Inson nega o‘z joniga qasd qiladi?

(Davomi)

Savol: O‘z joniga qasd qiluvchilar har xil yo‘llarni tanlashadi: o‘zini osib o‘ldirish, uksus ichish, katta miqdorda dori ichish va h.k. Har kim turli yo‘lni tanlashini qanday tushuntirish mumkin?


Javob: Bu savolga aniq javob berish mushkul. Biroq statistik ma’lumotlarga ko‘ra, erkaklar orasida o‘zini osib o‘ldirish ko‘p kuzatilsa, ayollar orasida ko‘p miqdorda dori yoki uksus ichib, o‘z joniga qasd qilish ko‘p uchraydi. Aksar hollarda qaysi usulni tanlash odamning qayerda yashayotganiga ham bog‘liq. Masalan, qishloqda yashaydiganlar orasida o‘zini osish ko‘p kuzatilsa, katta shaharda yashaydiganlarda baland binolardan tashlab o‘lish ko‘p uchraydi. Uksus ichib, o‘z joniga qasd qiluvchilar ham ko‘p. Shuning uchun oila zarurati uchun olingan uksusni ishlatib bo‘lgandan keyin to‘kib tashlash yoki suv qo‘shib qo‘yish kerak. Shuningdek, uyi temir yo‘llarga yaqin joyda joylashganlar o‘zini poyezd tagiga tashlashi, daryoga yaqin joyda yashaydiganlar baland qoyalardan o‘zini suvga tashlashi orqali o‘z joniga qasd qilishadi. Masalan, Yaponiyada dengiz bo‘yida katta qoya bor. U «O‘z joniga qasd qiluvchilar qoyasi» deb nom olgan. Chunki o‘sha qoyadan o‘zini pastga tashlab jon beruvchilar ko‘p. 2009 yili ularning soni ko‘payib ketgani uchun odamlarning hayotini saqlab qolish maqsadida bitta otaxon o‘sha yerga kelib o‘tirib olgan va o‘z joniga qasd qilish maqsadida kelganlar bilan suhbatlashib, ularni o‘z fikridan qaytarishga muvaffaq bo‘lgan. Bu haqda o‘sha paytlari «Evronews» kanali ham ko‘rsatuv tayyorlagan edi.

Savol: Aholi orasida suitsid ko‘payishiga TV, radio, internet yoki gazeta va jurnallar sababchi bo‘lishi mumkinmi?


Javob: Radioni bilmadim-u, qolganlari sababchi bo‘lish mumkin. Masalan, o‘z joniga qasd qilish XX asrning 60-yillari ko‘paya boshlagan. Chunki bu davrda insonlar hayotiga televideniye jadal kirib kela boshladi. Televizor orqali doimiy ravishda har xil melodramalar ko‘rayotgan yoshu qarilar orasida ushbu ko‘rsatuvlar suiqasdning ko‘payishiga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, ajab emas. Internetning hayotimizga jadal kirib kelishi ham yoshlar orasida suiqasdning ko‘payib ketishiga sababchi bo‘ldi. Internet qaysi davlatda oldinroq va kuchliroq rivojlangan bo‘lsa, o‘sha davlatlarda o‘z joniga qasd qiluvchilar soni ham ko‘p. Afsuski, internetda o‘z joniga qasd qilish yo‘llarini o‘rgatuvchi saytlar ham ko‘paygan. Ularga qarshi OAVda chiqishlar yoki psixologlar intervyulari esa barmoq bilan sanarli. Shuni esda tuting: o‘z joniga suiqasd qilishga intiluvchi shaxsning fikri kimgadir oshkor bo‘lib qolsa, u bu fikridan qaytadi. Bundaylar esa ular orasida 70 foizdan oshiq. Ko‘z oldingizga keltiring, agar faol ishlansa, qanchadan-qancha insonlarning hayotini saqlab qolish mumkin. Afsuski, bu muammoni oshkor muhokama qilishdan hanuzgacha qo‘rqamiz. Oqibatini ko‘rib kuzatuvchi bo‘lib turaveramizmi? Omma bilan ishlash kerak!

Yana o‘qing:  Gripp va infarkt xuruji o‘zaro bog‘liqmi?


Savol: Kino va teleseriallar o‘z joniga qasd qilishga turtki bo‘ladi deyishadi. Bunga qanday qaraysiz?


Javob: Afsuski, hozirgi kunda ishlanayotgan ba’zi kinolar nafaqat o‘zining sifatsizligi, balki sayoz syujetlari bilan ham kishini ranjitadi. Menimcha, ssenariy yozuvchining o‘zi kuchli psixolog bo‘lishi kerak. Yaxshilab e’tibor qilsangiz, ushbu filmlarning ba’zilarida o‘z joniga suiqasd qilishga chorlovchi syujetlar ko‘p. Ularda film qaxramonlarining his-tuyg‘ulari va aslida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan voqelik orasida nomutanosiblik bor. Filmda ro‘y berayotgan voqealar kulminatsion nuqtaga yetmasdan turib yigit yoki qiz o‘z joniga qasd qilishga urinadi yoki shu ishni amalga oshiradi ham. «Hozir qiz o‘z yoriga yetishi uchun kurashsa kerak» deb kinoni ko‘rib o‘tirgan tomoshabinning ta’bi xira bo‘ladi-qoladi. Chunki qiz yoki yigit o‘z baxti uchun kurashish o‘rniga boshqa yo‘lni tanlaydi. Menimcha, rejissyor shu yo‘l bilan tomoshabinni to‘lqinlantiraman deb o‘ylasa, u adashadi. Aslo unday emas. E’tibor bering-a, hanuzgacha kishini to‘lqinlantirib kelayotgan «O‘tgan kunlar» filmida Kumush o‘zi zahar ichib o‘lmaydi-ku, balki uni Zaynab zaharlaydi. Ushbu filmda na Kumush zahar ichadi, na alamzada Zaynab. Bundoq qarasangiz Kumush yoki Zaynab zahar ichib o‘z joniga qasd qilishlari mumkin edi-ku?! Agar shunday bo‘lganida film bunchalar shuhrat qozonmagan bo‘lur edi. Film boshidan oxirigacha yigit va qizni o‘z baxti uchun kurashishga chorlaydi. O‘z joniga qasd qilishni targ‘ib qiluvchi badiiy asarlar va filmlar kishi g‘azabini qo‘zg‘atadi. «O‘tkan kunlar»dan o‘rnak olish kerak.
Hozirgi kunda namoyish qilinayotgan xorij teleseriallarining aksariyati ham hissiyotga boy bo‘lib, 13-14 yashar yigit-qizlarning fikrlash doirasini 17-19 yasharlik yigit-qizlarnikiga o‘xshatib qo‘ymoqda. Demoqchimanki, ularning fikrlash doirasi patologik tarzda kengayib, film qahramonlariga taqlid qilish odat tusiga kirmoqda. Bu filmlarni hadeb ko‘raverish yoshlarni real hayotdan uzoqlashtiradi, ular zombiga aylanadi, hissiyotga boyib, aqli torayib boraveradi. Hissiyotga beriluvchan odam aql bilan ish ko‘rmaydi.


Savol: Gazetalarda yoritilayotgan hikoyalar ham bundan mustasno bo‘lmasa kerak.


Javob: To‘g‘ri! Afsuski, gazeta va jurnallardagi aksariyat ma’lumotlar mutaxassislar tomonidan tayyorlanmaydi. Ularning ko‘pchiligi internet yoki xorij gazetalaridan ko‘chirilgan ma’lumotlar. Hikoya, qissa va romanlarda o‘z joniga qasd qilishni targ‘ib qiluvchi joylari ko‘p. Demak, yozuvchi o‘zi bilmagan holda birovning hayotiga zomin bo‘lishi mumkin. Yozuvchi o‘zi tayyorlagan asarining ushbu joyini eng zo‘r qismi deb o‘ylasa kerak. Aslo unday emas! Afsuski, asar yozayotgan yozuvchi o‘z qaxramonini ro‘shnolikka chiqarish o‘rniga uni o‘ldirish yo‘llarini izlaydi. Tayyor bo‘lgan ushbu asarni o‘qiyotgan o‘quvchi ham ro‘shnolikka erishish o‘rniga o‘zini o‘ldirishni fikr qilsa-chi? Hikoya yoki katta asar yozayotganlar buni bir o‘ylab ko‘rishsa yaxshi bo‘lardi! Hamma melodrama yozish bilan ovora. Buning oqibati yaxshilikka olib kelmaydi! Neyropsixolog sifatida shuni alohida ta’kidlashim lozimki, hissiyotga emas, fikrlashga majbur qiladigan asar kishini to‘lqinlantiradi va uzoq vaqt eslab qolinadi. Uilyam Shekspir, Agata Kristi, O‘tkir Xoshimov va Sharof Boshbekovning asarlari bunga misol bo‘la oladi. Qiziq, Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan yozuvchilarning asarlari bundoq qarasangiz, go‘yoki oddiydek tuyuladi. Masalan, «Chol va dengiz» asari. Unda nega ular barcha davlatlar va elatlarda ulkan olqishlarga sazovor bo‘lishgan. Chunki bunday asarlar har qanday davrda yashagan insonlar qalbini zabt etgan va hech qachon o‘lmaydigan asarlar!

Yana o‘qing:  Oziq-ovqat mahsulotlaridan kuchli zaharlanish


Savol: O‘z joniga qasd qilish yaqin qarindosh-tuqqanlar orasida ko‘p kuzatilgani va ushbu holat nasldan-naslga o‘tish-o‘tmasligi haqida so‘rashgan. Bu savolga qanday javob bergan bo‘lar edingiz?


Javob: Umuman olganda, insonda mavjud bo‘lgan har qanday holat nasldan-naslga o‘tishi mumkin. Odamning ovozi, xulq-atvori va h.k. Suitsidga moyillik odamning temperamentiga ham bog‘liq. Masalan, melanxoliklar (jur’atsiz, birovga qaram odamlar) suiqasdga moyil bo‘lishadi. Lekin ular yer sharida kam tarqalgan, ya’ni 3-5 foiz xolos. Anavi odamning otasi yoki onasi o‘z joniga qasd qildi, endi uning farzandlari ham shu yo‘ldan boradi degan fikr paydo bo‘lmasligi kerak. Chunki suiqasd ko‘pincha taqlid ko‘rinishda ham ro‘y beradi. Yaqinidan judo bo‘lgandan keyin u ham «Men nima qilaman yashab» deb o‘z joniga qasd qilib qo‘yishi mumkin.


Savol: Stress bilan suiqasd orasida qanday bog‘liqlik bor? Ba’zan qattiq stressga uchrab o‘zini-o‘zi o‘ldirib qo‘yibdi deb eshitib qolamiz.


Javob: Juda to‘g‘ri savol berdingiz! Hali aytib o‘tganimdek, «sog‘lom» odamlarda uchraydigan suitsidlar o‘tkir yoki doimiy stresslar natijasida ro‘y beradi, ya’ni stress o‘z joniga qasd qilishga turtki bo‘ladi. Umuman olganda, aksariyat kasalliklarning boshlanib ketishiga asosiy turtki bo‘ladigan omil ham stress. Masalan, gipertoniya kasalligi bilan xastalanganlarning barchasida ham insult yoki infarkt rivojlanavermaydi-ku?! Biroq o‘tkir stress insult va infarktga turtki bo‘ladi.


Savol: Hozirda o‘z joniga qasd qilishni xayol qilib yurganlar bo‘lsa, ularni ushbu yo‘ldan qaytarish uchun qanday maslahatlar bergan bo‘lardingiz?


Javob: Demak, hali aytib o‘tganimdek, suitsid «sog‘lom» kishilarda ham, depressiya kasalligida ham kuzatilishi mumkin. O‘zi sog‘lom bo‘lsa-da, o‘z joniga qasd qilishga urinib yurganlarga quyidagi maslahatlarni bergan bo‘lur edim:

  1. O‘ta o‘jarlar uchun maslahat: «Men hech qanday maslahatga yurmayman, baribir o‘z jonimga qasd qilaman, bu fikrimdan hecham qaytmayman» deguvchilar bo‘lsa, o‘sha fikringizni tibbiy psixolog va psixoterapevtga albatta ayting. Balkim vaziyat Siz o‘ylagancha og‘ir emasdir.
  2. Ikkilanib yurganlar uchun maslahat: «Men o‘z jonimga qasd qilmoqchi emasdim, hammasiga boshqalar aybdor» deb yurayotganlar, ya’ni vaziyat yaxshi bo‘lsa, suitsidni amalga oshirmaydiganlar uchun maslahat. O‘z joniga qasd qiluvchilar ichida Sizlar ko‘pchilikni tashkil qilasiz. Demak, shunday ekan, dardingizni yaqinlaringiz bilan baham ko‘ring, muammoni ota-onangiz bilan hal qilishga harakat qiling, ular Sizni tushunishmasa, Sizni yaxshi ko‘radigan ammangiz, xolangiz, tog‘angiz, akangiz yoki opangizga maqsadingizni ayting. Siz ota-onangizga tushuntirib bera olmagan dardingizni o‘sha qarindon-tuqqanlar albatta yechimini topib beradi. Chunki kattaning tilini katta tushunadi. Eng yaxshi ko‘rgan va o‘zingiz ishonadigan do‘stingiz oldiga boring, psixologga murojaat qiling. Chunki vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarsa, o‘z joningizga qasd qilmoqchi emassiz-ku.
  3. Men o‘zim ishlab chiqqan va o‘zim har doim amal qiladigan bitta qoida haqida «Madaniyat va ma’rifat» kanalida aytuvdim: «Shunday bo‘lishi kerak edi, shunday bo‘lmasligi mumkin edi» degan qoida. Ya’ni Siz bilan biror bir yomon voqea ro‘y bersa – «Shunday bo‘lishi kerak edi» deb o‘sha noxush voqeani unutishga harakat qiling. Ushbu qoidaning «Shunday bo‘lmasligi mumkin edi» degan qismi Siz bilan bo‘lgan voqeani tanqidiy tahlil qilishga undaydi va shunga o‘xshash holatning qaytalanishining oldini oladi!
Yana o‘qing:  Hayot daraxtidan mo‘jizaviy malham

Zarifboy IBODULLAYEV,
tibbiyot fanlari doktori,
professor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: