Hindiston o‘zbek yoshlari ijodida
Poytaxtimizdagi La’l Bahodur Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazida “Hindiston: O‘zbekiston yosh rassomlari nigohida” mavzusida an’anaviy ko‘rik-tanlov va ko‘rgazma o‘tkazildi.
Tadbir “O‘zbekiston-Hindiston” do‘stlik jamiyati, Hindistonning mamlakatimizdagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi.
“O‘zbekiston-Hindiston” do‘stlik jamiyati raisining o‘rinbosari Ortiqali Qozoqov, Hindiston madaniyat markazi direktori Radjesh Mehta va boshqalar O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasidagi hamkorlik madaniy-ma’rifiy sohada ham izchil rivojlanayotganini alohida ta’kidladi.
Ko‘rik-tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarni yanada rivojlantirish va kengaytirishdan iborat. Bir oy davom etgan tanlovga professional hamda havaskor musavvirlardan ellikdan ortiq tasviriy va amaliy san’at asari taqdim etildi.
Tanlovda birinchi o‘rin “Hayot shajarasi” mavzuidagi dekorativ kulolchilik ishlari uchun Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti talabasi Husnora Ilhomjonovaga berildi.
Tadbir davomida ijodiy asarlar ko‘rgazmasi va yosh ijodkorlarga O‘zbekiston xalq rassomi Ortiqali Qozoqovning mahorat darsi ham tashkil etildi.
N.NORBOBOYEV