan qaror qabul qilishning qiyinligi;
• ishdan tashqari holatda yoki navbatdagi vazifani tugallashi oldidan xavotir, ta’sirchanlikning oshishi;
• navbatdagi ish vazifa nihoyalaganda, tezda keyingi topshiriq olish haqida o‘ylash;
• bajarib bo‘lingan ishdan so‘ng, hech qanday xursandchilik hissining yo‘qligi;
• o‘ziga va qilayotgan ishiga nisbatan o‘ta talabchanlik;
• dam olishni dangasalik deb tan oladi.
Trudogoliklarning tasnifi.
O‘zi uchun trudogolik – ishiga mukkasidan ketishni oqlashga urinmaydi.
O‘zgalar uchun trudogolik – doimiy ish bilan bandligini moddiy, oilaviy ahvolini yaxshilash bilan tushuntiradi.
Omadli trudogolik – trudogolizm belgilari bilan karerada cho‘qqilarga erishish.
Trudogolik – omadsiz – vazifani mayda qismlarini bajarish bilan band bo‘lib, asosiy maqsadga erisha olmaydi.
Yashirin trudogolik – o‘z ishiga mukkasidan ketganligini sezib atrofidagilarga ishga qiziqishi yo‘qligini «namoyon» qiladi.
Barcha boshqa turdagi qaramliklar (alkogolizm, narkomaniya, internet qaramligi, toksikomaniya va hokazo) kabi trudogolizm belgilari inson hayotiga salbiy ta’sir etadi. Trudogolik shaxs hayotdan to‘laligicha bahra ololmay, uning faqat «ish bilan bog‘liq qismi»dangina huzurlanadi. Oilaviy baxt dam olish zavqi, sayohatlardan huzurlanish kabi sezgilar unga begona.
Trudogolizm sog‘liqqa ta’sir etadi: ish bilan bog‘liq bo‘lgan doimiy charchash, xavotir va hayajonlanish surunkali charchash, yurak-qon tomir va oshqozon kasalliklariga olib keladi.
Ishda muammolar yuzaga kelsa, ruhiy buzilishlar – depressiya va uyqusizlik yuzaga kelishi mumkin.
Trudogolizm oiladagi jiddiy ziddiyatlarga (ajrashish) olib kelishi mumkin. Chunki o‘z erlik, otalik vazifasini umuman bajarmaydigan erkak (ayol) bilan yashash juda qiyin.
Hayotdan qochishning bir ko‘rinishi bo‘lganligi uchun uni davolab qo‘yuvchi sehrli dori yo‘q. Sabablarini yo‘qotish va psixoterapiya bilan davolanadi.
Gavhar TEShABOYEVA,
psixoterapevt