Kuz mavsumi bolalar sog‘lig‘iga qay darajada ta’sir ko‘rsatadi?
Kuz – pishiqchilik mavsumi, o‘zgarishlar fasli. Uning tabiatiga monand ob-havo ham tobora salqinlashib boraveradi. Shu bois shifokorlar mazkur faslda salomatlikka ko‘proq e’tiborli bo‘lishni tavsiya etishadi. Xo‘sh, aniq misol bilan gapiradigan bo‘lsak, kuzgi mavsumda organizm qanday o‘zgarishlarga yuz tutadi? Bolalarda-chi? Kuzgi iqlim ular sog‘lig‘iga qay darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkin?
Ma’lumki, kuz bola organizmini bir qur sinovdan o‘tkazib oluvchi fasl. Kichkintoyning yoz bo‘yi nechog‘li chiniqqani, immun tizimi qay holatda ekani shu mavsumda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ob-havoning goh issiq, goh salqin bo‘lishi immuniteti sust bolada ayrim turdagi surunkali kasalliklar rivojlanishiga turtki bo‘lishi mumkin. Tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, sentyabr oyidan e’tiboran, bolalar orasida shamollash, gripp, angina, tomoq yallig‘lanishi, nafas yo‘llari xastaliklari, A gepatiti nisbatan ko‘proq kuzatiladi.
Ta’kidlashga hojat yo‘q, har qanday kasallikning oldini olish uni davolashdan ko‘ra anchayin oson. Shu bois ota-onalar bolalarni virusli gepatit A hamda gripp viruslariga qarshi emlatish kerakligini unutmasliklari lozim. Emlangan bola o‘zi ham kasallanmaydi, guruhdoshlariga ham virus yuqtirmaydi.
Maktabgacha ta’lim muassasalarida esa bolaning emlangan yoki emlanmaganini hisobga olishdan tashqari, har kuni ertalab kichkintoylarni qabul qilib olayotganda ularning umumiy holati bilan qiziqishi, tana haroratini o‘lchashi, til va ko‘z ichini diqqat bilan tekshirishi zarur. Kun davomida guruhlarga birma-bir kirilib, injiqlanayotgan, yig‘lab bezovtalanayotgan yoki hech nimaga qiziqmay o‘tirgan bolalar qaytadan tekshirib ko‘riladi. Agar bolaning tana harorati ko‘tarilgan, tomog‘i qizargan bo‘lsa, u darhol boshqa bolalardan ajratilib, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatiladi va ota-onasiga xabar beriladi.
Homiladorlik, tug‘ruq davri asoratlari sabab ba’zi bolalarda boshning ichki bosimi oshgan bo‘ladi. Ular doimo nazoratda bo‘lishi kerak. Bunday bolalar bor guruhga bir kunda 3-4 marotaba kirib, ularning sog‘lig‘idan xabar olib turish lozim. Ushbu xastalikda kichkintoy bosh og‘rig‘idan qiynaladi. Buni kattalardek tushuntirib bera olmagani bois hadeb injiqlanadi. Uning yig‘isiga qarab, buni payqab olish mumkin. Masalan, bolakay boshini orqaga tashlab yig‘lasa, ishtahasi past bo‘lsa, uni o‘z vaqtida pediatr va bolalar nevropatologi ko‘rigiga olib borish kerak.
Bog‘cha va uy sharoitida boshning ichki bosimi oshgan bolalarga alohida e’tibor qaratish zarur: tebratuvchi attraksionlarda uchish, shovqin yerda bo‘lish, uzoq vaqt baqirib yig‘lash aslo mumkin emas. Ular sokin va osoyishta muhitda parvarish qilinishi, vaqtida ovqatlanib, me’yorida uxlashi lozim. Bu, tabiiyki, bog‘cha hamshirasi va u bilan hamkorlikda ishlaydigan tarbiyachi hamda enagadan katta mas’uliyat talab qiladi.
Maktab o‘quvchilari sentyabr oyini intiqib kutishadi! Yangi o‘quv yili, yangi o‘quv qurollari, yangi sinf… Sog‘ tanda – sog‘lom aql, deganlaridek, bolaning ta’lim olishi, fanlarni puxta o‘zlashtirishi, eng avvalo, uning salomatligiga bog‘liq.
Kuzatuvlar shuni ko‘rsatmoqdaki, umurtqa pog‘onasining qiyshayishi bilan kechuvchi orttirilgan skolioz kasalligi, asosan, bog‘cha va maktab yoshida rivojlanadi. Bola faol o‘sadigan davrda umurtqani tutib turuvchi bog‘lam-mushaklar zaiflashadi. Bu paytda qomatni noto‘g‘ri tutish, yotib olib kitob o‘qish, partada engashib o‘tirish, maktab sumkasini yelkaning bir tomoniga osib yurish, o‘ta yumshoq to‘shakda uxlash kabi omillar bola qaddi-qomatining noto‘g‘ri shakllanishiga, umurtqa pog‘onasi qiyshayishiga olib kelar ekan.
Skolioz rivojlanishining oldini olish uchun maktab hamshirasi o‘quvchilarning partada o‘tirishiga diqqat bilan nazar solishi lozim. Ularning maktabga kelishi va ketishi mahal sumkani qanday ko‘tarayotganiga qarab, kasallikni erta bosqichda aniqlash mumkin. Umurtqa pog‘onasiga tushgan og‘irlikni teng taqsimlash uchun ikki yelkaga osiladigan papka tutgan ma’qul.
Partada to‘g‘ri o‘tirish qoidalariga ko‘ra, bolaning ko‘ksi partaga tegib turmasligi, qo‘llari ko‘kragidan pastroqda turishi, parta balandligi va o‘rindig‘i bolaning bo‘yiga mos, ikkala qo‘li kitob ustida turishi lozim. Kitob yoki daftar ko‘zdan kamida 35 santimetr uzoqlikda bo‘lgani ma’qul.
Kuzgi ob-havo qator mavsumiy xastaliklar rivojlanishiga ham sabab bo‘ladi. Havo haroratining pasayishi ilgari bronxit, loringit kabi kasalliklarga chalingan, immuniteti sust bolalarda xastalik qaytalanishiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, kuzda yengil shamol ko‘tarilishi oqibatida daraxt va gul changlari havoga ko‘tarilgani bois allergiyaga moyilligi bor bolalarda allergik reaksiyalar yuzaga kelishi mumkin.
O‘quvchilarda shu singari holatlar yuz bermasligi uchun, avvalo, ularning taomnomasi va kun tartibini nazorat qilish kerak. Allergik moyillik darajasi kamayishi va immunitet yaxshilanishida oziq-ovqat mahsulotlarining o‘rni katta. Maktab ma’muriyati hamshirasi va shifokori ota-onalar hamda maktab oshpaziga o‘quvchilar uchun tayyorlanadigan taomlar haqida batafsil ma’lumot berishi, ovqatga ta’m, hid va rang beruvchi sun’iy qo‘shimchalar qo‘shish allergik moyillikni kuchaytirishi xususida aytishi kerak. Zero, bularning bari farzandlarimizni mavsumiy kasalliklardan himoyalab, ularning o‘z vaqtida o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashi va puxta bilim olishini ta’minlaydi.
Durdona MUROTALIYEVA,
Toshkent tibbiyot akademiyasi talabasi