Congress Hallda «Toshkent yoshlar forumi» start oldi

Congress Hallda «Toshkent yoshlar forumi – 2021» bo‘lib o‘tmoqda.
Toshkent shahar hokimligi tashabbusi bilan an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan ushbu forum yoshlarni xorijiy grantlarga jalb qilish, vazirliklar bilan muloqot, ijodkorlar bilan uchrashuvlar, badiiy chiqishlar, sahna ko‘rinishlari, konsert dasturlari bilan o‘tadi.

– Ushbu forum biz, intiluvchan hamda tashabbuskor yoshlarni birlashtiribgina qolmay, qalbimizda mamlakat hayotiga daxldorlik hissini shakllantirishi bilan bir qatorda, g‘oya va yangi tashabbuslarimizni ham qo‘llab-quvvatlashi bilan muhimdir, – deydi jahon tillari universiteti talabasi Shahlo Rasulova.

Aytish joizki, forum mobaynida yoshlar vazirlik va idoralar rahbarlari, olimlar, ekspertlar, san’at, madaniyat va sport namoyondalari, mediamakon vakillari bilan suhbat va savol-javoblar olib boradilar.
Forum ochilishida bosh vazir o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. Ishtirokchilar “ochiq mikrofon” yordamida o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Germaniya, Rossiya, AQSH, Shveysariya, Fransiya va Yaponiya elchixonalari vakillarining chiqishlari, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Hasanov bilan uchrashuv, yozuvchilar va san’atkorlar ishtirokida master-klaslar, “Abdulla Qodiriy” hujjatli-badiiy filmi namoyishi rejalashtirilgan.

Forumning rasmiy hamkori raqamli Bank Apelsin boshqaruv raisi Sergey Gimadiyevning “Yoshlarning moliyaviy savodxonligi va raqamli bankingda bandlik” mavzusidagi chiqishida yoshlar mablag‘larini tejash va ko‘paytirish, iqtisodiyotning jadal rivojlanayotgan tarmog‘ida ishga joylashish yo‘llarini o‘rganishadi.


Forumning ikkinchi kuni IIV va Milliy gvardiya xodimlari bilan ochiq muloqot, gender tenglik bilan bog‘liq masalalar muhokamasi va boshqa ko‘plab qiziqarli tadbirlar bilan davom etadi. Prezident ta’lim muassasalari Agentligi direktori Hilola Umarovaning yoshlar bilan uchrashuvi ham bo‘lib o‘tadi.

Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev, Bandlik va mehnat munosabatlari raisi Nozim Husanov, Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev, Yoshlar ishlari agentligi raisi Alisher Sa’dullayev bilan ham muloqotlar tashkil etiladi.

“Ayollar forumi” bo‘lib o‘tadigan zalda esa O‘zbekistonning taniqli va muvaffaqiyatlarga erishgan lider ayollari so‘zga chiqib, o‘z karyeralari haqida so‘zlab, qizlarga motivatsiya bag‘ishlashadi.
Spikerlar orasida Irina Matviyenko, Shahnoza Soatova, Aqida Xanum, Dilfuza Qurolova, Aziza Umarova so‘zga chiqadi. Xorijda o‘qish uchun grantlar dasturi ishga tushirilishi, tanlovlar o‘tkazilishi hamda “Toshkent yoshlarni sevadi” oyligi doirasida o‘tkazilgan tadbirlar g‘oliblari taqdirlanishi e’lon qilinib, Toshkent shahar hokimining talabalarga stipendiyalar topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tadi.

Yana o‘qing:  Poydevor mustahkam bo‘lsa...


Fransiyaning Le Sordon Bleu oshpazlik maktabida grant asosida o‘qish uchun nomzodlar saralanishi e’lon qilinadi. O‘quv dasturlari davomiyligi – 3-10 oy bo‘lib, tanlov asosida saralab olingan grant sohiblarining o‘qish, xalqaro aviaparvoz, o‘qish joyida turar joy va ovqatlanish xarajatlari qoplab beriladi.

Forum so‘ngida yoshlarning eng yaxshi yuzta taklifi dasturga kiritiladi va kelgusida ularni hayotga tatbiq qilish bo‘yicha birgalikda chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili yakuni arafasida o‘tadigan ushbu Forum o‘z navbatida mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar, ro‘y berayotgan o‘zgarish va yangilanishlarni muhokama qilish hamda kirib kelayotgan 2022 yilda hisobga olishini mumkin bo‘lgan qator yo‘nalishlarning rivojlanish istiqbollari va konseptual yechimlar haqida suhbatlashish uchun qulay fursat bo‘lishi, shubhasiz.

Maryam QODIROVA,
Amal SOLIYEVA.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: