Endoskopiya turlari va bemorlar uchun foydali ko‘rsatmalar

Me’da-ichak yo‘li a’zolari – qizilo‘ngach, me’da va o‘n ikki barmoq va yo‘g‘on ichaklarni maxsus yoritish tizimi – optik asbob yordamida tekshirish usuli bugungi kunda keng qo‘llanilmoqda. Endoskopiya yordamida nafaqat kasalliklarni tashxislash, balki kichik davo muolajalarini ham o‘tkazish mumkin.

Tola optikasiga asoslangan fibroyendoskop va tugal qismiga kichik hajmdagi chip o‘rnatilgan zamonaviy tolasiz videoendoskoplar yordamida tekshiruvlar qisqa fursatda va samarali o‘tkazilmoqda. Aholi orasida «zond», «shlang», «yapon zondi» nomlari bilan mashhur bo‘lgan endoskopning tugal qismi aylanasi hajmi 9,8 va 7 hatto 5 mm bo‘lib, bu muolajaning kam noqulayliklar bilan o‘tishini ta’minlaydi. Endoskopik tekshiruvda asosan shilliq va shilliqosti pardadagi quyidagi o‘zgarishlar ko‘p aniqlanadi: yara va uning asoratlari, eroziyalar, chandiqlar, qizilo‘ngach va me’da venalarining kengayishi, safroning quyilishi, xavfsiz-xavfli o‘smalar va ularning darajalari, yot jismlar, ayrim ozuqa chiqitlari (soch, qora saqich, xurmo po‘sti, dafna bargi singarilar) to‘planib qolishi, yallig‘lanish belgilari, ichki churra va bo‘rtma-divertikul, ­a’zo bo‘shlig‘i torayishi yoki kengayishi va hokazo.
Me’da-ichak yo‘li yuqori qism a’zolarini endoskopiya qildirishga boradigan kishilar quyidagilarni bilishi lozim:
– muolajadan 1 kun oldin kechki ovqat yengilroq bo‘lishi lozim. Ovqati yaxshi hazm bo‘lmaydigan va qayt qiladigan kishilar, yaxshisi, 1 kun oldin kuyuq ovqat umuman yemaganlari ma’qul;

– muolajadan bir kun oldin yaxshi dam oling: vaqtida uxlang, asabiylashmaslikka harakat qiling;

– muolaja kuni nonushta qilmang (shu bois ertalab o‘tkaziladi);
– o‘zingiz bilan toza sochiq olib boring;
– muolaja davomida bo‘yinni siqib turadigan bo‘yinbog‘, sharf, ro‘mol, shuningdek, belbog‘, tasmani bo‘shating. Agar tish protezi bo‘lsa, olib qo‘ying;
– mabodo ayrim dorilarga allergik reaksiyangiz bo‘lsa, shifokorni ogohlantiring;
– muolaja davomida shifokor ko‘rsatmalariga qat’iy amal qiling, shunda tekshiruv ham qisqa fursatda, ham kam noxushliklar bilan o‘tadi;
– muolajadan so‘ng ozgina muddat dam oling. Sepilgan og‘riqsizlantiruvchi dorining ta’siri o‘tgandan (taxminan 20-25 daqiqa) so‘ng ovqatlansangiz bo‘ladi;
– mabodo endoskopiya davomida shilliq pardadan gitsologik tekshiruvlar uchun bioptat-namunalar olinsa, 2 soat ovqatlanmang. Keyin esa iliq yoki sovuqroq taomlarni iste’mol qilishdan boshlang. Gitsologik tekshiruvga olingan namunalarni boshqa muassasaga olib borish lozim bo‘lsa, kechiktirmang;

– endoskopiya tekshiruv xulosasining tasviri va diskka yozuvi ilova qilingan bo‘lsa, ularni ham davolovchi shifokorga ko‘rsatgandan so‘ng yo‘qotmasdan, saqlab qo‘ying;

– ayrim kasalliklarni davolagandan so‘ng yoki ma’lum vaqt o‘tgach takroran nazorat endoskopiya qilinishga to‘g‘ri keladi. Birlamchi tekshiruvdagi aytilgan qayta tekshiruv muddati kelganda, kechiktirmay vaqtida boring.
Yo‘g‘on ichak yoki uning ayrim qismlarini endoskopik tekshiruvga borishdan oldin esa yuqoridagilarga qo‘shimcha ravishda 2-3 kun chiqitsiz parhez qilish (o‘simlik – qoldiq to‘qimaga boy oziq-ovqatlarni kundalik taomnomadan vaqtinchaga chiqarish), ayrim surgi dorilarni ichish va bir necha marotaba tozalovchi ho‘qnalar qilish lozim. Tekshiruvga tayyorgarlik shifokor tomonidan buyuriladi.
Shuni ta’kidlash joizki, ayrim yurtdoshlarimiz me’da-ichak yo‘li a’zolari endoskopiyasi og‘izdan yutish orqali amalga oshirilgani uchun qiyin muolaja sifatida qarab, vaqtida tekshirishga bormaydilar. Oqibatda qimmatli vaqt qo‘ldan boy berilib, bu yara kasalligining asoratlanishi va saraton kasalligida kech tashxis qo‘yishga sabab bo‘ladi. Yuqorida aytilganidek, zamonaviy fibroendoskop­lar muolajani kam noxushliklar bilan o‘tishiga sabab bo‘lmoqda. Shunday ekan, shifokor tomonidan tavsiya etilgan endoskopiya tibbiy tekshiruvini vaqtida o‘tkazing.

Yana o‘qing:  “O‘g‘lim duduqlanayapti, til tagini kestirsakmikan?”

Endoskopiya turlari


Ezofagoskopiya – qizilo‘ngachni, ezofagogatsros­kopiya – qizilo‘ngach va me’dani, ezofagogatsroduodenoskopiya – qizilo‘ngach, me’da va o‘n ikki barmoq ichakni, rektosigmoidoskopiya – to‘g‘ri va sigmasimon ichak, kolonoskopiya – yo‘g‘on ichak qismlarini (pastga tushuvchi va ko‘tariluvchi qismlar, ko‘ndalang chambar ichak, ko‘richak) ichidan turib ko‘radi.

Mubashshir QOSIMOV,

gatsroyenterolog

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: