Chaqaloq parvarishida nimalarga e’tibor berish kerak?
Bolaning sog‘lom bo‘lib voyaga yetishida uni parvarishlashga qay darajada e’tibor qaratish juda muhim ahamiyat kasb etadi. Quyida chaqaloq tug‘ilgach, ilk kunlarda nimalarga e’tibor qaratish haqida qisqa-qisqa va aniq ma’lumotlar bilan tanishishingiz mumkin.
Kindik qoldig‘i odatda tug‘ruqdan so‘ng 4-5 kun ichida tushib, ba’zi vaqtlarda 8-10 kunlarga ham cho‘zilishi mumkin. Agar kindik sohasida namlik bo‘lsa, 70 foizli spirt eritmasi tomizilib, sterillangan bint yordamida artiladi. Ayrim vaqtlarda chaqaloqning muntazam bezovta bo‘lib, yig‘lashi sababli ham kindikda shish kuzatiladi. Bordiyu chaqaloqning kindigi qoldig‘i 15 kun ichida ham ko‘chib tushmasa yoki soha atrofida qizarish, yallig‘lanishga o‘xshash belgilar kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat eting.
Yangi tug‘ilgan chaqaloqning bosh aylanasi me’yorda 34-36 santimetrni tashkil etib, hayotining ikkinchi oyida 36-37 santimetr atrofida bo‘ladi. Bir yoshga qadar esa bu ko‘rsatkich 46 santimetrga yetadi. Liqildoq chaqaloq boshining tepa qismidagi qotmagan soha, miya ustidagi qalin himoya qavati bo‘lib, me’yoriy holatda chillali chaqaloqlar uchun 26-28 mm, ikkinchi oydan boshlab 22-25 mm. atrofida bo‘lib, bir yoshgacha 8-10 mm.gacha kichrayib boradi. Bola boshidagi liqildoq taranglashib, shishgan bo‘lsa va u bezovtalansa, bosh miya bosimining oshgani taxmin qilinadi. Bu holatda albatta shifokor bilan maslahatlashish zarur.
Yangi tug‘ilgan chaqaloq hayotining birinchi 4 kuni davomida 10 foiz (200-300 gr atrofida) vazn yo‘qotishi normal holat hisoblanib, organizmning moslashuv jarayoni hisobiga amalga oshadi. Bola hayotining 6-8-kunlariga kelib, tana vaznini asta-sekin tiklab boradi.
Shifokorlar bolani har 1-1,5 soat oralig‘ida emizishni tavsiya etishadi. Bu vaqt oralig‘ining ona suti sifatiga ham ta’siri bo‘lib, bola uchun kerakli ozuqa to‘planadi. Emizishdan avval ko‘krak so‘rg‘ichlarini tozalab, so‘ngra bola og‘zig‘a tutqazish kerak. Agar emizgandan keyin go‘dak ko‘krakni qo‘yib yuborishni xohlamasa, tortib olmang. Burnini biroz qissangiz, og‘zini ochadi. Ona suti sifatli bo‘lishi uchun ayol taomnomasida foydali vitaminlarga boy mahsulotlar bo‘lishi kerak.
Chaqaloq kindigi hali tushmagan bo‘lsa, cho‘miltirishni biroz keyinga qoldirish darkor. Bu holatda chaqaloqning badanini iliq suvga shimdirilgan nam paxta bilan tozalash kifoya. Kindigi to‘liq tushgach esa 37-37,5 darajali iliq suvda cho‘miltirish mumkin. Bola terisida turli toshmalar toshishining oldini olish uchun suvga moychechak damlamasidan ozroq qo‘shish tavsiya etiladi. Sovuq kunlarda chaqaloqni 2-3 kunda bir marta 8-10 daqiqa davomida cho‘miltiriladi. Suvli muolajalardan so‘ng terisiga turli yog‘lar surtmang. Chunki tayyor yog‘lar teriga turlicha ta’sir etishi mumkin.
Chillali chaqaloq bir kunda 4-5 martagacha uxlashi mumkin. Bu uyqu vaqtlari avvaliga uzoqroq davom etib, so‘ng asta-sekin kamayib boradi. Bolaning tungi uyqusi osuda o‘tishi uchun uni kechga yaqin cho‘miltirish tavsiya etiladi. Bordiyu go‘dak uyqusida tartibsizlik yuzaga kelsa, kun boshidan emizish va uxlatish tartibini nazorat qiling.
Bola emib bo‘lgach, uni chayqatish, qorni bilan yotqizish mumkin emas. Tik ko‘targan holda biroz ushlab turing. Agar emizishdan so‘ng ozroq qayt qilsa, bu xavfli emas. Bola oshqozoniga ortiqcha bo‘lganini shu tariqa chiqarib tashlaydi. Chaqaloqlarda hazm qilish faoliyati hali yaxshi rivojlanmagani bois emib bo‘lgach, qayt qilishi mumkin. Biroq tez-tez va emizish vaqtidan tashqari ham qayt qilsa, shifokorga ko‘rsating.
Chaqaloqlar kuniga 3-4 martagacha aksirishi mumkin. Bu jarayon bola organizmi uchun normal holat bo‘lib, ortiqcha tashvishga asos emas. Ammo aksirish burundan shilimshiq suyuqlik kelishi bilan bo‘lsa, shamollash taxmin qilinib, bolalar shifokoriga ko‘rsatish lozim.
Shifokorlar chaqaloqni oyoq-qo‘llarini qattiq bog‘lab yo‘rgaklashni tavsiya etishmaydi. Ayniqsa, uyquga yotqizishda zichlab yo‘rgaklangan bolada qon aylanishi buzilishi mumkin. Shu bilan birga, oyoqlarini zichlab yo‘rgaklash tos-son suyaklari rivojiga ta’sir etadi. Bola tanasiga salbiy ta’sir etmaydigan, qulay va keng bichimli kiyimchalarni tanlasangiz, chaqaloq terisi ham «nafas» oladi, ham erkin harakatlanish imkoniyati bo‘ladi.
Og‘iz suti bilan oziqlanayotgan chaqaloqlarda birinchi uch kun davomida ich kelishi suyuqroq bo‘lib, rangi to‘q yashil yoki qoramtir bo‘ladi. 4-5-kunlarga kelib esa sariq, bo‘tqasimon tus oladi. Bolaning ovqatlangan zahoti ichi ketishi yoki qotishiga organizmdagi moslashuv jarayonlarining belgisi sifatida qaraladi. Biroq kun davomida 6-7 martagacha suyuq ich ketishi yoki bir necha kunlab qorin bo‘shanmasligi shifokorga murojaat etish uchun yetarli asosdir. Shifokorlar bolada qorin damlanmasligi va ich qotish kabi belgilar bo‘lmasligi uchun avvalo ona to‘g‘ri ovqatlanishi lozimligini ta’kidlashadi. Bola organizmi tashqi muhitga moslashib olguniga qadar taomnomangizdan ich qotiruvchi mahsulotlarni olib turganingiz ma’qul.
Birinchi va ikkinchi kunlari chaqaloq terisi qizarishi, 3-5-kunga kelib esa teri yuzasi ko‘chishi mumkin. Bu normal holat. Ammo yuz terisida tez-tez takrorlanuvchi turli xarakterdagi toshmalar ona iste’mol qilayotgan mahsulotlar tarkibi yoki bola terisining moslashuv holatiga bog‘liq. Bola terisida turli toshmalar yuzaga kelishining oldini olish uchun ham emizikli ayollarga parhezga rioya qilish tayinlanadi.
Chaqaloq hayotining ilk kunlarida tashqi muhitga endigina moslashayotgani hisobiga burun bitishi kuzatilishi mumkin. Bunday vaqtlarda paxtali cho‘pcha yordamida burun teshiklarini ohista tozalang. Har bir burun teshigi uchun alohida cho‘pcha ishlatish kerakligini unutmang. Burun bitishi 2-3 kunda ham o‘tib ketmasa, bolalar shifokori bilan maslahatlashib, kerakli tomchi dorilardan foydalanishingiz mumkin.
Ichak bilan bog‘liq muammolari bor go‘daklarda ko‘pincha og‘iz oqarishi kuzatilib, bu jarayon og‘iz bo‘shlig‘ining moslashuv holati bilan izohlanadi. Ammo ayrim vaqtlarda bunga og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavatiga infeksiya tushishi ham sabab bo‘ladi. Chaqalog‘ingizning og‘zi oqarganini sezsangiz, qaynatib ilitilgan suvga sterillangan bintni namlab, og‘iz bo‘shlig‘ini asta arting. Oqarish tez-tez takrorlanib, bolada bezovtalik, ishtaha pasayishi bilan kechsa, albatta shifokorga ko‘rining.
Chaqaloqlarda shamollash jarayoni o‘z-o‘zidan yuzaga kelmaydi. Odatda onada yoki oila a’zolarining birida shamollash kuzatilsa, bolaga ham yuqishi mumkin. Agar chaqaloqda burun oqishi, tumov, yo‘tal boshlansa, albatta shifokorga uchrab, ehtiyot choralarini ko‘ring.
Nilufar ABDULLAYEVA,
akusher-ginekolog