O‘smirlarda nega buyrak to‘satdan «qurib qoladi»?
Bizga ba’zida 12-15 yoshli o‘smirlar murojaat qiladi.
Ota-onalari farzandining rangi oqarib, holsizlanib, qon bosimi oshib ketganini, tibbiy muassasalarda kamqonlikdan davolanishganini aytishadi. Lekin davo choralaridan naf bo‘lmasdan, bolaning ahvoli og‘irlashib boradi va oxir-oqibat nefrolog shifokorga murojaat qilishadi.
Tekshirganimizda, ularda surunkali buyrak kasalligining so‘nggi bosqichi aniqlanadi.
Bu bosqichda shifokorga murojaat qilgan, ikkala buyraklari ham ishdan chiqib, nefrosklerozga uchragan bolalar hayotining eng faol va go‘zal davrida doimiy ravishda haftasiga uch marta to‘rt soatdan gemodializ muolajalarini olishga majbur.
Gap shundaki, glomerulonefrit va nefrotik sindrom kabi kasalliklar, shuningdek, boshqa bir qator nasliy nefrologik kasalliklarning belgilarsiz (simptomlarsiz) kechadigan turlari ham mavjud bo‘lib, ushbu kasalliklarning yagona belgisi peshob tahlilidagi ma’lum bir o‘zgarishlardir.
Ba’zi ota-onalar farzandida sog‘lig‘iga birorta shikoyat bo‘lmasa, shifokor qabuliga borishni lozim topishmaydi. Nefrologik kasalliklarni belgilarsiz shakllarini aniqlash uchun har yili bolalarni muntazam tibbiy ko‘riklardan o‘tkazib turish lozim.
Mazkur ko‘riklar nefrologik xastaliklarning belgisiz shakllariga tashxis qo‘yishga imkon yaratadi.
Bizga buyrak kasalliklarining so‘nggi bosqichida, ya’ni buyraklarini asrab qolib bo‘lmaydigan ahvolda shifoxonaga murojaat qilgan bemorlar bir necha yil oldin oddiy peshob tahlilini topshirishganda aksariyat holatlarda ularda buyrak yetishmovchiligi rivojlanishining oldini olishga imkon bo‘lardi. Bolada hech qanday shikoyat bo‘lmagani uchun ota-onalar ham farzandida birorta kasallik mavjud bo‘lishiga shubha qilmagan.
Shuning uchun ham bolalarni kamida bir yilda bir marta organizm barcha a’zo va tizimlarini tibbiy tekshiruvdan o‘tkazib olish muhimligini doim ta’kidlab kelamiz.
Komiljon HAMZAYEV,
tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent