BOKS BO‘YICHA JAHON CHEMPIONATI
Bokschilarimiz Jahon chempionatiga jo‘nab ketishi oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumani taassurotlarga boy holda o‘tdi.
Ma’lumki, 25 oktyabr – 6 noyabr kunlari Serbiyaning Belgrad shahrida boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasida navbatdagi Jahon chempionati o‘tkaziladi.
Musobaqada turli davlatlardan 650 nafar charm qo‘lqop ustalari ishtirok etadilar. Jumladan, O‘zbekistonlik bokschilar ham sovrinli o‘rinlar uchun kurashadilar.
Poytaxtimizda 21 oktyabr kuni “Orient Finance Bank” bosh ofisi anjumanlar zalida o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston boks federasiyasi bosh kotibi Murodjon Mamadaliyev, terma jamoa bosh murabbiysi Marat Qurbonov, Kuba boks federasiyasi prezidenti Albero Puig, Kuba terma jamoasi bosh murabbiysi Rolando Asebal hamda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari, kubalik bokschilar, Jahon chempionatiga boradigan murabbiylar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi. Ta’kidlash lozimki, jahon chempionatida ilk marotaba sovrindor bokschilarimiz uchun pul mukofotlari beriladi. Chempionatda oltin medalni qo‘lga kiritgan bokschi 100 ming, kumush medal egasi 50 ming hamda bronza medali medali uchun 25 ming AQSH dollar miqdoridagi pul mukofotiga ega bo‘lishadi.
Yurtimizda tashkil etilgan qo‘shma o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘iniga Kuba terma jamoasi 4 nafar Olimpiya chempioni bilan tashrif buyurdi. To‘qqiz kunlik mashg‘ulotda Kuba boksining o‘ziga xos metodikasi, uslubi bilan yaqindan tanishilib, o‘zaro tajriba almashindi. Vakillarimiz Serbiyada o‘tadigan Jahon chempionatiga tayyorgarlikning so‘nggi bosqichini Toshkent viloyatidagi «Yangiobod» bazasida Kuba terma jamoasi bilan birga olib bordi.
Jahon chempionatida hamyurtimiz Aleksandr Hamidov referi sifatida faoliyat ko‘rsatadi.
Kuba terma jamoasi bosh murabbiyi Rolando Asebal shunday ta’kidladi:
– Bo‘lajak musobaqada umumjamoa hisobida g‘oliblik uchun asosan to‘rtta terma jamoa kurash olib boradi va shular qatorida albatta Kuba va O‘zbekiston bo‘lishiga ishonaman.
Vakillarimiz ertaga Serbiyaga jo‘nab ketishadi.
Terma jamoamiz 22-oktyabr kuni jahon chempionatiga yo‘l olsa, 7-8 noyabr kunlari g‘alaba bilan jonajon yurtga qaytishlari shubhasiz.
Maryam AHMEDOVA,
Amal SOLIYEVA.