Glaukoma qanday paydo bo‘ladi?

Inson ko‘z kasalliklariga uchramasligi uchun nima qilishi lozim? Ko‘zni asrab-avaylash bilan bog‘liq qanday maslahatlarga muhtojsiz? Biz gazetxonlarni shu haqda tibbiy ma’lumotga ega qilish maqsadida Toshkent shahar Uchtepa tuman «Vizoptiks» ko‘z shifoxonasining bosh vrachi, tibbiyot fanlari nomzodi, oftolmolog Ravshan MIRXOLIQOV bilan suhbatlashdik:

– Glaukoma kasalligi o‘zi nima?


– Glaukoma – surunkali rivojlanib boruvchi ko‘z kasalligidir. Glaukoma asosan ko‘z ichi bosimining ko‘tarilishi bilan namoyon bo‘ladi. Uni o‘z vaqtida davolanmasa, ko‘rish qobiliyatining tiklab bo‘lmaydigan darajada pasayishi, hattoki ko‘rlikka olib kelishi mumkin. Butun jahon miqyosida tiklab bo‘lmaydigan ko‘rlikning yetakchi sabablaridan biri ham glaukoma kasalligi hisoblanadi.

– Glaukoma nima sababli vujudga keladi?


– Insonlarda glaukoma kasalligining kelib chiqish sabablari hanuzgacha aniq topilmagan. Shu bilan birga, hozirgi kunda xastalikning paydo bo‘lib, rivojlanishiga olib keladigan bir qator omillar aniqlangan. Asosiy moyillik omillaridan biri bu insonning yoshidir.
Glaukoma ko‘proq 35-40 yoshdan oshgandan keyin uchraydi va yosh oshgan sari kasallikka moyillik ko‘payadi. Omillardan yana biri, bu yaqin karindoshlarda glaukoma kasalligining mavjudligidir. Yurak-qon tomir tizimi kasalliklari, arterial giper va gipotenziya, vegetativ tomirlar distoniyasi, migren va boshqalar ham glaukomaning kelib chiqishi va rivojlanishiga sabab bo‘la olishi mumkin.

– Glaukoma qanday belgilar bilan namoyon bo‘ladi?


– Afsuski, kasallikning boshlanishi va uning davom etishi ko‘pchilik hollarda sezilarsiz bo‘lib, bemorni hech nima bezovta qilmaydi. Bu bosqichda faqat oftalmologlar kasallikning boshlang‘ich alomatlarini ko‘zni chuqur tekshirish va ko‘z ichi bosimini o‘lchash yo‘li bilan aniqlash mumkin. Vaqt o‘tishi bilan kasallikning ayrim belgilari paydo bo‘lib, ular bemorni bezovta qila boshlaydi. Bunda eng muhimi ko‘rish maydonida ayrim nuqsonlarni paydo bo‘ladi.

Bu nimani anglatadi? Inson atrof muhitdagi bir ob’yektga qaraganda tasvirning ayrim qismlari tushib qolishini, ko‘rinmay qolishini kuzatish mumkin. Vaqt o‘tishi bilan nuqsonlar ko‘payib boradi, atrof muhitni yanada ko‘p qismi ko‘rinmaydigan bo‘ladi. Bu holat odamga nafaqat salbiy ta’sir ko‘rsatadi, balki turli holatlarda xavf ham tug‘diradi. Natijada, glaukoma kasalligi to‘liq ko‘rlikka olib kelishi mumkin.

– Nima uchun glaukomani davolash kerak?


– Yuqorida aytilganidek, glaukoma – surunkali rivojlanib boruvchi kasallikdir. Bu degani, kasallikni davolab borilmasa, uning belgilari og‘irlashib borib, u oqibatda to‘liq ko‘rlikka olib keladi. Erta olib borgan davo choralari glaukoma kasalligini to‘xtatishga, bemorni mehnat qobiliyatini va sifatli hayot tarzini saqlab qolishga yordam beradi.
Ta’kidlash lozimki, unga faqat shifokor-­oftalmolog tavsiyalarining qat’iy bajarilishi va davolanishni uzviy ta’minlash asosidagina erishish mumkin.

– Glaukomani qanday davolash mumkin?


– Glaukomani davolash uchun asosiy uchta usul mavjud: dori-darmon vositalari (ko‘z tomchi dorilari) bilan, lazer bilan va jarrohlik amaliyoti bilan davolash. Bunda shifokor har bir bemorni individual holatdan kelib chiqqan holda va bir qator omillarga tayanib davolashning eng optimal yo‘llarini va dori vositalarni tanlab berishi mumkin. Eng yaxshi natijalarga erishish uchun mutaxassis tavsiyalarini aniq bajarish zarur.
O‘z-o‘zini davolash hollari mutlaq bo‘lishi mumkin emas! Unutmaslik kerakki, hech bir alternativ dori-darmonsiz davolanish, shuning­dek, parhez tutish, badantarbiya mashg‘ulotlari va oziq-ovqatga qo‘shimchalar kiritish, oftalmolog tomonidan belgilangan davolash o‘rnini bosa olmaydi.
Ko‘z ichki bosimini pasaytiruvchi tomchilarni buyurish glaukomani davolashning bosh­lang‘ich usulidir. Agar oftalmolog ko‘z tomchilarini tavsiya etgan bo‘lsa, ularni doimiy ravishda to‘xtatmay uzluksiz tomizib turish zarur. Har bir o‘zboshimchalik ko‘rish qobiliyatini tiklanmaydigan yomonlashuviga olib kelishi mumkin.
Agar dori vositalari yordamida kerakli samaraga erishilmasa, lazer bilan davolanish tavsiya etiladi. Lazer bilan davolash ambulator sharoitida olib boriladi va amaliyot jarayoni bir necha daqiqani tashkil etadi. Ayrim holatlarda lazer bilan davolash orqali kerakli natijaga erishish imkoni bo‘lmaydi. Yuqoridagi davolash usullari yordam bermaganda va kasallikning avj olishini to‘xtatish maqsadida jarrohlik amaliyoti tavsiya etiladi.

– Glaukomani muvaffaqiyatli davolash mezonlari qanday?


– Glaukoma surunkali rivojlanib boruvchi kasallik bo‘lganligi sababli uni tibbiyot rivojlanishining shu kungacha bosqichida to‘liq davolash usuli ma’lum emas. Hozirgi paytda kasallik belgilari rivojlanishini to‘xtatish muvaffakiyatli davolash deb hisob­lanadi. Uning asosiy ko‘rsatkichlari – bu ko‘z ichi bosimining me’yorida bo‘lishi va ko‘rish maydonidagi nuqsonlarning ko‘paymasligidir. Glaukoma kasalligi uning erta bosqichlarida insonning odatdagi turmush tarzini chegaralab qo‘ymasligi mumkin, biroq bemorlar quyidagi qoidalarga rioya qilishi zarur.

Yana o‘qing:  Olimlar qo‘rquvga qarshi dori o‘ylab topishdi

Oftolmolog-shifokor maslahati:
► Sizning umumiy sog‘lig‘ingiz holatidan kelib chiqib, mehnat faoliyatini davom ettirish mumkin, biroq me’yordagi uyqu hamda o‘z vaqtida hordiq chiqarish muhimdir.
► Ishlash yoki o‘qish jarayonida chiroq chap tomonda joylashgan bo‘lib, yorug‘lik yetarli darajada bo‘lishi kerak. Har bir soat ichida 10-15 daqiqa tanaffus qilish lozim.
► Ko‘zlar uchun tavsiya etiladigan gimnastika juda muhim bo‘lib, devor yuzasida faraz etilgan doirada ko‘zni bir tomon va teskariga harakatlantirish zarur.
► O‘zingizning umumiy holatingizni diqqat bilan kuzating. Yurak va o‘pka kasalligining xuruji, qandli diabet, bosh miya qon tomirlari aterosklerozi, jigar xastaliklari ko‘ruv a’zolariga salbiy ta’sir etishi mumkin.
► Bo‘yin egilgan holatda yoki gavda qiyali egilgan sharoitda uzoq muddatda bo‘lish tavsiya etilmaydi.
► Chekishdan voz keching!
► Spirtli ichimliklarni me’yordan ortiq iste’mol qilish mumkin emas.
►Quyosh yorug‘ligida quyoshdan saqlaydigan ko‘zoynaksiz uzoq muddat bo‘lish maqsadga muvofiq emas.
► Tunda tinch uxlash juda muhim. Yotishdan oldin xona shamollatilishi, kechqurun toza havoda sayr qilish tavsiya etiladi.
► Glaukomada alohida parhez tutish shart emas, ammo ratsional ovqatlanish kerak. Tarkibida beta-karotin, vitamin A (sabzi, chernika, petrushka va h.k.) bo‘lgan masalliqlarni ishlatish hamda V guruh vitaminlarni iste’mol qilish tavsiya etiladi.
► Oftalmolog ko‘rigidan uch – olti oyda kamida bir marta o‘tish lozim.
► Uzoq muddatga uydan chiqib ketilganda ko‘z tomchilarini o‘zingiz bilan olishni unutmang!

Mayram QODIROVA suhbatlashdi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: