Inson nega o‘z joniga qasd qiladi?
Suitsidning ko‘payib borayotganligi har birimizni xavotirga soladi. Ushbu dolzarb ijtimoiy-psixologik muammoni faqat suitsidologlarga yuklab qo‘yish bilan uning yechimini topish ancha mushkul. Hammamiz birgalikda harakat qilishimiz kerak. Sotsiologlar, umumiy psixologlar, tibbiy psixologlar va psixoterapevtlar bir yoqadan bosh chiqarib suitsidga olib keluvchi sabablarni bartaraf etishlari lozim. Biroq suitsid ildizlari qayoqqa borib taqalishini bir tahlil qilib chiqsak degandim. Biroz bo‘lsa-da, bu material suitsidni bartaraf etishga yordam bersa degan umiddaman.
Savol: Suitsid o‘zi nima? Bu kasallikmi yoki bir yomon odat? Nima uchun odam o‘z joniga qasd qiladi?
Javob: Savol ichida javobi ham bor. Demoqchimanki, bilib turib o‘z joniga qasd qilishga suitsid deb aytiladi. O‘z joniga qasd qilish «sog‘lom» odamlarda ham, ruhiy bemorlarda ham ro‘y berib turadi. Biroq «sog‘lom» odamlarda kuzatiladigan suitsidga ham nimadir sababchi bo‘ladi, masalan, qattiq ruhiy zarba. Ko‘p hollarda o‘z joniga qasd qiluvchi shaxs uzoq vaqt, ba’zan yillab bu ishni amalga oshirish uchun reja tuzib yuradi. U o‘z joniga qasd qilish uchun bir necha bor uyidan chiqib, turli joylarga boradi yoki oila a’zolari ishga ketgach, uyda yolg‘iz qolib, o‘sha yomon niyatni amalga oshirmoqchi bo‘ladi. Bunday paytlarda hattoki uyda telefon jiringlab qolishi, eshik taqillashi yoki qo‘shnining devor orqalab: «He qo‘shni, kim bor uyda, sigirim bo‘shalib ketib ekinlarni payhon qilayapti! Iltimos, arqon bo‘lsa olib keling! Uni bog‘lashib yuboring!» deb baqirishi hozirgina o‘z joniga qasd qilish uchun arqonni o‘z bo‘yniga osishga tayyorgarlik ko‘rayotgan odam arqonni olib, qo‘shnining sigirini bog‘lash uchun devordan oshib o‘tishi mumkin.
Savol: Demoqchisizki, bir necha oylab rejalashtirib yurilgan niyat bir fursatda puchga chiqishi va bitta odamning hayoti saqlanib qolishi mumkin ekan-da?
Javob: Xuddi shunday! Biroq bu vaqtincha bo‘lib, u yana suiqasd rejasini tuzib yuraveradi. Bu fikr uning miyasiga shu qadar joylashib oladiki, u oxir-oqibat o‘z joniga qasd qiladi. Odatda, irodasiz, kuchsiz va ta’sirchan odam o‘z joniga qasd qiladi. «Hayotdan yutqazgan odam o‘z joniga qasd qiladi» deyishadi. Bu noto‘g‘ri fikr! Chunki hayot bu lotereya emas, u yutish uchun chiqarilmagan. Hayot Olloh tomondan berilgan ne’mat! Umuman olganda, o‘z joniga qasd qilishni din ham qoralaydi.
Savol: O‘smirlar orasida ham suiqasd ko‘p uchraydi. Axir o‘smir yoshdagilar hali hayot nimaligini yaxshi bilishmaydi-ku!? Ular nega o‘z joniga qasd qilishadi?
Javob: Umuman olganda, o‘z joniga qasd qiluvchilarning barchasi hayot nimaligini bilishmaydi. Bilishganida o‘z joniga qasd qilmagan bo‘lishardi…
Savol: Agar odam umuman ketma-ket dardli voqealarga uchrayversa-chi? Uning boshqalarga o‘xshab yaxshi yashashi amalga oshmasa-chi? Uydagilar ham, ishda ham uni qiynayverishsa-chi? Unda nima qilish kerak? Balkim mana shu azoblardan qutulish uchun odam o‘z joniga qasd qilar?
Javob: Mana, dard haqida gapirdingiz! Dard nima o‘zi? Keling, shu savolga bir aniqlik kiritaylik. Dard – kim uchundir ushalmagan orzu yoki yetilmagan sevgi, kim uchundir ota-onasi yoki suygan yorining vafot etishi, suyukli farzandidan judo bo‘lish, kimgadir og‘ir kasallikka uchrash, kimgadir katta miqdorda pul yo‘qotish, kimgadir mansabdan ketish va hokazo. Axir bular barchamizda ro‘y berib turadigan voqealar-ku?! Buning uchun o‘z joniga qasd qilish shartmi? O‘z joniga qasd qilishni rejalashtirib yurgan odam bir narsani yaxshilab o‘ylab ko‘rishi kerak. Axir baxtsiz voqealar faqat u bilan ro‘y bermayotgandir! Undan boshqa hamma baxtiyor-u, faqat uning ishi yurishmayaptimi? Hech qachon bunday bo‘lmaydi! Hayot uchun kurashish kerak! Hech bo‘lmaganda voqea va hodisalar qanday ro‘y berayotgan bo‘lsa, uni shundayligicha qabul qilish yoki biroz kutish va kuzatish kerak. Vaqti kelib hammasi joy-joyiga tushib ketadi. Chunki hamma vaqt ham qor yog‘ib turmaydi yoki har doim quyosh charaqlab turmaydi. Bu dunyoda hamma narsa vaqtincha va o‘zgaruvchandir.
Savol: Suitsid boylarda ko‘p uchraydimi yoki kambag‘allarda?
Javob: Suitsid boy va kambag‘alni tanlamaydi! Ko‘rib turganingizdek, biz havas qiladigan rivojlangan davlatlarda suiqasd juda ko‘p uchraydi. Xabaringiz bor, 2009 yilda barcha davlatlarda iqtisodiy-moliyaviy inqiroz kuzatilgan. Germaniyada 1 mlrd. yevroga zarar ko‘rgan ishbilarmon o‘zini poyezd tagiga tashlab jon berdi. Biroq bundan 10 barobar ko‘p zarar ko‘rgan milliarderlar ham ko‘p bor edi-ku?! Nega ular ham o‘z joniga qasd qilishmadi? Demak, suitsid – atrof-muhitda ro‘y berayotgan falokatli voqealarga shaxsiy reaksiya. Siz 2 xonalik tor joyda oila a’zolaringiz bilan karam sho‘rva ichib baxtli hayot kechirishingiz va kitob mutolaa qilib zavqlanishingiz mumkin. Biroq boshqa birov 2 qavatli dang‘illama imoratda yashab, eng qimmat mashinalar minib, hayotdan qoniqmay yashashi mumkin. Sizni farzandingizning maktabdan 5 baho olib quvonib kelgani xursand qilsa, boshqa birov dunyoni kemirsa ham qoniqmaydi. Demak, hamma narsa shaxsning o‘ziga va uni o‘rab turgan muhitga bog‘liq. Qanday yashash Sizning o‘zingizga bog‘liq! Birov bilan ishingiz bo‘lmasin, ularning xatosini qaytarmaslikka harakat qiling. Demak, har bir inson hayotdan qoniqib yashashi kerak! Hayotdan qoniqmagan odamning miyasiga turli yomon fikrlar kelaveradi.
Savol: Depressiya bilan suitsid orasida qanday bog‘liqlik bor? Shu haqida ma’lumot bersangiz.
Javob: Depressiya – uzoq vaqt mobaynida o‘ta tushkun kayfiyat, fikrlar karaxtligi va har qanday ongli faoliyatga bo‘lgan intilishning so‘nishi bilan kechuvchi kasallik. Ayollar erkaklarga qaraganda 2 barobar ko‘proq depressiyaga tushishadi. Afsuski, depressiyada o‘z joniga qasd qilish boshqa kasalliklarga qaraganda haqiqatan ham ko‘proq. Ayniqsa, ruhiy kasalliklar negizida rivojlangan depressiyada suitsid ko‘p uchraydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, depressiyaga chalinganlarning 50 foizi vrachga umuman murojaat qilishmaydi va o‘z bilganicha dori ichib yurishadi. Depressiyaga uchragan bemor nima uchun o‘zini-o‘zi juda yomon ko‘radi, faqat o‘z joniga qasd qilishni xayoliga keltiraveradi? Bu og‘ir savolga fan to‘la javob topganicha yo‘q. Masalan, shizofreniyaga chalingan bemor birov bilan janjallashsa, o‘sha odamni o‘ldirishga intilsa, depressiyada xuddi shunday janjalli vaziyat ro‘y bersa, u o‘zini o‘ldirishga intiladi. Demak, depressiyaga chalingan bemor birovni o‘ldira olmaydi. Rivojlangan davlatlarda depressiya − suitsidning asosiy sabablaridan biri. Har besh bemorning birida depressiya surunkali tus oladi va og‘ir kechadi, yillab davom etadi. O‘z joniga qasd qiluvchilar ichida depressiya eng oldingi o‘rinlardan birini egallagan. Bu kasallikda har yili 20 mln. kishi o‘z joniga qasd qilishga urinadi va shulardan 1 millioni o‘z niyatiga erishadi. Yana shuni aytish lozimki, turli tashxislar bilan shifoxonalarda davolanayotgan bemorlarning 30 foiz, onkologik kasalliklarning 40 foiz, insult va infarkt o‘tkazganlarning 45 foiz, parkinsonizm kasalligi aniqlanganlarning 35 foizida depressiya aniqlanadi.
Savol: Suitsidning oldini olishda tibbiy psixologning o‘rni nimadan iborat?
Javob: Suitsidning oldini olish bilan, asosan, tibbiy psixologlar shug‘ullanishadi. Biroq bu muammo bilan umumiy psixologlar, sotsiologlar va psixiatrlar ham shug‘ullanishadi. Suitsidologlar esa, asosan, suitsidga urinishlar ro‘y berib tirik qolganlar bilan ishlashadi. Suitsidologning o‘zi ham kuchli psixolog bo‘lishi kerak. Psixiatrlar ruhiy kasalliklarni (12-18 foiz) davolab suitsidning oldini olsa, tibbiy psixologlar nevroz, depressiya va fobiyani (72-80 foiz) davolab suitsidning oldini oladi.
Ko‘rib turganingizdek, depressiya juda keng tarqalgan kasallik bo‘lib, har bir shifokor undan voqif bo‘lishi kerak. Demak, har bir shifoxonaga tibbiy psixolog-psixoterapevt kerak. Hozirda O‘zbekistonda suitsidologiya xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, suitsidning oldini oladigan mutaxassis – bu tibbiy psixologdir. U ham depressiyani davolab, ham xarakter o‘zgarishlarini korreksiya qilib, suitsidga olib keluvchi kasalliklarni faol bartaraf etadi. Hech qachon bemor «Men o‘z jonimga qasd qilmoqchi edim» deb suitsidologga bormaydi, biroq boshqa kasalliklarni ro‘kach qilib, tibbiy psixologga keladi. Masalan, psixiatrga bemorni zo‘rlab olib borasiz, psixologga esa har bir inson o‘z xohishi bilan boradi, hech bo‘lmaganda o‘zini-o‘zi anglashi uchun.
Savol: O‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lib yurgan odamni oldindan bilib olish mumkinmi? Agar mumkin bo‘lsa, uning yo‘llari qanday?
Javob: Suitsidni shartli ravishda 2 guruhga ajratish mumkin: birinchisi − tantanovor suitsid, ya’ni o‘z joniga qasd qilishni oshkor qilib yuradiganlar; ikkinchisi − yashirin suitsid, ya’ni hech kimga bildirmasdan o‘z joniga qasd qiluvchilar. Tantanavor suitsid ko‘pincha o‘smirlarda kuzatiladi, agar ular ota-onasi bilan urishib qolsa, «Mana ko‘rasizlar, o‘zimni o‘ldiraman-u, mendan qutulasizlar» deb yurishadi. Odatda, o‘smirning bu gapiga e’tibor qilishmaydi yoki kulib qo‘yishadi. O‘z joniga qasd qiluvchi o‘smir go‘yoki shu yo‘l bilan ota-onasidan alamini olmoqchi bo‘ladi. Agar u biror-bir odamning janozasiga borib qolsa, «Men o‘lsam ham ota-onam va qarindosh-tuqqanlar shunaqa ayuhannos solib yig‘lashadi, meni qiynaganlarini eslab bolamga e’tibor qilsam bo‘larkan, nega aytganlarini qilmadim» deb kuyib-yonishadi degan fikrga qiladi va tezroq o‘z joniga qasd qilishga intiladi. Shuning uchun ham ba’zan o‘z joniga qasd qilishlar ketma-ket ro‘y beradi.
O‘z joniga qasd qilishga jazm qilgan odam odamovi bo‘lib qoladi, kam gapiradi, yolg‘izlikka intiladi, xulq-atvori ham o‘zgarib boraveradi. U to‘y va tug‘ilgan kun kabi o‘yin-kulgili joylarga bormay qo‘yadi, biroq janoza va marakalarga, albatta, borishga harakat qiladi. Chunki u yerda odam o‘lgandan keyin bo‘ladigan voqealar aks etadi-da. U o‘zini shu o‘lgan odam o‘rnida tasavvur qilib ko‘radi. Hali aytganimdek, bu holat o‘z joniga qasd qilishni yanada tezlashtiradi.
Yashirin suitsid, ko‘pincha, yoshi kattalar uchun xos. Ba’zan bola-chaqali, nevara-evarali bo‘lib ketgan yoshi ulug‘lar ham o‘z joniga qasd qilishadi. Bu, ayniqsa, qariganida doimo uning yonida bo‘lguvchi umr yo‘ldoshi vafot etgandan keyin ro‘y beradi. Farzandlari ishga, nevaralari maktabga ketgandan keyin eng yaqin sirdoshidan ayrilgan keksa doimo uyda yolg‘iz yashay olmaydi. Uning miyasiga «Farzandlarim menga e’tibor qilmay qo‘yishdi, hammasi o‘zi bilan o‘zi ovora, menga bu hayotda yashashning ne keragi bor, men ham o‘lsam bo‘lmasmidi» degan fikrlar kelaveradi. Uyda yolg‘iz qolib, yig‘lab ham oladi. Albatta, yolg‘iz qolgan keksalarga e’tibor zarur, ular bilan suhbatlashib turish kerak. Ularni dam olish sihatgohlariga yuborish, holidan xabar olib turish, hech bo‘lmaganda nevaralarning bittasini doimo buvisi yoki buvasi yonida yotib-turishga o‘rgatish maqsadga muvofiq. Boz ustiga, buvi yoki buvadek tarbiyachi kam hollarda topiladi. Keksalarni yolg‘iz qoldirib, ko‘nglini o‘ksitish yaxshi emas. Albatta, katta yoshga yetgan farzandlar ularni shu darajaga yetkazgan ota-onasini xafa qilishni xohlashmaydi, otam yoki onam uyda mazza qilib dam olib yotibdilar-ku deb o‘ylab, ularni e’tiborsiz qoldirishadi. Biroq noxush voqealar doimo e’tiborsizlik sababli ro‘y berishini ham unutmaylik.
Hurmatli keksalar! Farzandlaringiz muvaffaqiyatlaridan quvonib yashang! Ulardan xafa bo‘lmang. Siz farzandlaringizni qanday yaxshi ko‘rsangiz, bilingki, ular ham Sizni shunday hurmat qilishadi, e’zozlashadi, ularning Sizlarga bo‘lgan hurmati qalbining to‘rida joylashgan.
(Davomi bor)
Zarifboy IBODULLAYEV,
tibbiyot fanlari doktori,
professor