Ko‘zimning gavhari, alla…
Abu Ali ibn Sino o‘zining mashhur “Tib qonunlari” kitobida bola tarbiyasida allaning ahamiyati to‘g‘risida shunday yozadi: “Bolaning mijozini kuchaytirmoq uchun, unga ikki narsani qo‘llamoq kerak. Biri bolani sekin-sekin tebratish, ikkinchisi uni uxlatish uchun odat bo‘lib qolgan musiqa va allalashdir. Shu ikkisini qabul qilish miqdoriga qarab bolaning tanasi bilan badantarbiyaga va ruhi bilan musiqaga bo‘lgan iste’dodi hosil bo‘ladi”. Alla – beshik qo‘shig‘i, u xalq og‘zaki ijodi namunalarida ham keng kuylangan. Bolani yo‘rgaklash, beshikka solish, uxlatish, uyg‘ongan bolani yo‘rgakdan yechib olish singari mashg‘ulotlar kuylar, chiroyli ohangdor so‘zlar bilan bezalgan bo‘ladi… Bunday dilni erkalovchi qo‘shiqlar bolaga ham xush yoqqan.
Alla aytishni o‘rgatuvchi, badihago‘y ayollar bo‘lgan. Bunday ayollar qatoriga enagalar ham kiradi. Alla bola tug‘ilgandan to beshikdan chiqquncha aytilgan.
…Qo‘li arslon bilakligim, alla,
Botir, qoplon yurakligim, alla.
Yaxshi-yomon kunimda, alla.
Menga juda kerakligim, alla.
Beshik qo‘shiqlari onalarning orzu va armonlari bilan birgalikda turli tarixiy voqealar, ijtimoiy hayotga munosabat ham bayon etiladi. Onalar hech kimga aytolmagan yurak dardlarini chaqalog‘iga, bolasiga alla orqali aytgan va bundan ma’lum darajada yengil tortgan.
Alla o‘z davrining lirik kayfiyatdagi ruhiy ko‘zgusidir. Bu yoqimli ohanglarda davr muhiti, kishilar tirikchiligi, ijtimoiy-maishiy hayot, insonlar o‘rtasidagi munosabatlar, qarama-qarshiliklar oddiy so‘zlarning go‘zal va badiiy, ruhiy qudrati o‘z ifodasini topgan.
…Guli savsarni ko‘ring, alla,
Suvga qarab qayriladir, alla.
Bevafo yorni ko‘ring, alla.
O‘lmay turib ayriladir, alla…
Alla – umuminsoniy qo‘shiqdir. U turli tillarda aytilishi mumkin, ammo uning zamirida bir narsa onaning farzandiga cheksiz mehru muhabbati yotadi…
Rivoyat qilishlaricha, qadimda savdo ishi bilan uzoq yurtlarga borgan yigit, o‘sha yoqlik bir qizni yaxshi ko‘rib qolibdi. Qiz ham unga mayl bildiribdi. Qizning ota-onasi “Uzoq yurtlarga beradigan qizimiz yo‘q” deb sovchilarni qaytaribdi.
Yigit baribir ahdidan qaytmabdi. Qizning ota-onasi ham rozi bo‘libdi.
Qirq tuyaga qizning sepini ortib, oq yo‘l tilayotgan ota qiziga shunday debdi. “Borgan joyingda toshday qotgin, lekin ikki narsada so‘zlarimni unutma, birinchisi mana bu tumordagi Vatan tuprog‘ini har zamon hidlab qo‘y, u uying to‘rida osig‘liq tursin. Ikkinchisi, farzand ko‘rsang, alla aytma!”
…Oy kun o‘tib kelinchak farzand ko‘ribdi, ammo bola noma’lum kasalga chalinib nobud bo‘libdi. Ikkinchi farzandi ham shunday bo‘libdi. Uchinchi farzandda ham avvalgilaridek kasallik belgilari sezilavergach, yigit xotiniga qarab, “Sen qanday onasan, biror marta alla aytganingni eshitmadim. Alla aytib ko‘r-chi, zora bolamiz omon qolsa”, – debdi. Ayol noiloj otasiga bergan va’dasini buzib, alla ayta boshlabdi. Xudoning xohishini qarang, chaqaloq ingrab-ingrab uyquga ketibdi. Ammo onaning oromi yo‘qolibdi. Alla aytib sel bo‘lgan ko‘ngli alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib, yurtini, ota-onasini, qavmi-qarindoshlarini qo‘msay boshlabdi. Farzandi-ku darddan forig‘ bo‘libdi. Ammo uning ko‘nglida davosiz dard – sog‘inch isyon boshlabdi… Shundagina otasining hikmati ma’nosini tushunibdi…
…Alla – hayotning muqaddas qo‘shig‘idir. Uning mayin, orombaxsh ohangi ona suti bilan jon-jonimizga singadi. U qaysi tilda, qanday ohangda aytilmasin yuraklarni junbushga keltiradi. Ko‘ngillarda ezgulik, mehr tuyg‘ularini jo‘shtiradi…
Suyangan tog‘im, alla
Boshimda tojim, alla…
…Alla aytayotgan ona eng go‘zal tilaklarni eng nodir so‘zlar orqali farzandiga bag‘ishlaydi.
“Qo‘zi boqqan qo‘y etsin-o, alla,
Topganiga to‘y etsin-o, alla.
To‘y-to‘ylarga ulansin-o, alla,
Davlat boshiga o‘ralsin-o, alla.
Allayo alla…
Alla eshitib o‘sgan bola ko‘ngli toza, dunyoqarashi go‘zal, insonlarga muhabbatli bo‘ladi. Chunki, bolalikdan uning qalbida ezgulik kurtak ochadi.
Inson umrining davomchisi, ko‘zlarimizning nuri bo‘lgan farzandlarimizni orzulari osmonday yuksak, elparvar, vatanparvar insonlar bo‘lib yetishishi uchun onajonlarimiz mehru muhabbatlariga yo‘g‘rilgan allalar aytishdan charchamasinlar.
Bo‘ston RAHMONOVA