Ism ham husn
farzandlaringizga kelgusida o‘zlari faxrlanadigan ismlar qo‘ying
Qo‘l telefonimga xabar keldi. Qarasam, mobil kompaniyasidan. Xo‘sh, nima gap, yana qanday viktorina o‘tkazilayapti ekan? Biroz adashibman.
Bu safargi SMS mazmuni quyidagicha: “Ism ma’nosini biling. Ism so‘zidan keyin ismingizni yozib … raqamiga yuboring. Misol: ISM Asmira. 1 SMS – … $”.
Bunday mazmundagi xabarlar deyarli barcha uyali aloqa vositalari egalariga tez-tez kelib turadi. Aksariyat odamlar bu kabi murojaatlarga befarqlik bilan qaraydi. Ammo abonentlar orasida qiziquvchilari ham topiladi. Ular safiga qo‘shilaman-da, ismim ma’nosini bilish uchun tegishli raqamga xabar jo‘nataman. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, “Mohigul – oydek suluv va gul kabi ko‘rkam qiz” javobini oldim. Qiziq, ismimga bunchalik tez, qisqa va lo‘nda qilib ta’rif berishlarini kutmagan edim. Axir har bir ismning kelib chiqish tarixi, qaysi so‘zdan olinganligi, qaysi zamonlarda kimlarga qo‘yilgan yoki qaysi davrda ommalashgani haqida izoh bo‘lishi kerak-ku!
* * *
Ism ham husn. U inson kelajagiga ta’sir etuvchi, o‘tmishini ifodalovchi, ulkan zafarlarga chorlovchi kuch, nazarimda. Psixologlar quloqqa yoqimli eshitiluvchi so‘z, deya uning ismini ta’kidlashadi. Shu bois ruhiyatga ta’sir qilish, biron-bir yutuqqa erishish yoxud o‘z karyerangizni yaratishda, avvalo, siz suhbatdoshingiz yoki hamkoringizga nima deb va qanday ohangda murojaat qilishingiz muhim ahamiyat kasb etadi. Tanimagan, ammo qaysar yoki nozikta’b deb eshitgan odamingiz bilan aloqa o‘rnatishingizda ham sizning va uning ismi munosabatlaringizning bir martalik yoki davomiy bo‘lishini belgilashi mumkin.
Oddiy bir misol. Yigit qizga sovchi qo‘ydi. Telefon raqami berildi (yashirishning keragi yo‘q, hozir aksariyat hollarda shunday bo‘layapti). Ammo qiz uchrashuvga rozi bo‘lmadi. Yoki yigit fikridan qaytib qoldi. Bunga sabab esa ularning gapi qovushmaganligi. Qiz suhbatdoshining, ya’ni bir umr yashashi mumkin bo‘lgan orzusidagi shahzodaning o‘ziga “Nilu” yoki bo‘lmasa, “Muni” deya murojaat qilishi unga nisbatan fikrini salbiy tomonga o‘zgartirdi. Biroz jahl va xafa bo‘lgannamo “Ismim Nilufar yoki Munira. Ismimni qisqartirib aytishlari menga yoqmaydi”, deya javob qaytardi. Bu esa tabiiyki, yigitga ham xush kelmadi. Bir ko‘rishda yoqtirib qolgan malikasi endi uning xayolida kalandimog‘, xudbin, aql o‘rgatadigan, o‘zini boshqalardan ustun qo‘yadigan qiz sifatida gavdalandi.
* * *
Har bir insonga ism qo‘yish – bu uni sharaflashdir. Lekin ayrimlar Farog‘atni “Pora”, Nargizni “Nagi”, Shahodatni “Shahot”, Sevarani “Seva yoki Sevka”, Sanobarni “Sanka yoki Sanov” tarzida aytishayapti. Ism qo‘yishdan maqsad insonni ulug‘lash, dedik. Ammo biz keltirgan misollarda uning aksi emasmi? Ayrim ismlar ba’zan shunday qo‘pol tarzda talaffuz qilinadiki, hatto uyalib ketasan kishi. Shunday paytlarda avvalo, ism egasining, so‘ng unga murojaat etuvchi, ota-ona, bobo-buvining jimgina qarab turishidan, aniqrog‘i, beparvoligidan hayron qoladi, kishi.
Ba’zilar chaqaloq tug‘ilgach, unga qanday ism qo‘yishni o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Hujjat (tug‘ilganlik haqida guvohnoma) olish uchun ketayotgan odamga “O‘zing bir nima deb yozdirib kel” qabilida ish tutishadi.
Nazarimda, maktabda o‘qituvchilar ham bunga e’tibor qaratishlari va o‘quvchilarning ismlarini to‘liq talaffuz etishlari kerak. Axir o‘qituvchi ko‘plab o‘quvchilar diqqatidagi shaxs. Uning aytgan har gapi o‘g‘il-qizlar uchun saboq, bir umrlik maktab bo‘lib xizmat qiladi. Xuddi tili endigina chiqqan bolaga qaysi so‘zni qanday talaffuz qilishni o‘rgatsangiz, shunga odatlanganidek.
* * *
Zamon o‘zgargani sari ismlar ham o‘zgarib, ya’ni ba’zilari yo‘qolib, ayrimlari ommalashib boradi. Bu jarayonni ham ijobiy baholash mumkindir, ehtimol. Ammo hozirda ko‘p qo‘yilayotgan ismlar vaqt o‘tib ahamiyati va jozibasini (shunday hisoblasangiz)yo‘qotmaydi, deb ayta olmaymiz.
Bir paytlar (hali uzoq vaqt bo‘lgani yo‘q) xorij seriallaridagi qahramonlar yoki bugun kun sayin ko‘payib borayotgan “yulduz”lar ismlari bilan atalgan chaqaloq bugun katta yoshli kishiga aylandi. Yosh avlod vakillari esa ular ismining nega Klara, Kamilla yoki Gileyra ekanligini tushunishmaydi. Demak, mavsumiy ism tanlash ham noto‘g‘ri. Ammo, ism qo‘yishda mashhur adabiy asarlardagi bosh ijobiy qahramonlar ham muayyan darajada ahamiyat kasb etishini-da inkor etib bo‘lmaydi.
Misol tariqasida publitsist Abduqahhor Ibrohimovning “Yorug‘lug‘” adabiy-falsafiy kitobidagi quyidagi fikrlarni keltirish o‘rinli. “Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma” asari tarqalishi bilan Rustam, Suhrob ismlari xalqimiz orasida keng yoyildi. XX asrning yigirmanchi va o‘ttizinchi yillarining birinchi yarmida o‘g‘il bolalarga Otabek, Anvar hamda qiz bolalarga Kumush, Kumushbibi, Ra’no ismlarini qo‘yish keng rasm bo‘lgan edi.” Bu holni muallif Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlari sababli deya izohlaydi.
* * *
Tahririyatimizga maktub yo‘llovchi ayrim mushtariylar hamda maqolaga kiritilayotgan kishilarning ismi-sharifida ko‘p hollarda xatoliklar borligiga duch kelamiz. Ism-familiyalardagi “o”ning “a”, “o‘”ning “u”, “h”ning “x” tarzida yozilganligiga fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlari hamda ichki ishlar boshqarmalaridagi xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi xodimlarining “hissa”si borligini inkor etib bo‘lmaydi. Ko‘pni ko‘rgan yoshi ulug‘ ziyolilarning fikricha, chorizm asoratida va ayniqsa, sho‘rolar zamonida o‘zbekcha, umuman turkiycha ism-shariflar slavyancha talaffuz bilan buzib aytildi va shunga ko‘ra, buzib yozildi Afsuski, zamona zayliga ko‘ra bu holatga ko‘pchilik befarq qaradi. “Yorug‘lug‘”da berilgan quyidagi fikrlarni misol tariqasida keltirib o‘taman. “Diyorimizda keng tarqalgan Muhammad ismi “Mahamat”, “Mamat” deb yozilgan. Bu ism qo‘shma otlar tarkibida “Mat”, “Mama”, “Ma”gacha qisqartirilgan holatlar ham bor: Muhammad Qobil – Matqobil, Muhammad Yusuf – Mamayusuf, Muhammad Rahim – Maraim deb yozilgan va shunday yozuv ta’sirida og‘zaki nutqda bu ismlarni qisqartirib aytish rusum bo‘lib qolgan. Shuningdek, ko‘p ismlarimiz ruschaga moslashtirib noto‘g‘ri yozilardi: Ahmad – Ahmed (Ahmedov), Ibrohim – Ibragim, Yoqub – Yakub, Xo‘ja – Xodja (Xodjayev) kabilar”.
Aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining buyrug‘i bilan “Fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlarining yangi shakllari va ularni to‘ldirish qoidalari” tasdiqlangan. Unga ko‘ra, bundan buyon tug‘ilganlik, nikoh tuzilganligi, nikohdan ajralganlik, o‘lim haqidagi fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari ikki tilda o‘zbek (lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosida) va rus tillarida rasmiylashtiriladi. Bungacha ushbu hujjatlar o‘zbek tilida (kirill alifbosida) yozib kelingan edi.
* * *
Umid qilamanki, hurmatli mushtariy, yuqoridagi fikrlarim sizga erish tuyulmaydi. Aksincha, biroz mushohada yuritishga chorlaydi. Axir ismni qisqartirib, chala emas, to‘liq aytish nafaqat til sofligiga xizmat qiladi, balki o‘zgalarga nisbatan hurmat belgisi hamdir.
Mohigul QOSIMOVA