Oyoqlaringiz uvishadimi?
Bu jiddiy kasallik alomati bo‘lishi mumkin
Ko‘pchilik insonlar uzoq muddat bir joyda turib yoki o‘tirib qolsa, oyoqlari uvishib, o‘zini noqulay his qiladi. Bu holat ta’siri ba’zilarda o‘rnidan qo‘zg‘alishi bilan yo‘qolsa, ayrim kishilarda uvishgan oyoqlar ma’lum vaqtdan keyingina o‘ziga keladi.
Xo‘sh, bu muammoning kelib chiqishiga qanday omillar sabab bo‘ladi?
Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ayni shu mavzuda malakali terapevt Hilola Abdullayevaga murojaat qildi.
– Oyoqlar uvishishi asosan katta va o‘rta yoshli insonlarda ko‘p uchraydi, – deydi shifokor. – Sababi bu davrda qon tomirlari devorida xolesterin miqdorining ortishi tufayli tanada qon aylanishi qiyinlashadi. Natijada oyoqlar tez-tez uvishib, uning sezgirligi yo‘qoladi va yengil sanchish, et jimirlashi kuzatiladi. Hatto ba’zilar bu holat ta’sirida biroz vaqt yura olmay qolishi mumkin.
Mazkur muammo tananing uzoq vaqt noqulay holatda qolishi, homiladorlik davri, kamharakatlilik yoki bir joyda o‘tirib ishlash va haddan tashqari noqulay hamda tor oyoq kiyim kiyish kabi bir necha zararsiz sabablar fonida rivojlanishi mumkin. Biroq aksariyat hollarda oyoq uvishishi tanada qaysidir kasallik rivojlanayotganidan darak beradi va ularning ro‘yxati anchagina keng.
Jumladan:
umurtqa pog‘onasi kasalliklari (orqa miya nervlarining siqilishi natijasida kelib chiqqan osteoxondroz, mushak to‘qimalarining spazmlarini keltirib chiqaradigan intervertebral churra);
tanada qon aylanishining buzilishi;
ateroskleroz;
yurak xastaliklari;
qandli diabet;
revmatoid artrit shular jumlasidan.
– Oyoqlar uvishgan payt tanada yana qanday salbiy o‘zgarishlar kuzatiladi?
– Eng avvalo, inson issiq yoki sovuq haroratni sezmay qoladi. Umurtqa pog‘onasi, ko‘krak qafasi va boshqa sohalarda qattiq og‘riqlar kuzatilishi mumkin.
Shuningdek:
– holsizlik;
– qadam bosishning buzilishi;
– oyoqlarda og‘irlik;
– kuchli bosh aylanishi va kuchli bosh og‘rig‘i;
– bo‘yin og‘rig‘i;
– qichishish;
– tez-tez peshob ajralishi;
– mushaklar spazmi;
– tundagi og‘riqlar oyoq uvishishi bilan birga kechadigan salbiy o‘zgarishlar hisoblanadi.
– Oyoq uvishishi qanday tashxislanadi?
– Bu holatga to‘g‘ri tashxis qo‘yish va eng samarali davolash usullarini tanlash uchun, avvalo, unga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlash lozim. Buning uchun bemor terapevt, nevropatolog kabi mutaxassislarga murojaat qilishi kerak.
Shuni yodda tutish lozimki, kasallikning asl sabablari aniqlanmaguniga qadar muolaja jarayonlarini boshlash mumkin emas.
Kasallikka to‘g‘ri tashxis qo‘yish uchun esa shifokor bemorga bir qancha instrumental tekshiruvlardan o‘tishni tavsiya etadi.
Xususan, umumiy qon tahlili, qon tomirlari doplerografiyasi, orqa miya rentgenogrammasi, magnit-rezonans tomografiya va ultratovush apparati (UTT) kabi diagnostika usullari shular jumlasidan.
– Oyoq uvishishi qanday davolanadi?
– Inson organizmi turlicha bo‘lgani bois davolanish jarayonlari ham har bir bemor uchun individual tarzda tanlanadi. Shu o‘rinda oyoq uvishishidan aziyat chekayotgan kishilarga faqat shifokor maslahatlari asosida muolaja olishlarini tavsiya qilaman. Sababi, kimdandir eshitib yoki ko‘rib davolanish keyinchalik yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Mazkur xastalik bemorning holatiga qarab dori-darmon, jismoniy mashqlar, fizioterapevtik muolajalar va muqobil tibbiyot usullari bilan muolaja qilinadi.
– Ushbu muammoning oldini olish uchun nimalarga e’tibor qaratish lozim?
– Bu juda oddiy: birinchi navbatda chekish, spirtli ichimliklar ichish kabi salbiy odatlardan voz kechish, to‘g‘ri ovqatlanish, og‘ir yuk ko‘tarmaslik, qulay poyabzal kiyish (baland poshnali oyoq kiyimlardan voz kechish yoki ularni kiyishni kamaytirish), har kuni bir vaqtda uxlash lozim.
Shuningdek, faol turmush tarziga rioya qilish, tana vaznini nazoratda ushlash, kasalliklarni erta aniqlash uchun yiliga bir necha marta to‘liq klinik tibbiy ko‘riklardan o‘tib turish zarur.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati