Mustaqillik archasi
Yurtimning jamoliga
Ko‘rk bergan baland archa,
Har yilgidan chiroyliroq
Bezangansan ayt buncha?
Bo‘yi-basting xo‘p kelishgan,
Yarashibsan maydonga.
Katta-kichik qo‘l ushlashib,
Oshiqar sen tomonga.
Kamalakrang chiroqlardan
Munchoq taqib oldingmi?
Senga intilganlarni
Ko‘p hayratga soldingmi?
Qo‘sh laylaklar qanot qoqib
Bayram bilan olqishlar.
Seni ko‘rmoq uchun ketmay,
Qishlab qolganmi qushlar.
O‘yin-kulgu avjga mingan,
Chehralarda tabassum.
Ot o‘yinu arg‘imchoqlar
Bolalar bilan gavjum.
Mo‘jizalar o‘lkasida
Sehrli go‘sha misol,
Qalblarga quvonch ulashib,
Mayli, ertak bo‘lib qol.
Zahro HASANOVA