Tishlarga xos tashvishlar
Tishni qanday oqartiraman?
– Mana bir yarim yildirki tish oqartiruvchi pastalardan foydalanayapman, ammo tishimning sarg‘aygani ketmayapti. Balki pastalardan noto‘g‘ri foydalanayotgandirman?
A. QOBILOV,
Qashqadaryo viloyati
– Agar tish emalidagi sarg‘ish rang tabiiy bo‘lsa, oqartiruvchi tish pastalari samarador bo‘lmasligi mumkin. Ko‘pincha tishlar pigmentlangan zich karash natijasida qorayadi. Bunday holat chekuvchi kishilarda ko‘proq uchraydi. Bunday karashni o‘zingiz tozalay olmaysiz, sizga faqat tish shifokori yordam berishi mumkin. Tishning emal qatlami toza bo‘lsa-yu, tishning tabiiy rangi sizni qoniqtirmasa, ularni sun’iy oqartirish uchun stomatologga murojaat qilishingiz lozim. Tishlarni oqartirishning zamonaviy usuli ancha xavfsiz va samaralidir. Ammo unutmangki, mutaxassislar bilan oldindan maslahatlashmay turib, bunday ishga qo‘l urmang. Chunki har qanday malakasiz, o‘z bilganicha qilingan tadbirlarning o‘ziga xos xatarlari va xavfli jihatlari mavjud.
Implantat qo‘yish uslubi
– Men olingan tish o‘rniga protez tish qo‘ydirishim kerak. Biroq tishlarim juda mayda, shuning uchun shifokor tish qoplamasini to‘g‘ri, chiroyli, xavfsiz va qulay o‘rnatish juda qiyin kechishini aytdi. Nima qilsam bo‘ladi?
M.XOLIQOVA,
Namangan viloyati
– Bunday holatlarda tishni implantat qo‘ydirish usulidan foydalanib davolash mumkin. Protezlashtirishning bunday usulida jag‘ suyak to‘qimasiga tish ildizi vazifasini bajaruvchi implantat qo‘yiladi, so‘ng tish qoplamasi o‘rnini bosadigan moslamaga biriktiriladi. Davolash yakunida metalo keramik qoplama yordamida tishning anatomik shakli tiklanadi.
Bunday usulning afzalligi shundaki, bunda tish arralanmaydi yoxud tekislanmaydi. Bu usulda davolashga monelik qiluvchi ko‘rsatma uning uzoq vaqt davom etishi bilan bog‘liq. (Implantatning suyak to‘qimasiga birikib ketishi uchun yarim yil muddat kerak bo‘ladi, shundan so‘nggina davolashning boshqa bosqichlari bajariladi). Shuningdek, bunday xizmat turi ancha moliyaviy jihatdan qimmat turishini ham unutmaslik joiz.
Davolatilgan tish og‘riganda
– Tishlarimni shifokorda davolatganman. Ammo aynan davolatgan tishlarim og‘rib bezovta qilmoqda. Men nima qilmog‘im kerak?
K. TURG‘UNOV,
Samarqand viloyati
– Sovuq harorat ta’sirida tish og‘risa, demak tish ildizi, milklar, tishni o‘rab turuvchi to‘qimalarda surunkali yallig‘lanish jarayoni kechayotgan bo‘ladi. Vaziyatga rentgen tekshiruv aniqlik kiritadi. Tishda hosil bo‘lgan bo‘shliq sifatsiz to‘ldirilganda, suyak to‘qimasi va ildizlarda yallig‘lanish o‘chog‘i paydo bo‘lganda tishlarni qaytadan davolash lozim. Tishlarni davolashning shunday usullari ham borki, unda tishlarga zarar yetkazilmagan holda asoratlar davolanadi. Har qanday holatda ham davolangan tishlar mijozni bezovta qilmasligi zarur.
Milklarni davolash
– Mening milklarim qonab, og‘zimdan noxush hid keladi. Bu hol menga noqulayliklar keltiryapti. Bundan qutulishga imkoniyatim bormi?
Yo. MAMATQULOV,
Xorazm viloyati
– Sizda albatta imkoniyat bor. Muammoni hal qilish uchun sizga shifokor-paradontologning yordami zarur. Shifokor sizni to‘liq tekshiruvdan o‘tkazib, davo rejasini tuzadi. Rejaga og‘iz bo‘shlig‘ini malakali tarzda tozalash (tish toshlarini yo‘qotish), milk yallig‘lanishini davolash va umummustahkamlovchi davo muolajasi hamda vitaminli terapiya kabilar kiritiladi. Milk kasalligini albatta davolash lozim, aks holda, sog‘lom tishlar ham qimirlab qolib, asta-sekin to‘kilib ketishi mumkin.
Homila va tish dardlari
– Homilador ayol uchun tish og‘rig‘ini qoldiradigan qandaydir maxsus vositalar bormi?
R. INOMOVA,
Sirdaryo viloyati
– Eng avvalo, bo‘lajak ona og‘riq paydo bo‘lishini kutmasdan tishlarining salomatligi to‘g‘risida oldindan qayg‘urishi kerak. Homilador ayollarda tishlarni davolash, olish va muolajalar o‘tkazishning o‘ziga xos jihatlari mavjud. Dastlab homila muddati hisobga olinishi lozim. Ayol og‘iz bo‘shlig‘idagi surunkali mikroblar o‘chog‘i, ya’ni kariyesga duchor bo‘lgan tishlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri homila rivojiga va bola salomatligiga aks ta’sir ko‘rsatadi.
Agar ayol tish og‘rig‘ini sezsa, darhol shifokorga murojaat qilishi lozim. Dori vositasini bir marta qabul qilish hamisha ham salbiy ta’sir ko‘rsatavermaydi. Biroq tish og‘riganda og‘riq qoldiruvchi dorivorlarning xususiyatlaridan bexabar holatda, o‘z bilganicha qabul qilish qat’iyan ma’n etiladi. Og‘riqni qoldirishning samarali uslublarini mutaxassis shifokorgina barcha jihatlarni hisobga olib qo‘llashi mumkin. Zero, bugungi kunda homilador ayollarga zararli ta’sir etmaydigan maxsus dori-darmonlar ham talaygina.
Savollarga shifokor-stomatolog
Qurolbek MAMARAHIMOV javob berdi